Breaking News

AQShda bu yilgi saylov qanday kechdi?


AQShda noyabrning ilk seshanbasi saylov kunidir
AQShda noyabrning ilk seshanbasi saylov kunidir

Qo'shma Shtatlarda noyabr oyining ilk seshanbasi saylov kuni. Mahalliy rahbarlar, shuningdek, shtat boshqaruvchilari, Kongressga vakillar hamda prezident uchun ovoz beriladigan, shuningdek, dolzarb masalalar referendumga qo'yiladigan kun. Bu yilgi saylov Kongress va Oq uy uchun emas, ammo Amerikada siyosat mahalladan boshlanadi.

Bir necha kun oldin bir kishi tomonidan yoppasiga 18 kishi otib o'ldirilgan Luiston shahrida fuqarolar saylovga chiqib, qator masalalar yuzasidan ovoz berdi.

Meyn shtatining bu qismi hamon motamda. 25-oktabrdagi qatliom qurbonlarining ayrimlari hali dafn etilmagan.

Luiston aholisi normal hayotga qaytishni istaydi, deydi saylovchilar. Qurolli hujum ketidan minglab odamlar yashirinishni ma'qul topdi, chunki qotil qochib yurgan edi. Keyinchalik uning o'ligini topishdi. U o'zini o'ldirgan.

7-noyabr yaqin bo'lsa-da, shtatda turli lavozimlarga nomzodlar kampaniyani bir hafta to'xtatdi.

Luiston ahli mer va shahar kengashiga a'zolarga ovoz berdi, shuningdek, ta'lim boshqarmasiga.

Qariyb 38 ming aholiga ega bu shahar Amerikadagi bugungi kayfiyatni o'zida mujassam etadi - qurolga egalik huquqi, abort huquqi, iqtisodiy masalalar aholi uchun yanada dolzarblashgan.

AQShda mahalliy saylovlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:56 0:00

Nyu-York shtatida ham saylovchilar shu kabi sohalarga e'tibor qaratib, ovoz berishga chiqdi.

Nyu-York shahar kengashi yangilanmolqda, shuningdek, shtat oliy sudi, qator merlar va boshqa rahbarlar. Kongressdagi vakillar uchun saylovlar, mamlakatning boshqa qismlarida bo'lgani kabi kelasi yil 5-noyabrda.

Shahar kengashining yangi a'zosi Yusef Salaam sobiq mahkumlardan biri. Markaziy parkda jinsiy tajovuzda ayblanib, sudlangan, qamalgan va keyin oqlangan. Saylovda u biror raqib bilan yuzlashmadi. Demokratik partiya a'zosi sifatida u hozirda Amerikada adliya tizimida islohotlar talab qilayotgan faollardan biri.

Florida shtati gubernatori Ron Desantis prezidentlikka saylanish umidida. Respublikachilar orasidagi poygada u sobiq prezident Donald Trampdan keyingi o'rinda.
Florida shtati gubernatori Ron Desantis prezidentlikka saylanish umidida. Respublikachilar orasidagi poygada u sobiq prezident Donald Trampdan keyingi o'rinda.

Kelasi yil Kongressga va Oq uyga saylovlar ekan, prezidentlikni ko'zlagan respublikachi Ron Desantis, Florida shtati gubernatori, boshqa konservativ siyosatchilar quvvatlovini olmoqda.

Ayova shtati gubernatori Kim Reynolds nazarida Desantis navbatdagi prezident bo'lishga munosib.

Sobiq prezident, Oq uyga qaytishga bel bog'lagan Donald Trampning respublikachilar orasidagi eng kuchli raqibi Desantis o'zini yangi avlod vakili deb biladi, 45 yoshda.

Partiyaviy saralash jarayoni Ayova shtatida boshlanadi, shu bois ham gubernatorning kim tomonda ekani muhim. Bu saylovchi kayfiyatiga ta'sir qiladigan omil.

Ohayo shtatida saylov manzarasi, 7-noyabr, 2023
Ohayo shtatida saylov manzarasi, 7-noyabr, 2023

Ohayo shtatida abort konstitution huquq bo'lsinmi degan savolga aksariyat saylovchilar "ha" deb javob bergan.

O'tgan yili AQSh Oliy sudi bu huquqni bosh qomus himoya qilmaydi, degan xulosaga kelib, masalani shtatlar o'zlari hal etsin, deb e'lon qilgan.

Ohayoda respublikachilar hukmron, ammo saylovchi ular bilan qator masalalarda yakdil emasligi oydinlashgan, xususan, ayollarning homilani oldirib tashlash yoki uning oldini olish kabi erkinliklari yuzasidan.

Ohayodagi referendum natijasidan nafaqat shtatda, balki Amerika bo'ylab xursandchilik.

Richmond, Virjiniya shtati, 7-noyabr, 2023
Richmond, Virjiniya shtati, 7-noyabr, 2023

Virjiniya shtati qonunchilik organi qay partiya qo'liga o'tishi ham Amerikada saylovchi kim kim tomonda ekanini namoyon etuvchi faktor. Bugungi saylov natijasida demokratlar u yerda salmoqli o'rinlarni egallamoqda.

2020-yilda shtatda Jo Bayden, demokrat nomzod, yutgan. Lekin Virjiniya fuqarolari o'zgaruvchan saylovchilar qatoriga kiradi. Ular uchun qishloq xo'jaligi, atrof-muhit, xavfsizlik va ta'lim eng ustuvor masalalardir. Nomzodning bu sohalardagi takliflariga jiddiy qarashadi.

Shtat gubernatori Glenn Yangkin respublikachi, ammo okrugma-okrug qaralsa, Virjiniya rang-barang, ya'ni demokratlar va respublikachilarning tarafdorlari son jihatdan katta farqqa ega emas.

Abort huquqi, qurolga egalik qilish huquqi kabi masalalar bu shtatda ham doimiy tortishuvda.

7-noyabrgi saylovda Virjiniyada 800 mingga yaqin saylovchi qatnashgan.

Amerikada odatda Kongress va Oq uyga ham saylov bo'lganida ko'proq odam ovoz berishga chiqadi. Boshqa payt esa saylovchi siyrak. Bu yil ham shunday bo'ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG