Breaking News

Moskvadagi xurujda gumon qilinayotgan 4 kishi 22-maygacha hibsxonada qoladi


O’tgan hafta Moskva shahridagi “Krokus” konsert zalida ro’y bergan terror xurujida o’lganlar soni 144 taga yetdi, 97 kishi hamon kasalxonada.

Xalqaro hayot - 25-mart, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:15 0:00

Yakshanba kuni Rossiyada motam bo’ldi.

Moskva sudi odamlarni sovuqqonlik bilan o’ldirish gumoni bilan ushlangan tojikistonlik to’rt kishini 22-maygacha hibsxonada saqlashni buyurdi.

Tergovchilar terrorchilar Bryansk viloyati o’rmonida Ukraina tomon qochish harakatida ushlanganini da’vo qilarkan, bu ishga Kiyev aralashganiga ishora qilmoqda.

Biroq G’arb davlatlari “Islomiy davlat” jihodchi guruhi xurujni o’z bo’yniga olganini aytib, Ukrainaning bu ishga aloqasi yo’qligini bildirmoqda.

“Yo’q. Bunga hech qanday dalil yo’q. Bizning bilishimizcha, bu ish ortida Xuroson Daishi turibdi”, - dedi AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris.

Ukrainaning o’zi ham xurujda qo’li borligi haqidagi da’volarni inkor etdi.

Prezident Vladimir Zelenskiy Putinni ablah deb atab, boshqalar sodir etgan xuruj uchun Ukrainani ayblamoqchi ekanini, Rossiya Ukrainadagi urush bilan band bo’lmaganida xurujning oldini olishi mumkinligini aytdi.

Daishning “Xuroson viloyatidagi Islomiy davlat” deb nomlanuvchi Afg’onistonda joylashgan filiali shanba kuni bayonot chiqarib, xuruj uning ishi ekanini tan olgan. Biroq rus matbuoti va rasmiylari bunga ishonmayapti, AQShning mart boshida Rossiyada terror xuruji bo’lishi haqidagi ogohlantirishlarini eslatib, xuruj ortida G’arb razvedkasi turganini taxmin qilishmoqda.

Prezident Vladimir Putin xurujga aloqadorlar jazolanishini va’da qildi. Ayrim qonunchilar mamlakatda o’lim jazosini tiklashga, migrantlarning Rossiyaga kirishini cheklashga chaqirmoqda.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov o’lim jazosiga moratoriyni bekor qilish mavzusi yuqori doiralarda muhokama qilinmayotganini bildirdi.

Daish qo’lga olingan a’zolari zulmga uchrasa, Rossiyada yangi xurujlar bo’lishi haqida bugun ogohlantirdi.

Yevropa Ittifoqi Rossiya hukumatini Moskvadagi xurujdan Ukrainaga hujumlarni kuchaytirishda bahona sifatida foydalanmaslikka chaqirmoqda.

"Bu hujumlarga Ukraina aloqadorligi haqida hech qanday ishora yoki dalil yo’q”, - deydi Yevropa Komissiyasining so’zlovchisi Piter Stano.

Shunga qaramay bugun Rossiya harbiy-havo kuchlari so’nggi besh kunda Kiyevga uchinchi bor raketalar bilan zarba berdi. Telegramdagi ayrim resurslar Ukraina xavfsizlik xizmatiga aloqador idora hamda AQShning “Patriot” havo mudofaasi tizimlari nishonga olinganini bildirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG