O’tgan oy Somali parlamenti dengiz va havoda xavfsizlikni ta’minlash hamda mamlakat harbiy flotini shakllantirish bo’yicha Turkiya bilan kelishuvni ratifikatsiya qildi. Bu Anqaraning Afrikadagi ta’sirini oshiradi.
Yil boshida Afrika liderlarini qabul qilgan Italiya bosh vaziri Jorja Meloni qit’ada mamlakat ta’sir doirasini oshirishga zamin yaratadigan rejalarini e’lon qilgan.
Ekspertlar nazdida, Turkiya va Italiya umumiy manfaatlar yo’lida hamkorlikka tayyor.
“Italiya so’nggi o’n yilliklarda G’arb mamlakatlari Afrikada yo’qotgan o’rinni egallashga intilmoqda. Turkiya esa allaqachon Afrikada o’z ta’sir doirasiga ega. Murosa yoki ziddiyatlar migratsiya, energetika va iqtisodiy taraqqiyot bilan bog’liq bo’ladi”, - deydi ekspert Alessiya Chiriatti.
Meloni Turkiya rahbari bilan yanvar oyida ko’rishgan. Tomonlarning Afrikaga doir muhokamalari Turkiya o’z harbiy bazasi va nufuziga ega Liviyada hamkorlik qilish mavzusida kechgan. Aynan Liviya Italiya orqali Yevropaga intilayotgan migrantlar uchun asosiy tranzit marshruti.
“Afrika muhojirlarining Yevropaga migratsiya uchun G’arbiy Afrika hududlaridan tranzit makoni sifatida foydalanishi Italiya va Fransiya uchun jiddiy muammo. Shunday ekan, noqonuniy migratsiyani to’xtatish va xavfsizlik yo’nalishida hamkorlikka ehtiyoj bor”, - deydi turkiyalik ekspert Eylem Eyrije Tepejiko'g'lu.
Liviyaning yirik energetik zaxiralaridan foydalanish imkoniyati Anqara va Rim uchun o’zaro manfaatdor mavzu.
Tahlilchilarga ko’ra, Niger, Mali va Gabonda Fransiyaga xayrixoh hukumatlarning ag’darilgani hamda Fransiya kuchlarining mintaqadan olib chiqib ketilgani Parijning Afrikadagi azaliy siyosiy va iqtisodiy ta’sirini zaifladi. Bu Italiya va Turkiya uchun qulay fursat.
“Turkiya boshqa mamlakatlar, xususan, Yevropa bilan ham hamkorlikka tayyor. Turk kompaniyalari investitsiyani oshirish, yirik loyihalar uchun yangi bitimlar tuzishga shay. Afrikaga esa infrastruktura kerak. Butun qit’a energetik taqchillik va infrastruktura yetishmasligidan aziyat chekmoqda”, - deydi Tepejiko'g'lu.
Rim va Anqara Afrikada yirik o’yinchilar, xususan, Xitoy kabi moliyaviy qudratga ega emas. Biroq muayyan sohalarda ustunlikka ega Turkiya va Italiya qit’a bo’ylab ta’sir doirasini oshirish yo’lida yaqindan hamkorlik qilish payida.