Xo‘jand shahrida faoliyat qiladigan AQSh va Rossiya madaniy markazlariga har hafta yuzlab yoshlar tashrif buyuradi. Ularning aksariyati ingliz yoki rus tilini o‘rganib, bu davlatlarga safar qilishni, u yerda o‘qib, malaka oshirish yoki ishlashni istaydi. Bu yoshlar fikricha, jahon geosiyosatida kuzatilayotgan ziddiyatlar ularning bilim olishiga ta’sir qilmasligi kerak. Ular o‘rta va keksa yoshlilardan farqli ravishda Rossiya siyosatini quvvatlamaydi, balki qutblashishdan xoli erkin hayot kechirishni xohlaydi.