Breaking News

Qatarda Tolibon bilan muloqot nimani o'zgartirdi?


Tolibon Doxada O'zbekiston delegatsiyasi bilan muloqotda, 30-iyun, 2024
Tolibon Doxada O'zbekiston delegatsiyasi bilan muloqotda, 30-iyun, 2024

BMT shafeligida Qatar poytaxtida o'tgan xalqaro anjumanda Afg'oniston qanchalik keng va chuqur muhokama qilinmasin va unda Kobuldagi bugungi rahbarlar - Tolibon ham qatnashmasin, siyosatda biror o'zgarish bo'lishidan darak yo'q.

30-iyun va 1-iyul kunlari Doxada qator tashkilotlarning vakillari va maxsus diplomatlari Tolibon bilan yaqindan gaplashdi, fikr almashdi.

Tadbirga yetakchilik qilgan BMT Bosh kotibi o'rinbosari Rouzmeri Dikarlo yig'inni "konstruktiv" va "foydali" deb ta'rifladi.

"Ilk bor xalqaro hamjamiyat va muvaqqat ma'muriyat birga o'tirib, vaziyatni va pozitsiyalarni obdan muhokama qildi. Dangal gaplashildi", - deydi Dikarlo.

"Doxa jarayoni" deb ataladigan bu anjumanga o'tgan yili BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish asos solgan. Guterrishning o'zi ayni damda Markaziy Osiyo safarida, jumladan u bu hafta Afg'onistonning qo'shnilari bilan yaqindan tanishmoqda, muzokara olib bormoqda.

BMT Bosh kotibining Siyosiy masalalar bo'yicha o'rinbosari Rouzmeri Dikarlo Tolibon bilan gaplashganidan mamnun
BMT Bosh kotibining Siyosiy masalalar bo'yicha o'rinbosari Rouzmeri Dikarlo Tolibon bilan gaplashganidan mamnun

Dikarlo deydiki, Tolibon bilan muloqot davom etadi, ammo uni Kobuldagi rasmiy rahbariyat sifatida tan olish uchun shartlar bajarilishi kerak, xususan xotin-qizlarga erkinlik berilishi zarur.

"Afg'oniston hozirgi ahvolida xalqaro hamjamiyatga qayta kira olmaydi yoki iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan rivojlana olmaydi, chunki aholisining yarmi jamiyatdan chetlatilgan.

Dikarlo muayyan davlatlar Tolibonni o'zlari tan olishi ehtimolini inkor etmaydi, ammo BMT doirasidagi qarashni shunday tushuntiradi.

Qariyb 16 davlat Kobulda elchixonasiga ega. Tolibonni rasman tan olmasa-da, u bilan siyosiy aloqa yuritadi, Afg'oniston bilan tijorat qiladi.

Doxada iqtisod va qoradori bilan bog'liq masalalarga ko'proq vaqt ajratilgan, ammo mamlakatda ayollarning huquqlari toptalayotgani har bir davrada ko'tarilgan va to'siq deb ko'rsatilgan.

Tolibon delegatsiyasiga boshchilik qilgan Zabihulla Mujohid "X" sahifasida yozishicha, Kobuldagi rahbariyatning siyosati Doxada yig'ilganlarga tushuntirildi.

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan, lekin ism-sharifi ayon etilmasligini so'ragan g'arblik diplomat fikricha, toliblar haqiqatan puxta tayyorlanib kelgan va anjumanda o'z so'zini ayta olgan.

Tolibon bosh so'zlovchisi Zabihulla Mujohid Qatardagi anjumanga kelgan delegatsiyaga yetakchilik qildi, Doxa, 30-iyun, 2024
Tolibon bosh so'zlovchisi Zabihulla Mujohid Qatardagi anjumanga kelgan delegatsiyaga yetakchilik qildi, Doxa, 30-iyun, 2024

Mujohid so'zlariga ko'ra, delegatsiya moliyaviy sektorga qo'yilgan sanksiyalar olib tashlanishiga chaqirgan.

Yuzlab toliblar individual shaklda sanksiyalangan, biroq Afg'oniston banklariga to'siqlar yo'q. G'arb moliyaviy tizimlari ular bilan aloqa qilmaydi, chunki xavfli deb hisoblaydi, Tolibon iznidagi sistemaga ishonmaydi.

Doxadagi anjumanda bu sohada biror yangilik e'lon qilinmagan.

Tolibon 2021-yilda hokimiyatni egallaganida AQSh Afg'onistonga tegishli 9,5 milliard dollarni muzlatib qo'ygan. 2022-yilda uning 3,5 milliard dollari Shveytsariyada fondga aylantirilib, afg'on xalqiga yordam berish uchun sarflanadigan bo'ldi.

Xitoy, Rossiya, Pokiston, O'zbekiston, Eron va boshqa bir necha davlat Afg'onistonning xorijdagi puli qaytarilsin, deya undab keladi.

Zabihulla Mujohidning Doxada muxbirlarga aytishicha, delegatsiya BMT davrasiga kelishdan ulkan o'zgarish kutmagan, ammo Tolibon imkoniyatdan foydalanib, o'z dardini aytib olgan.

"Yutug'imiz shuki, har bir davlat Afg'onistonni quvvatlashni xohlaydi", - deydi Mujohid.

Tolibon delegatsiyasi va afg'on faollar, xususan Kobuldagi muvaqqat rahbariyatning tanqidchilari o'zaro gaplashmagan. Dikarlo buning iloji bo'lmaganini aytadi.

"Toliblar turli davlatlarning maxsus vakillari bilan gaplashib oldi, ammo afg'on fuqaro jamiyati a'zolari bilan so'zlashmadi", - deydi BMT rasmiysi.

Yaqin kelajakda biror shart yoki sharoit o'zgarish-o'zgarmasligi xususida Dikarlo hech narsa demaydi, lekin Tolibon bilan dialogdan mamnun.

Xorijdagi afg'on muxolifatidan ko'zga ko'ringan bir necha arbob anjumanga kelishdan bosh tortgan. BMT ularning qarorlari ortidagi omillarni anglashini bildiradi.

"Bu - uzun, murakkab jarayon va hammani rozi qilishning imkoni yo'q", - deydi Dikarlo.

Tolibon yana shunday yig'inlarda qatnashadimi? Zabihulla Mujohid deydiki, uning rahbariyati davrada kimlar o'tirishi va mavzularga qarab qaror qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG