O’tgan hafta Mo'g'ulistonda taniqli jurnalistga qariyb besh yillik qamoq jazosi berildi. Mahalliy tahlilchilar va jurnalistlar buni mamlakat ommaviy axborot vositalari ahvolining yomonlashishi deb atadi.
Unurtsetseg Naran yolg‘on ma’lumot tarqatish, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, pul yuvish, shaxsiy sirlarni oshkor qilish va davlat sirlarini noqonuniy egallashda ayblanib, 4 yilu 9 oyga ozodlikdan mahrum etildi. U bu ayblovlarni inkor etdi.
Zarig axborot sayti bosh muharriri bo‘lgan Unurtsetseg birinchi marta 2023-yil dekabrda yolg‘on ma’lumot tarqatish va sudga hurmatsizlikda ayblanib hibsga olingan edi. Keyinchalik jiddiyroq ayblovlar qo'shildi. Jurnalist fevral oyida uy qamog'iga hukm qilindi.
Unurtsetsegda hukm ustidan shikoyat qilish imkoniyati bor.
Poytaxt Ulan-Batorda istiqomat qiluvchi mustaqil jurnalist Anand Tumurtogoning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, bu holat mamlakatdagi jurnalistlar ichida xavotir uyg'otgan.
Tashqi siyosat, “ProPublica” va “Amerika Ovozi” Mandarin xizmati kabi yangiliklar nashrlariga hissa qo'shgan Anand "bu Mo'g'ulistonning media sektorida qora kun" dedi.
“Bu mo'g'ul ommaviy axborot vositalariga dahshatli ta'sir ko'rsatadi. Kuchga ega bo'lgan odamlarga qarshi chiqsangiz, bunday oqibatlarga duch kelishingiz mumkin ", dedi Anand.
Unurtsetseg Mo'g'ulistonda o'zining tanqidiy maqolalari bilan tanilgan. Eng mashhur ishlarining birida jurnalist Mo'g'uliston Taraqqiyot bankiga qarzlarini to'lamagan kompaniyalarni tekshirgan. Shuningdek, u buddistlar internatida va harbiylar orasida jinsiy zo'ravonlikni fosh qilgan.
Elektron pochta orqali izoh so’ralganida, Mo'g'ulistonning Vashingtondagi elchixonasi "Amerika Ovozi"ga darhol javob bermadi.
Demokratiya tarafdori boʻlgan “Globe International Center” moʻgʻul guruhi advokati bo‘lgan Galbaatar Lkhagvasurenning aytishicha, Unurtsetsegning ishi Moʻgʻuliston Jinoyat kodeksidagi ikkita moddaga barham berish kerakligini koʻrsatadi. Ular yolgʻon maʼlumot tarqatish va davlat sirlarini noqonuniy egallash.
"Ushbu qoidalar surishtiruv jurnalistikasi va so'z erkinligini asossiz ravishda cheklash xavfini uyg‘otadi", - dedi Galbaatar.
“Xulosa shuki, Jinoyat kodeksi mavjud ekan, jurnalistlarning kasbiy faoliyati asossiz cheklanib, tanqidiy fikrlari bo‘g‘ilib, qayta-qayta hukm qilinnaveradilar. - dedi Galbaatar. - Natijada jurnalistlar qo'rquv va o'z-o'zini senzura qilish oqibatlariga olib keladi".
Unurtsetseg ilgari ham o'z faoliyati bilan bog'liq yuridik tahdidlarga duch kelgan. Xalqaro Jurnalistlar Federatsiyasi ma'lumotiga ko'ra, u 2019-yilda tuhmat bo'yicha 12 ta va 2020-yilda 4 ta shikoyatga duch kelgan. Ularning barchasi uning reportajida tilga olingan siyosatchilar tomonidan berilgan.
Matbuot erkinligi guruhlariga ko'ra, Mo'g'ulistonda jurnalistlardan o'ch olish uchun tuhmat holatlari ko'p qo'llaniladi.
Unurtsetsegga o’qilgan hukmi boshqa bir mo'g'ul jurnalistiga ayblov yuklatilganidan ikki oy o’tgach sodir bo'ldi.
May oyi boshida Mo'g'ulistonning Tac.mn axborot sayti bosh muharriri bo‘lgan Bayarmaa Ayurzana qisqa muddatga hibsga olingan edi. So'ng Mo'g'uliston bosh vaziri o'rinbosariga "jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo'lgan ma'lumotlarni tarqatish bilan tahdid qilish"da ayblandi.
Bayarmaa bosh vazir o'rinbosari o'g'irlikda gumon qilingani haqida keng ma'lumot tarqatgan. Chegara bilmas muxbirlarga ko'ra, uning sud jarayoni sanasi e'lon qilinmagan. Aybdor deb topilgan holda, u sakkiz yilgacha panjara ortida qolishi mumkin.
Mo'g'uliston hozirda RSF Jahon matbuot erkinligi indeksida 180 o'rindan 109-o'rinni egallab turibdi. RSFning Mo‘g‘uliston bo‘yicha tahlili shuni ta’kidlaydiki, mamlakat erkin matbuot tamoyillarini “keng hurmat qiladi”, biroq uning “tuhmatga oid noto‘g‘ri qonunlari jurnalistlarga qarshi o‘zboshimchalik bilan sudga da’vo qilish imkonini yaratadi”.