Prezident Jo Bayden uchun reproduktiv huquqlar inson huquqlarining ajralmas qismi va davlat ularni hamisha himoya qilishi kerak. Demokratlar abort masalasiga azaldan shunday yondashib kelgan va bugungi kelib, masala yanada dolzarblashgan, chunki Oliy sud bu huquq bo’yicha vakolatni shtatlarga yuklagan.
Saylovchilar bilan uchrashuvlarda Prezident Jo Bayden deydiki, xotin-qizlar salomatligi yuqori o’rinda.
Bayden yaqinda bergan farmonga ko’ra, hukumat bu yo’nalishda ko’proq mablag’ sarflaydi, jumladan ilmiy izlanishlar va klinik sinovlar uchun. Har qanday yoshda ayol sog’lom bo’lsin, deydi u.
“Shu paytgacha tibbiyot olamida qilingan inqiloblarga qarang, ajoyib. Ammo, ayollar salomatligi bo’yicha progress sust. Tadqiqotlar talabimizga javob bermaydi. Kongressga demokratlar saylanishi uchun hissa qo’shing, ular buni ta’minlaydi. Va’da beraman sizga: abort huquqlari tiklanadi, federal miqyosda”, - deydi prezident.
1973-yilda Oliy sud chiqargan qarorga binoan keying yarim asr mobaynida homilani oldirish erkinligi konstitutsion huquq deb qaraldi. 2022-yilda Oliy sudning o’zi buni bekor qildi. Shtatlar o’zi hal qilsin, deb chiqdi. Respublikachilar abortga qarshi ekan, shtatma-shtat qonunlar yangilana boshladi.
Oq uyga qayta saylanish payidagi Baydenning asosiy raqibi – sobiq president, respublikachi Donald Tramp. Tramp fikricha, Oliy sud haq. Bu masala mutlaq shtatlar ixtiyorida, deydi u.
Tramp o’z saylov kampaniyasida buni bot-bot tilga oladi. Ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, amerikaliklarning aksariyati abortni tamoman man etishga qarshi. Tramp buni tushunishini aytib, istisnolarni tan oladi.
“Ronald Reygan kabi men ham ayol tajovuz natijasida homilador bo’lsa yoki hayoti xavf ostida bo’lsa, abort o’rinli ekanini inkor etmayman”, - deydi Tramp.
Intervyularda ham sobiq prezident bu borada tez-tez savolga tutilmoqda.
“15 haftagacha oldirib tashlash mumkin, deydiganlar ko’p. Qonuniy cheklov haqida keyinroq gapiraman”, - deydi u.
Florida shtatida ham bu haqda so’ralganida “kuting” degan qabilda javob berdi.
Saylov oldidan abort hamisha tortishiladi, bu safar ham shunday, deydi tahlilchilar.
“Bayden uchun osonroq, nazarimda. U abort huquqi himoya qilinsin, deydi. Tramp esa taqiqlash kerak, der ekan, choralar nimadan iborat bo’lishini tushuntirishi lozim. Dindorlarni rozi qilishi kerak. Abort va ayol erkinligi bu doira uchun o’ta nozik”, - deydi Larri Sabato, siyosatshunos.
Amerikada saylovchilarning yarmi xotin-qizlardir. Shunday ekan, reproduktiv salomatlik bilan bog’liq muammolarni chetga sura olmaysiz.