Sobiq prezident Donald Trampning Milliy xavfsizlik kengashida shtab boshlig‘i bo‘lgan, hozir nafaqadagi armiya general-leytenanti Keyt Kellogg “Amerika Ovozi”ga Ukrainadagi urushni tugatish haqidagi qarashlarini bayon etdi.
Kelloggning aytishicha, u sobiq prezidentning maslahatchisi emas. Trampga o‘z qarashlarini yetkazmagan. Lekin agar noyabrdagi saylovda Tramp yutsa, Ukrainadagi urushni tugatish haqidagi rejasini prezidentga taqdim etish niyati bor.
Kellogg Tramp ma'muriyatida sobiq vitse-prezident Mayk Pensning milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi bo'lib ham ishlagan. Hozir u Amerika birinchi siyosati instituti qoshidagi Amerika xavfsizligi markaziga hamraislik qiladi.
Kelloggning Ukrainada urushni tugatish bo’yicha rejalari yaqinda kitob holatida ham chop etildi.
Amerika birinchi siyosati instituti AQSh milliy xavfsizligiga doir o’z yondashuvini, strategilarini bayon etuvchi kitob chop etdi. Rossiya-Ukraina urushi bo'limi Keyt Kellog va Fred Fleyts hammuallifligida yozilgan.
Fred Fleyts ham Tramp prezidentligi davrida Milliy xavfsizlik kengashida shtab boshlig'i bo'lib ishlagan.
Kitobda AQSh hukumati “o‘t ochishni to‘xtatish va Ukraina mojarosini muzokaralar yo‘li bilan hal qilish” bo‘yicha rasmiy siyosat ishlab chiqishi va shu siyosatga amal qilgan holda ish tutishi kerakligi yoziladi. Tashkilotning rejasi shundan iboratki, agar Kiyev Rossiya bilan tinchlik muzokaralariga kirishsa, AQSh Rossiyani hujum qilishdan tiyib turish uchun muzokaralardan so’ng ham Ukrainani qo’llab-quvvatlashda davom etadi.
Rossiyani muzokaralarda ishtirok etishga ko‘ndirish uchun esa AQSh va NATO Ukrainaning alyansga qabul qilinishini uzoq muddatga kechiktirishi kerak bo’ladi. Evaziga Rossiya xavfsizlik kafolatlarini berishi kerak.
Kitobda yozilishicha, Ukrainadan okkupatsiya qilingan yerlarini qaytarib olish niyatidan voz kechish talab etilmaydi. Lekin Kiyev faqat diplomatik yo‘ldan borishi, barcha hududlarni qaytarib olishga uzoq vaqt ketishi mumkinligini tushunishi kerak. Tashkilotga ko’ra, Kremlni tinchlikka undash uchun Rossiyaga joriy etilgan sanksiyalar qisman bo’lsa ham bekor qilinishi kerak.
“Amerika Ovozi” Kellogg bilan Respublikachilarning Miluokidagi qurultoyida suhbatda bo’ldi. Quyida intervyudan parcha taqdim etamiz. Intervyu qisqa va tushunarli bo’lishi uchun tahrir qilingan.
“Amerika Ovozi”: Reja haqida qisqacha ma’lumot bera olasizmi? Menimcha, bu respublikachi guruhlardan ommaga taqdim etilgan eng batafsil hujjat.
Keyt Kellogg: Biz kitobimizda Ukraina mardonavor kurashganini ochiq-oydin aytdik. Boshqaruv yaxshi ketmoqda. Bizning fikrimizcha, ruslar suveren davlatga asossiz bosqin uyushtirdi va bunga chora ko’rish kerak. Birinchi debatda sharhlovchilardan biri Dana Bashning “egallangan hududlar Rossiya tasarrufida qolishi kerakmi yoki yo’qmi” degan savoliga Tramp qat’iyan “yo’q, umuman yo'q!” deb javob bergan.
Aytaylik, muzokaralar ketyapti, avvalo maqsadingizni aniqlashtirib olasiz. Ukrainaliklar zaif holatga tushib qolmasligiga, kuchli pozitsiyada turganiga ishonch hosil qilishingiz kerak. Savol shuki, bunga qanday erishamiz? Qanday qilib hamma narsani o’z joyiga qaytaramiz?
Hech kim Ukrainani o’z yerlaridan voz kechib, Rossiyaga berishi kerak demayapti. Yo’qotishlarga qarang. Birgina Ukrainani olaylik. Kim bilan gaplashayotganingizga qarab, qurbonlar soni 100 mingdan 130 minggacha. Rossiyaga qarasak, ularda bu raqam uch baravar ko'p. Amerika Qo'shma Shtatlari Vyetnam urushida 60 000 kishini yo'qotdi. Biz tark etgan bu urush 20 yillik urush edi. Keyin ruslar, sovetlar Afg'onistonda 15 ming kishini yo'qotib, uni tark etdi.
Agar ukrainlar ham yo'q, ruslar ham yo'q desa, boshqacha yo’l tutishi mumkin. Lekin o’zingizdan so’rashingiz mumkin: Ukraina xalqi uchun nima yaxshi? Rossiya bilan ishim yo’q. Meni Ukraina qiziqtiradi.
Masalan, bir yarim yil oldin ruslar bir oz pauza qildi. Agar G'arb Zelenskiy so'ragan asbob-uskunalarni berganda, ehtimol hamma narsa tugagan bo’lardi. Xerson orqali Azov dengiziga kirib, ularni ikkiga bo’lardi. Ayni muddao! Shuning uchun ham men ma'muriyatni, G'arbni ayblayman, Ukrainani vaqtida qo’llab-quvvatlamagini uchun.
"Amerika Ovozi": Bayden ma'muriyati Ukrainani Rossiya bilan muzokaralar olib borishdan oldin uni kuchli pozitsiyaga chiqarishni aytmoqda. Siz ham deyarli xuddi shuni aytyapsiz, to'g'rimi?
Kellogg: Yo'q, bu yolg'on bayonot. Qo'shma Shtatlar Ukrainaga F-16 samolyotlarini berdimi? Yo'q. Biz ukrainaliklar ruslarga otish uchun uzoq masofali raketalarni vaqtida yetkazib berdikmi? Yo'q. Biz ularga Rossiya ichkarisiga otishga ruxsat berdikmi? Yo'q. Qo'shma Shtatlar ularga kerakli zirhli texnikani taqdim etdimi? Biz 31 ta tank berdik. 31 tank Qo'shma Shtatlar armiyasida hatto bir batalyon ham emas. Ular faqat so’zlaydi, bajarmaydi.
"Amerika Ovozi": Ukraina rasmiylari rossiyaliklar bilan muzokaraga kirishish masalasiga ehtiyotkorlik bilan yondashishi mumkin. Chunki bu uning hamkorlariga Ukraina harbiy yordamga ortiq muhtoj emasligi haqida signal bo’lishi mumkin.
Kellogg: Qaytanga ukrainlarga ko’proq qurol berish kerak, chunki ruslarga ishonolmaysiz. Savol shundaki, siz buni Yevropa, amerikaliklar, ukrainaliklar charchaguncha berasizmi? Ikki yarim yil! Uzoq urush! Vayronagarchiliklar katta! Ba'zan uzoq muddatli o'yinlarni o’ylab ko’rish kerak. Bu xavfsizlik kafolatlari, moliyaviy yordam, harbiy yordam. Buni Amerika xalqiga yetkazishimiz kerak. Bilasizmi, Prezident Bayden Amerika xalqi bilan faqat bir marta gaplashgan. Lekin ko'p gaplashish kerak. Prezident Bayden Putin bilan faqat bir marta gaplashdi. Men Prezident Tramp bilan birga ishlaganimda, u bilan 17 marta gaplashgan. Bu Putinni yoqtirishini anglatmaydi. Ammo raqibingiz bilan ham gaplashishingiz kerak.
"Amerika Ovozi": Ruslar muzokara qilishni istaydimi?
Kellogg: Ular muzokaraga ko’nishi uchun sabab keltirishingiz kerak. Keskin sabab keltirib, evaziga ularga Ukrainaning barcha yerlarni qaytarishni aytish kerak. Ehtimol, Ukrainani vaqtincha NATOga kirishini qo'llab-quvvatlamasligingizni, lekin ikki tomonlama xavfsizlikni ta’minlashini aytarsiz.
Amerika Ovozi: AQSh va Ukraina yaqindagina xavfsizlik shartnomasini imzoladi.
Kellogg: Bu mudofaa shartnomasi emas edi. Mudofaa shartnomasi Senat tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak. Qilishimiz kerak bo’lgan ish shuki, tinchlik kelishuviga erishishimiz kerak, Koreya, Tayvan bilan yillar oldin erishganimizdek.
“Amerika Ovozi”: Lekin Rossiya kelishuvga rioya qilmasa, qanday favqulodda vaziyat rejasi bor?
Kellogg: Bu muzokaralarning bir qismi. Aynan mana shu yerda ikki tomon “qizil chiziq” tortadi. Aynan mana shu yerda ikki tomon ham qaror qabul qiladi: shunday qilamizmi yoki yo’qmi deb.
"Amerika Ovozi": Ukraina allaqachon buni qilib ko’rdi, Rossiya bilan “Minsk kelishuvi”ni imzolaganida.
Kellogg: Minsk kelishuvlari umuman ish bermadi, chunki hech kim bir-biriga ishonmadi, hech kim birgalikda ishlamadi. “Minsk 1” bo’lib o’tdi. Foydasi bo’lmadi; “Minsk 2”! Foydasi bo’lmadi. Budapesht memorandumi ham muvaffaqiyatsiz tugadi. Qandaydir bir ishonch va xavfsizlik bo'lishi kerak.
“Amerika Ovozi”: Istanbuldagi muzokaralardan foyda bo’lmaganiga sabablardan biri ruslarning Ukrainani qurolsizlantirishni talab qilgani bo’ldi, faqat kichikroq armiyani qoldirib.
Kellogg: Ha! Bu qabul qilib bo'lmaydigan talab. Qabul qilib bo'lmaydigan talablar bilan muzokaralarga kirishmaysiz. Lekin sizda bir qobiliyat bo'lishi kerak, biz uni “suhbat ishtirokchisi” deymiz. Suhbat ishtirokchisi - bu ikkala tomon bilan o'tirib, muzokara olib boradigan odam. Bu Trump bo'lishi mumkin. Prezident Trump buni uddalashiga ishonadi. Yana kim qilishi mumkinligini o’ylab ko’rish kerak. Sizningcha, Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘on buni qila oladimi? Yo'q, qilmaydi.
Germaniya Kansleri Scholz qiladi, deb o'ylaysizmi? Yo'q, u buni qilmaydi. Fransiya Prezidenti Makron? Urinib ko'rdi, lekin bo’lmadi. Britaniyada esa hukumat o'zgardi. Bu variant ham ketdi. Ehtimol Ruminiya prezidenti Iohannis? Balki u buni qila olar. Xullas, har ikki tomon gaplasha oladigan odam kerak.
Prezident Tramp har ikki tomon bilan gaplashmoqda. Prezident Bayden esa yo’q. Endi yana bir gap. Ukraina muzokaralar olib borishni istamasa, o’zi biladi, lekin unda shu haqiqatni qabul qilishi kerakki, Ukraina shaharlari katta yo'qotishlarni boshidan kechirishi, bolalar o’ldirilishi mumkin. 130 ming qurbon emas, balki 230-250 ming qurbon bo'lishi mumkin. Demografik jihatdan bu mamlakatga qanday ta’sir qiladi? Ukraina Kiyev tahdid ostida qolishini, Xarkov yanada ko’proq vayronagarchiliklarga uchrashini qabul qilishi kerak.
Bas! Bir oz to’xtab, mulohaza qilish kerak. Ruslar yanada ko’proq hududlarni egallamasligi uchun ularni qanday qilib siqib chiqarishni o'ylab ko’rish kerak. Qanday qilib uzoq muddatli tinchlik kelishuviga erishish mumkin?
Misol tariqasida NATOni olaylik. NATO allaqachon urush tugamaguncha Ukrainaning NATOga kirishini qo'llab-quvvatlamasligini bildirdi. To’g’ri! Mana shunday muzokarachi kerak.
G'arbda urushning hajmiga qarashmaydi. Bu Ikkinchi Jahon Urushidan beri Yevropadagi eng yirik urush. Yevropadagi ikki yirik davlati o‘rtasida. Yo'qotishlar dahshatli!
Ukraina katta mamlakat, borganman. Izyumda bo'lganman, Xarkovda. Ruslar unga nima qilganini ko'rganman. Ruslarni yaxshi ko’rishmaydi. Suverenitetni qo'llab-quvvatlashadi. Bir chora topish - hududlaridan voz kechish degani emas.
“Amerika Ovozi”: Istanbuldagi muzokaralarning barbod boʻlishining yana bir sababi – Buchada sodir boʻlgan voqealar oshkor bo’ldi. Bu shuni anglatadiki, agar Rossiya Ukraina yerlarini bosib olishda davom etsa, mahalliy odamlar halok bo’ladi.
Kellogg: Kim yerlardan voz kechishni aytyapti?
Amerika Ovozi: Respublikachilar partiyasidan vitse-prezidentlikka nomzod J.D.Vens shunga ishora qildi.
Kellogg: J.D.Vens vitse-prezidentlikka kechagina nomzod bo'ldi. Ungacha u 100 senatorning biri edi. Senatda ko'p narsalarni aytishingiz mumkin. Ma'muriyat nomidan gapirsangiz, ko’p narsa o'zgaradi.