Breaking News

AQShda qaysi nomzodning Xitoy bo’yicha siyosati saylovchilarga manzur?


AQSh Prezidenti Jo Bayden Xitoyda ishlangan elektromobillar, po’lat va alyuminiydan qilingan mahsulotlar, yarimo’tkazgichlar importiga tariflarni keskin oshirdi. Oq uy oldingi prezident Donald Trampning Xitoy bilan savdo bo’yicha siyosatini qayta ko’rib chiqmoqda. Prezidentlikka da’vogar bu ikki arbobning Xitoy bilan savdo yuzasidan qarashlari bir-biridan nimasi bilan farq qiladi?

Xalqaro hayot - 21-may, 2024-yil - Raisiy bilan vidolashuv. Isroilning XJS ga tanqidi.
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:30 0:00

AQSh Prezidenti Jo Bayden ham, uning respublikachi raqibi Donald Tramp ham Xitoy masalasida qattiq siyosat yuritish tarafdori.

“Ko’plab sohalarda ishlovchi Xitoy kompaniyalari yillar davomida davlatdan pul olib keldi. Bu po’lat va alyuminiy, yarimo’tkazgichlar, elektr avtomobillar, quyosh panellarini ishlab chiqaruvchi, kelajak sanoatlarida ishlovchi kompaniyalar”, - deydi Bayden.

Tramp ham Xitoyni tanqid qiladi:

“Xitoy shu tobda og’zimizdagi luqmani ilib ketyapti. Oq uy mening siyosatimdan qaytdi. Nonimizni yeb ketishyapti”, - dedi u.

Bayden ham, Tramp ham Xitoy savdo amaliyotlari xalqaro normalarga zid ekanini aytarkan, uni jazolamoqchi.

Xususan Bayden Xitoyda ishlangan elektromobillarga tariflarni 100 foizga, ayrim po’lat va alyuminiy mahsulotlariga uch karra, yarimo’tkazgichlarga ikki baravar oshirdi.

“Biz Xitoyning ushbu sohalardagi ortiqcha quvvatiga qarshi turamiz. Eng katta sarmoyalarimizni Amerikaning toza po’lat va alyuminiy sohalariga qilyapmiz”, - deydi Bayden.

Amerika rahbari Trampning tariflar siyosatini qayta ko’rib chiqib shunday qarorga keldi.

Tramp Bayden o’ta kam va o’ta kech chora ko’rganini aytadi.

“Buni ancha erta qilish kerak edi. Boshqa avtomobillarga, ko’plab boshqa mahsulotlarga ham tarif qo’yish kerak”, - deydi u.

Noyabr saylovida shu ikki nomzod yana prezidentlik uchun kurashadi. Bayden ham, Tramp ham ularning Pekinga nisbatan siyosatidan amerikalik ishchilar foyda ko’rishini aytadi.

Xitoyning dengiz va elektronika mahsulotlariga tariflar ilk bor Tramp prezidentligi paytida joriy etilgan. Bayden ba’zilarini saqlab qoldi, toza energiya kabi muhim sohalarni nishonga olmoqda. Bu uning elektr avtomobillar hamda iqlim o’zgarishiga qarshi kurashga mo’ljallangan boshqa texnologiyalarni Amerikaning o’zida ishlab chiqarib, yuqori texnologiyalar bilan bog’liq sanoatlarda ustunlik qilishga qaratilgan rejasi bilan hamohangdir.

Yana bir farq shuki, Bayden o’z siyosatini “Katta Yettilik” kabi ittifoqchi guruhlar bilan uyg’unlashtirishga intiladi.

“Tramp ma’muriyati tariflardan yaxshiroq shartnomalarga kelishish uchun foydalangan, Amerikaning o’zida ishlab chiqarishga sarmoya qilish, muqobil ta’minot zanjirlarini yaratish bilan ishi bo’lmagan, buning uchun ittifoqchilar bilan hamkorlik qilishga oshiqmagan”, - deydi “Yangi Amerika xavfsizligi uchun markaz” tahlilchisi Reychel Zimba.

Tramp uning tariflar bo’yicha keng qamrovli, yirik, milliardlab dollarlik yondashuvi yaxshiroq ekanini aytsa, Bayden nishonli, maqsadli aralashuv samaraliroq ekanini ta’kidlaydi.

Qanday bo’lmasin, Pekin javob choralarini hozirlamoqda. Amerikalik saylovchilar esa bu ikki siyosatga munosabatini noyabr oyida saylov uchastkalarida ifoda etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG