Breaking News

Robert Kennedi nomzodlikni qo'lga kirita oladimi?


Siyosiy tajribaga ega bo’lmagan, ammo AQSh siyosatidagi mashhur oila a’zosi kenja Robert Kennedi mustaqil ravishda Oq uyga saylanishga harakat qilar ekan, amaldagi nomzodlardan norozi amerikaliklarning bir qismi unga ergashmoqda.

70 yoshli yurist-ekolog Robert Kennedi – nyu-yorklik sobiq senatorning o’g’li va sobiq prezident Jon Kennedining jiyani. U vaksinalar borasida konspiratsion nazariyalar targ'iboti bilan ham tanilgan.

Tahlilchilarga ko’ra, Kennedining noyabrdagi saylovda g’alaba qilishi ehtimoli juda past, ammo qator shatlarda poyga natijasini atigi bir necha ming ovoz hal qilishi mumkin bo’lgan bir sharoitda, u yakuniy natijaga ta’sir ko’rsatishi mumkin.

“Kontekst shundan iboratki, ikki yirik partiya nomzodlari - Donald Tramp va Jo Bayden aksariyat fuqarolarga ma’qul emas. Baydenning reytingi zo’rg’a 40 foiz, Trampniki 35 foiz atrofida. Ularni yoqtirmaganlarni Kennedi o’ziga tortadi”, - deydi Kris Jekson, “Ipsos” jamoatchilik fikrini o’rganish markazi vitse-prezidenti.

“The Wall Street Journal” gazetasi o’tkazgan so’rovga qaraganda, Kennedi saylov uchun muhim bo’lgan qator shtatlarda saylovchilarning sezilarli quvvatloviga ega ko’rinadi.

Masalan, Nevadada saylovchilarning 15 foizi, Arizonada 13 foizi, Michiganda 12 foizi, Shimoliy Karolina va Viskonkinda 10 foizi Kennediga ovoz berishini aytgan. Nashrga ko’ra, buning natijasida Bayden ham, Tramp ham bu ovozlardan quruq qoladi.

“Bu Kennedi saylovda va hatto biror shtatda g’olib chiqadi degani emas. Bayden va Tramp teng ketayotgan shtatlarda Kennedi qanday natija ko’rsatadi, shuni kuzatamiz”, - deydi u.

Saylovchilar Kennedi va uning siyosiy qarashlari haqida ko’proq o’rganar ekan, uning ovozlardagi ulushi o’zgarishi ham mumkin.

“Uning tarixi, siyosiy qarashlari haqida ko’pchilik bilmaydi. Kennedi ikki partiya nomzodlarini odamlar yoqtirmayotgan saylovda, mashhur familiyaga ega bir shaxs xolos”, - deydi tahlilchi Kayl Kondik.

Uning qayd etishicha, Amerikada tarixan uchinchi partiyadan nomzodlar so’rovlarda yuqori ko’rsatkichga erishsa ham, poygada yaxshi natija ko’rsatmaydi.

“Saylov yaqinlashgan sari odamlarning ikki asosiy nomzodning g’alaba qilish imkoniyatiga e’tibori oshadi, notanish nomzodlar chetda qolib ketadi”, - deydi Kondik.

Oilaviy tarixi

AQShdagi eng mashhur siyosiy oilalardan birida tug’ilgan kenja Robert Kennedi otasi o’ldirilganida 14 yoshda edi. Nyu-Yorkdan senator Robert Fransis Kennedi 1968-yilning yozida shtatma-shtat o’tkazilgan partiyaviy saylovlarda g’alaba qilib, Demokratik partiyadan nomzod bo’lish harakatida edi. Los-Anjelesda unga o’q uzishgan.

Bu voqeadan besh yil oldin esa Kennedining amakisi, AQShning 35-prezidenti Jon Kennedi ham otib o’ldirilgan edi.

Kenja Kennedi yoshligida narkomaniyaga berilgan. O’smirlik davrida giyohvand moddalarni iste’mol qilgani uchun ikki marta internat maktablardan haydalgan. U Garvard universiteti va London iqtisodiyot maktabini bitirgan, Virjiniya universitetidan huquqshunoslik diplomi ham bor.

1980-yillar boshida Kennedi Menxettenda prokuror yordamchisi bo’lib ishlagan, ammo advokatlik imtihonidan o’ta olmaganidan keyin 1983-yilda ishdan ketgan. O’sha yili u geroin bilan ushlanib, hibsga olingan.

Hibsga olinganidan keyingi yillarda Kennedi atrof-muhit muhofazasi yo’lidagi faolligi bilan nom qozondi, Nyu-Yorkdagi Gudzon daryosini tozalashni maqsad qilgan “Riverkeeper” tashkiloti bilan ishladi.

U keyinchalik advokat sifatida muvaffaqiyat qozonib, korporsatsiyalarga qarshi ekologiya bilan bog’liq bir necha sud ishlarida yutib chiqqan.

Vaksina bo’yicha bahslar

2000-yillar boshida Robert Kennedi vaksinalar turli kasallklarga, jumladan, autizmga yetaklaydi, degan konspiratsion nazariyalarni olg’a surgan.

Kovid-19 pandemiyasi davrida Kennedi vaksinalar borasidagi dezinformatsiya manbaiga, sog’liqni saqlash idoralarining tanqidchisiga aylandi.

Hozirda Kennedi vaksinaga qarshi emasligini, shunchaki vaksinalarni yanada xavfsizroq qilish tarafdori ekanini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG