Breaking News

AQSh vitse-prezidentligiga nomzodning rafiqasi kim?


Vitse-prezidentlikka respublikachi nomzod Jeyms Vens rafiqasi Usha Vens bilan
Vitse-prezidentlikka respublikachi nomzod Jeyms Vens rafiqasi Usha Vens bilan

38 yoshli Usha Vens vitse-prezidentlikka nomzod eri Jeyms Vensni Respublikachilar syezdida sahnaga taklif qilib e’tibor qozondi.

Hindistonlik immigrantlar farzandi Usha Chilukuri Kaliforniyada tug’ilgan, hinduizm e’tiqodi bilan voyaga yetgan. 10 yil avval Vens bilan turmush qurgan.

“San-Diegoda o’rta sinf oilasida ulg’aydim”, - deydi u.

Usha Vens ziyolilar oilasidan, ota-onasi akademiklar. Hindistondan turib jiyani bilan faxrlanayotgan xolasi esa fizik olima.

“Oilamizdan katta intellekt egasi chiqqani faxrim”, - deydi xolasi Santamma.

Xalqaro hayot - 12-avgust, 2024 - AQSh, Yaqin Sharq, XAMAS
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:00 0:00

Usha Vens Yel universitetida ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyatini ta’minlash klinikasi ishtirokchisi bo’lgan. Iroqlik qochqinlarga yordam loyihasida qatnashgan. Oliy sud sudyalari Jon Roberts va Bret Kavanolarga yordamchilik qilgan.

AQShning sobiq birinchi xonimlaridan Lora Bush apparatini boshqargan Anita Makbrayd Usha Vens haqida iliq gapirdi.

“O’ta zehnli, xushmuomala, hammani xurmat qiladigan muloyim shaxs. Jamoatchilik nazaridagi inson haqida shunday e’tirof eshitish ahamiyatli. Bu ularning nufuzi va xurmatga loyiqligidan dalolat”, - deydi u.

Usha Vensning immigrantlar oilasidan ekani ayrim qatlam saylovchilari tanloviga ta’sir qiladi.

“Erim vegetarianligimga moslashdi, hind taomlarini o’rgandi”, - deydi Usha Vens.

“Jeyms Vens bizni anglamaydi va muammolarimizga befarq deb o’ylaydigan qatlamlar uchun Usha Vens ishonch ko’prigi bo’lib xizmat qiladi”, - deydi Ratgers universiteti professori Kelli Dittmar.

Uch nafar farzandning onasi Usha Vensni ayni damda saylovchilar g’alvirdan o’tkazmoqda.

“O’tmishing, erishganlaring, ta’liming, ishlaring saralanadi. Bu adolatli o’yin”, - deydi professor Makbrayd.

Jeyms Vensning aytishicha, rafiqasi siyosatga qiziqmaydi. Tramp saylansa va prezidentlik vazifasini bajara olmay qolsa, hokimiyat vitse-prezidentga o’tishi va Usha birinchi xonimga aylanishi ham mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG