Breaking News

"IShID-Xuroson" o'z ta'sir doirasini kengaytirmoqdami?


Rossiyadagi konsert zalida sodir bo‘lgan xunrezlik nafaqat “Islomiy davlat-Xuroson” guruhi o‘z mintaqasidan tashqarida ham murakkab hujumlarni amalga oshirish salohiyatiga ega ekanini, balki Tolibon va mintaqa davlatlari uning tahdidlariga qarshi tura olmasligini ham ko‘rsatadi, deydi ekspertlar.

"Islomiy davlat" guruhi Moskva yaqinidagi musiqa saroyiga uyushtirilgan hujumni o'z zimmasiga oldi. Hujum oqibatida 143 kishi halok bo'ldi va 180 dan ortiq kishi jarohatlandi. Garchi javobgarlikni "IShID-Xuroson" emas, asosiy "IShID" guruhi o'z zimmasiga olgan bo'lsa-da, AQSh rasmiylarining aytishicha, qatliom ortida "IShID-Xuroson" turibdi.

Tolibon Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Abdul Qahar Balxiy hujumni "keskin so'zlar bilan" qoralab, uni "barcha insoniy me'yorlarni ochiqdan-ochiq buzish" deb ta'rifladi.

"Mintaqa davlatlari mintaqaviy beqarorlikka yo'naltirilgan bunday hodisalarga qarshi muvofiqlashtirilgan, aniq va qat'iy pozitsiyani egallashlari kerak", - dedi Balxiy juma kuni ilgari “Twitter” nomi bilan tanilgan “X” tarmog’ida.

Ijtimoiy media platformalarida chop etilgan va dushanba kuni jurnalistlarga yuborilgan 30 sahifalik bayonotida "Islomiy davlat" hujumni olqishlab, Tolibonni AQSh, Rossiya, Xitoy va boshqa davlatlar bilan aloqa o'rnatishga intilayotgani uchun masxara qildi.

Afg‘onistonning Rossiyadagi elchisi sobiq o‘rinbosari Humoyun Mohtaat “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, bu hujum IShID “katta talofatlar keltirishi mumkin bo‘lgan murakkab hujumlar uyushtirish” qobiliyatiga ega ekanligini ko’rsatadi.

Mohtaatga ko’ra, “IShID-Xuroson” o'z faoliyatini mintaqa ichida va undan tashqarida kengaytira olgan.

“Afgʻoniston oʻzining geosiyosiy joylashuvi tufayli Daish uchun operatsion platformaga aylangan, - deydi u. - Bu guruhga oʻz faoliyatini Markaziy Osiyo davlatlari va undan tashqarida, Rossiyada kengaytirish imkonini berdi”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tolibonning IShID-Xurosonga qarshi kurashga “na irodasi va na resurslari bor”.

Biroq Tolibon Afg'onistondagi IShID bo'limiga qarshi muvaffaqiyat qozonganini da'vo qilmoqda.

Tolibon mudofaa vaziri Muhammad Yoqub Mujohid dekabr oyida Kobulda o‘tkazgan matbuot anjumanida IShID-Xurosonga qarshi amaliyotlar tufayli guruh hujumlari soni 90 foizga kamayganini aytgan edi.

Lekin yanvar oyida e'lon qilingan BMT hisobotida aytilishicha, IShID-Xuroson "Afg'oniston va mintaqa uchun katta xavf tug'dirishda davom etmoqda".

2023-yil iyun oyida e‘lon qilingan boshqa hisobotda BMT “Xuroson” jangarilari va ularning oilalari soni 4000 dan 6000 gacha ekanini, jumladan, ular qatorida Afg‘oniston, Ozarbayjon, Eron, Rossiya, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari hamda oz sonli arablar borligini taxmin qilgan.

“New Lines” strategiya va siyosat institutining Yevroosiyo xavfsizligi va farovonlik portfeli katta direktori Kamran Boxariyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, “IShID-Xuroson” mintaqadagi “zaif xavfsizlik, zaif boshqaruv va strategik bo’shliqlar”dan foydalanmoqda.

"Afg'oniston strategik bo'shliq, - dedi Boxariy. - Ha, Tolibon bor, lekin bu kuchli davlat emas. Tolibon rejimi hamon hokimiyatni mustahkamlashga harakat qilmoqda. Pokiston barcha darajalarda - siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va xavfsizlik nuqtai nazaridan inqiroz holatida. Eronning ichki muammolari ham bor”.

“IShID-Xuroson” Tolibonning asosiy raqibi hisoblanadi va Tolibon hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri Afg‘onistondagi bir qancha shov-shuvli hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.

Yanvar oyida guruh Eronning Kirmon shahrida kamida 95 kishining hayotiga zomin bo‘lgan qo‘sh portlashlar ortida turganini aytgan edi. Eron razvedkasi hujumlar uchun javobgarlikni IShID-Xurosonning tojik jangchilari zimmasiga yuklagan.

Rossiya xavfsizlik kuchlari toʻrt nafar Tojikiston fuqarosini Moskva qirgʻinini sodir etganlikda ayblab, hibsga olganini aytdi.

Hujumlar yangi a’zolarni yollashga yordam beradi

Demokratiyalarni himoya qilish jamg'armasining katta ilmiy xodimi Bill Rodjioning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Rossiya va Erondagi hujumlar IShID-Xurosonga va boshqa guruhlarga ko'proq jangarilarni yollashda "albatta" yordam beradi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma'lum qilishicha, Afg'onistonda hozir 20 ga yaqin jangari guruh faol.

Ularning aksariyati, jumladan, “Al-Qoida” va “Tehriki-Tolibon Pokiston” Tolibon bilan yaqin aloqada. Ammo 2021-yil avgustida Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritishdan oldin ham Tolibon “IShID-Xuroson”ni dushman deb hisoblagan va guruhga qarshi harbiy amaliyotlar o‘tkazgan.

Islomobodlik tahlilchi va “Khorasan Diary” nashri tadqiqot direktori Rikkardo Vallening “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Tolibon “IShID-Xuroson”ga qarshi kurashida muvaffaqiyatlar bor.

Tolibon “bir necha holatlarda “Islomiy davlat” rahbariyatining boshini judo qilishga muvaffaq bo‘ldi. Ular Afg‘onistondagi “Islomiy davlat” safiga kirib borishga muvaffaq bo‘lishdi va shu tariqa bir necha hujumlarning oldini olishga erishdi”, — dedi Valle.

Ammo uning yana aytishicha, guruh Turkiya, Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bo‘ylab hanuz faol.

“Bu Afgʻoniston va Pokiston oʻrtasidagi munosabatlar nihoyatda tarang ekani bilan ham bog’liq”, - deydi u.

Pokiston Tolibonni Pokistondagi hujumlarda ishtirok etgan jangarilarga boshpana berganlikda va qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblaydi; Tolibon bu ayblovni rad etadi.

Vallening ta'kidlashicha, "Tolibon"ning bir o'zi “IShID-Xuroson”ni jilovlash "muammosini hal eta olmaydi".

“Afgʻoniston va butun mintaqada yuzaga kelgan haqiqiy tahdid mintaqadagi beqarorlikni kuchaytirmoqda, mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro ishonchsizlikni kengaytiryapti va tinch aholi uchun katta xavf tugʻdirmoqda”, - deydi Valle.

Afg‘onistonning sobiq ichki ishlar vaziri Ali Jaloliy “Amerika Ovozi” bilan suhbatda “Tolibon” Afg‘onistondagi barcha xorijiy ekstremistik guruhlar bilan aloqalarini uzmaguncha, tahdidlar davom etishiga ishonishini aytdi.

“Urush paytida ular koʻplab ekstremistik guruhlar bilan ittifoq tuzgan. Bu guruhlar ularni qo'llab-quvvatladi. Hozir ular Afg‘onistonda va ular bilan aloqalarini uzib bo‘lmaydi”, - deydi u.

Jaloliyning aytishicha, Tolibonning Afg‘onistonni egallab olishi barqarorlik va “qonuniy” hukumat shakllanishiga olib kelmadi.

"Siyosiy barqarorlik bo'lmasa, bu holat davom etadi", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG