Breaking News

Tolibon uch yillik iqtidorini harbiy parad bilan nishonlamoqda 


Tolibon hukumatining iqtisodiy munosabatlar bo'yicha bosh vazir o'rinbosari Mulla Abdul G'ani Birodar harbiy paradda faxriy qorovul qarshisida, Bagram aeroporti, 14-avgust, 2024.
Tolibon hukumatining iqtisodiy munosabatlar bo'yicha bosh vazir o'rinbosari Mulla Abdul G'ani Birodar harbiy paradda faxriy qorovul qarshisida, Bagram aeroporti, 14-avgust, 2024.

Tolibon Afg’oniston hokimiyatini egallaganining uch yilligini Bagram aeroportida uyushtirilgan harbiy parad bilan nishonladi.

Harbiy parad, Bagram aeroporti, Afg'oniston, 14-avgust, 2024.
Harbiy parad, Bagram aeroporti, Afg'oniston, 14-avgust, 2024.

Toliblarning uch yil avval sobiq prezident Ashraf G´ani hukumatini shiddatli tarzda mag’lub etib, Afg’onistonda hokimiyatni qo`lga olishi butun dunyoni, ayniqsa, qo’shni Markaziy Osiyo davlatlarini tahlikada qoldirgan edi.

Tolibonning harbiy paradi Markaziy Osiyoga va dunyoga harbiy qudrat hokimiyatni ushlab qolishda guruh tayanayotgan asosiy kuch ekanligiga ishora beradi.

Harbiy parad, Bagram aeroporti, Afg'oniston, 14-avgust, 2024.
Harbiy parad, Bagram aeroporti, Afg'oniston, 14-avgust, 2024.

Tolibonning Afg’onistonda hokimiyatni egallashi keskin inqirozni yuzaga chiqardi, radikal qarashdagi guruh boshqaruvi ostida yashashni istamagan minglab aholi Afg’onistonni tark etdi.

Ko´p millatli Afg’onistonda hokimiyatga mamlakatni shariat asosida boshqarish, pushtunlashtrish qaroridagi janggari guruh kelishi boshqa millatlar, jumladan, mahalliy o’zbeklarning ham siyosiy liderlari, ziyolilari, ma’rifatparvalarini quvg’inlikka mahkum qildi.

Afg’onistondagi qurolli to’qnashuvlarni xavotir bilan kuzatgan xalqaro hamjamiyatning Tolibonga qo’ygan asosiy shartlaridan biri mamlakatdagi barcha millatlar, diniy guruhlar, ayollar huquqi inobatga olingan inklyuziv hukumatni shakllantirish bo`ldi.

Tolibon harbiylari paradda, Bagram aeroporti, Afg'oniston, 14-avgust, 2024.
Tolibon harbiylari paradda, Bagram aeroporti, Afg'oniston, 14-avgust, 2024.

Bu talab ayni paytda Tolibon bilan iliq munosabat o`rnatishga ulgurgan mintaqa davlatlari, jumladan, O´zbekiston tomonidan ham qo`llab-quvvatlanadi.

Ammo Afg’onistondagi vaziyat, xususan, o´z iqtidorini harbiy parad bilan tantana qilayotgan Tolibon yuritayotgan siyosat bu talabning amalga oshishini reallikdan uzoq qiladi.

Tolibon guruh faqat pushtunlar manfaatini ilgari surayotganiga doir da’volarni rad etgan, hukumat tarkibida boshqa millat vakillari, jumladan, o`zbeklar ham borligini iddao qiladi.

Darhaqiqat, toliblar ichida kam sonli o`zbeklar bor, ulardan biri Tolibon hukumati bosh vaziri o`rinbosari Adul Salom Hanafiy.

Hanafiy Bagram aeroportida o`tgan harbiy paradda ishtirok etgan, Afg’oniston boshqa davlatlarning ichki ishiga aralashmasligi, boshqalarning o´z ichki ishiga aralashishiga yo’l qo’ymasligi haqida gapirgan.

Harbiy parad, Bagram aeroporti, Afg'oniston, 14-avgust, 2024.
Harbiy parad, Bagram aeroporti, Afg'oniston, 14-avgust, 2024.

“Afg’onistonda barqarorlik, xavfsizlik, millatlar o’rtasidagi birlikni saqlab qolish uchun jiddiy harakat qilish kerak. Afg’oniston amirligining barcha mulozimlari mamlakatda milliy, lingvistik va etnik xarakterga ega nafrat bo`lmasligi uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishlari kerak”, deb iqtibos keltiradi afg’on matbuoti Hanafiyning chiqishidan.

Ammo “Amerika ovozi” gaplashgan o’zbeklar Hanafiyni “toliblashgan afg’on” sifatida ta’riflashadi, mamlakatning shimoliy hududlarida zich yashayotgan o`zbeklar jamoasi bilan aloqasi uzilganini aytadi.

Tolibon hukumatining so´nggi ma’lumotlarida Afg’oniston aholisining umumiy soni 36 million atrofida keltiriladi, statistikada etnik ko’rsatkichlar tahlil qilinmagan, ammo o’zbeklar mamlakat aholisining 10-15 foizini tashkil etishiga doir tasdiqlanmagan qarashlar bor.

Harbiy parad, Bagram aeroporti, Afg'oniston, 14-avgust, 2024.
Harbiy parad, Bagram aeroporti, Afg'oniston, 14-avgust, 2024.

“Tolibon” Afg’onistonda hokimiyatni egallashi bungacha, sobiq prezident Ashraf G’ani hokimiyatida davrida, mamlakatdagi faol siyosiy kuchlardan bo`lgan shimoldagi o‘zbeklar yetakchisi marshal Abdurashid Do’stum rahbarligidagi partiyani ham siyosiy maydondan uloqtirdi, uning o’zi quvg’inda yashashga majbur bo’ldi.

Tolibon hukmronligi o`zbeklar uchun nafaqat o’z siyosiy yetakchilaridan, ko’plab ziyolilari, ilm va madaniyat xodimlaridan mahrum bo`lish, balki Afg’onistonda o’zbek tilining rasmiy maqomi bekor qilinishi, o’zbek tilida ta’lim olish taqiqqa uchrashi bilan kuzatildi.

Bu manzarada O´zbekiston hukumatining “Tolibon”ni olqishlab chiqishi, iqtisodiy hamkorlik, transport loyihalarini tiklash uchun toliblar bilan muloqotga kirishishi Afg’onistondagi o’zbeklarda jiddiy norozilik uyg’otdi.

“Amerika ovozi” gaplashgan Kobuldagi o`zbeklardan biri Toshkentni "Afg’onistondagi o`zbeklar manfaatini sotishda" ayblagan edi.

Harbiy parad, Bagram aeroporti, Afg'oniston, 14-avgust, 2024.
Harbiy parad, Bagram aeroporti, Afg'oniston, 14-avgust, 2024.

O’zbekiston hukumati toliblarni Afg’onistondagi vaziyatni nazorat qilayotgan real kuch sifatida hisoblashini, muzokaralarda o’zbek madaniyati, tili bilan bog’liq masalalar muhokama qilinayotganini, madaniy hamkorlikka doir turli tadbirlar o´tkazayotganini bildirgan.

O´zbekiston “Tolibon” hukumati bilan yaqin aloqalarni ushlab turganiga qaramasdan, hozircha guruhni rasman tan olmagan yoki Qozog’istonda kuzatilgani kabi Tolibonni taqiqlangan tashkilotlar ro’yxatidan chiqarishni muhokamaga qo’ygani kuzatilmaydi, albatta Toshkent toliblarni shunday ro’yxatga kiritgani taxmin qilinsa.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo liderlari sammitida Afg’oniston muammosi xalqaro hamjamiyat uchun ikkinchi darajaga tushgani, xorijda muzlatilgan Afg’oniston mablag’larining qaytarilishi mamlakat rivojlanishiga xizmat qilishi haqida gapirgan.

Harbiy parad, Bagram aeroporti, Afg'oniston, 14-avgust, 2024.
Harbiy parad, Bagram aeroporti, Afg'oniston, 14-avgust, 2024.

Toshkent “Tolibon” o’z iqtidorining uch yilligini harbiy parad bilan tantana qilganiga biror ochiq munosabat bildirmagan, ammo afg’on matbuoti aynan shu kunlarda Kobulda O´zbekiston mahsulotlari ko’rgazmasi o’tayotganiga diqqat qaratgan.

Tolibon hukumati ta’qibidan qochgan o`zbeklar hozircha Afg’onistonga qaytish niyatida emas, ular orasida jurnalistlar ham ko’pchilikni tashkil qiladi. Tolibon hukmronligi ostidagi uch yil davomida qamoqqa tashlangan jurnalistlar soni 300 nafardan oshgani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG