15-16 iyun kunlari Shveysariyada Ukraina tashabbusi bilan olg'a surilgan Tinchlik sammiti o`tadi. Unga 160 atrofidagi davlat yetakchilari taklif qilingan edi, ammo o’z ishtirokini tasdiqlagan davlat rahbarlari ancha kam. Markaziy Osiyo davlatlari ham unda qatnashmayapti.
Markaziy Osiyo liderlari Tinchlik sammitida ishtirok etmasligi haqida rasman bildirmagan.
Ammo avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy jurnalistlar bilan suhbatda Markaziy Osiyo liderlari Rossiya Prezidenti Putin oldidagi qo’rquv tufayli bu anjumanda qatnashishga jur’at topa olishmayotganiga ishora qilib o`tgan edi.
Tinchlik muzokaralarida muhim o’rin tutuvchi, Rossiyaning yaqin ittifoqchisi Xitoy sammitni inkor qilishi jiddiy o’zgarishlarga olib keldi. Bu Kiyevni sammitdan ko’zlangan maqsadlarni tahrir etishga majbur qildi.
Tinchlik muzokaralari boshlanishi uchun Rossiya o’z qo’shinlarini Ukrainadan olib chiqishi, urush harakatlari shartsiz to’xtatilishi lozimligiga doir asosiy talablar sammit kun tartibidan chiqarildi.
Ayni paytda sammitda faqat yadroviy xavfsizlik, oziq-ovqat xavfsizligi, shuningdek, urush asirlari, siyosiy mahbuslarni ozod qilish masalalari muhokama qilinishiga doir ma´lumotlar bor.
Shveysariyadagi bu sammit urushda tashabbus Rossiya tomoniga o`tgan bir manzarada kuzatilmoqda.
Birmuncha avval, frontdagi vaziyat Ukraina uchun hozirgidek og’ir bo`lmagan bir davrda rejalangan bu sammitga Prezident Zelenskiyning tinchlik formulasi asos qilib olingan edi.
Zelenskiy tinchlik formulasining asosiy sharti ayni paytda Rossiya tomonidan ishg’ol qilingan hududlar, jumladan, Qrimning ham shaksiz ozod qilinishini o'z ichiga oladi.
Shveysariyadagi sammit muhokamasidagi mavzular esa bu maqsadlarni to’liq ifoda etmaydi, ishtirokchi davlatlar soni, maqomi va pozitsiyasiga qarab Ukraina formula shartlarini qisqartirishga majbur bo`ldi.
Ammo Ukraina, jumladan, Qrim ozodligi uchun kurashayotgan qrim-tatarlar uchun ham sammit muhim ahamiyat kasb etadi.
Qrim-tatar faollaridan biri Erfan Quddusovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, sammitdan umid kuchli emas, ammo xalqaro miqyosda Ukraina taqdiri bo`yicha muzokaralar borayotganining o’zi muhim.
“Prezident Zelenskiy tashabbusi ortidan o`tkazilayotgan bu sammitda ehtimol jiddiy natijalar bo`lmas, ammo biz bunday sammitlar,konferensiyalar ham muhimligini yaxshi tushunamiz. Avvalo, Rossiyaning Ukrainaga agressiyasi kun tartibidan tushmasligi, buni xalqaro jamoatchilikka, siyosatchilarga muntazam ravishda eslatib turish uchun. Ukrainaning bu sammitdan asosiy maqsadi Global Janub davlatlari diqqatini Rossiya agressiyasiga jalb etish. Lekin bunga qanday erishiladi, qanday natijalar bo`ladi, hozircha aytish qiyin”, - deydi Quddusov.
Sammitda Qrim ozodligi masalasi yo`q, ammo Quddusovga ko`ra, qrim-tatar jamoatchiligi bu sammitga befarq emas, aynisa unda asirlar, siyosiy mahbuslarni ozod qilish muhokama qilinishi inobatga olinsa:
“Bu sammit qrim-tatar jamoatchiligi uchun muhim, sababi anjumanda asosan uchta masala muhokamaga chiqarilgan. Ulardan ikkitasi yadroviy va oziq-ovqat xavfsizligi Janubga tegishli bo`lsa, Rossiyadagi asirlar, mahbuslarni qaytarish masalasi bevosita Qrim, qrim-tatarlarga tegishli. Gap Rossiya hududida ushlanayotgan minglab ukrainaliklar, jumladan garovdagi, hibsdagi qrimliklar haqida ham ketmoqda. Rossiya sudi yuzlab qrim-tatarlarni turli uydirma ayblovlar bilan uzoq yillik qamoqqa hukm qilgan. Bu odamlar aybdor emas, ularning ozod etilishi esa muallaq turibdi. Avval Turkiya tomoni harakat qilayotgan edi, sammit ortidan Janubning boshqa davlatlari ham bu jarayonga qo’shiladi degan umiddamiz”, - deydi Erfan Quddusov.
Shveysariya Tinchlik sammitida Ukrainaga urush ochgan tomon - Rossiya qatnashmaydi. Ukraina tomoni buni sammit talablarini Moskva ishtirokisiz muvofiqlashtirish zarurligi bilan izohlagan.