Breaking News

Ukraina o’z madaniyatini Rossiya bosqinidan asrashga urinmoqda


Ukraina urushi: madaniy obidalar himoyasi uchun kurash
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:55 0:00

Ukrainada Rossiya bosqiniga qarshi urush davom etmoqda. Ukrainaliklar nafaqat hudud, balki milliy tarix, madaniyat uchun ham kurashmoqda. Ularning ta’kidlashicha, Rossiyaning madaniy obyektlarga hujumi mamlakat tarixi va milliy o’zlikni yo’qotishga qaratilgan.

Kiyev markazida ukrain siyosatchisi va tarixchisi Mixail Grushevskiy xotirasiga o’rnatilgan yodgorlik 2022-yilda raketa hujumiga uchragan. O´shanda 6 kishi halok bo`lgan edi.

Kiyevlik arxitektor Slava Balbek o’z millati uchun kurashayotgan ukrainlarning o’zligi ramzi bo`lgan yodgorliklarni asrab qolish qarorida qat`iy.

“Portlash yodgorlikdan 80 metr narida bo`lgan, portlash to’lqini snaryad tushgan tomonni mutlaqo vayron qilgan”, - deydi Balbek.

Balbek, o´zining aytishicha, Rossiya hujumidan saqlash uchun madaniy yodgorliklarni himoya qobiqlari bilan o`rab chiqishni nazarda tutuvchi uzoq muddatli tashabbusni boshlagan. Qobiqlar urush qoldirgan izlar, yetkazilgan shikastlarni berkitib turadi, nimalar bo`layotganini ham eslatib turadi.

“Estetika, urush davri estetikasi, bu ham juda muhim. U yodgorlik oldidan o`tayotgan odamlar ongiga ham o’z ta’sirini o’tkazadi”, - deydi u.

Vladimir Putin Ukraina Rossiyaning hududi bo`lganini ta’kidlab, alohida ukrain millati mavjudligini rad etib keladi.

Madaniyatshunos Marina Sobotyukning aytishicha, Putinning armiyasi Kreml ukrainlar miliy o’zligini rad etishiga hamohang tarzda ukrain madaniy yodgorliklarini ataylab nishonga olib keladi.

“Ular dunyo bo`ylab o’z tashviqotini tarqatmoqda, go`yo Ukraina kichik uka, uning o’z tarixi, madaniyati yo`q, hammasi “bizniki”, ya’ni ruslarniki”, - deydi Sobotyuk.

Rossiya Ukrainada madaniy yodgorliklar nishonga olinganini rad etadi, faqat strategik ahamiyat kasb etuvchi joylar mo’ljalga olinishini da’vo qiladi.

Sobotyuk Rossiya strategiyasini shunday izohlaydi: Moskva avvaliga Ukrainaning o`zligini o’chirmoqchi, keyin esa ukrainlarni millat sifatida yo’qotmoqchi.

“Madaniy o´zlik yengilganda hududlarni bosib olish juda oson kechadi”, - deydi u.

YUNESKOga ko`ra, urush boshidan buyon Rossiya hujumlari tufayli Ukraina madaniyatiga yetkazilgan zarar miqdori 3,5 milliard dollarga tenglashgan.

Ukraina Madaniyat vazirligi 3000 atrofidagi madaniy obyektlar Rossiya armiyasi hujumidan shikastlangani, ayrimlari yo’q qilinganini ta’kidlaydi.

Ukraina xalqaro tashkilotlardan vaziyat monitoringini kuchaytirishni, harbiy to`qnashuvlar paytida madaniy yodgorliklarni asrash bo’yicha 1954-yilda qabul qilingan Gaaga konvensiyasiga muvofiq, Rossiyani javobgarlikka tortishni talab qilib keladi.

Rossiya hujumlari muntazam davom etar ekan, Slava Balbek ham madaniy obyektlarni asrash ishlarini to’xtatgani yo’q.

U va boshqa ukrainlar xalqaro jamoatchilik ukrain madaniy obyektlarini asrash bo`yicha aniq choralar ko`rmas ekan, Ukraina tarixi, uning ayrim hududlari abadiy yo’qolishidan xavotirda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG