Breaking News

BMT, AQSh: Tolibonga nisbatan yondashuv bugun qanday?


Tolibon rasmiylari, 14-iyun, 2023
Tolibon rasmiylari, 14-iyun, 2023

BMT Tolibonni Qatarda rejalangan xalqaro muloqotga taklif qilmoqda. Dohadagi tadbir 30-iyun - 1-iyul orasida o'tadi. Tolibon unda qatnashishini e'lon qilgan.

Dialogda asosiy mavzular - Afg'onistonning bugungi kuni, iqtisodiy vaziyat, qoradoriga qarshi kurash va iqlimdagi muammolar.

AQShdan milliy xavfsizlik bo'yicha sobiq maslahatchi Jon Bolton nazarida Dohadagi uchrashuv hech narsani o'zgartirmaydi.

"Tolibonning asl maqsadi tan olinish, siyosatni o'zgartirish emas. Ular barcha qonunlarni va tartibni chetga surib, xalqaro hamjamiyat, xususan AQSh va NATO bilan qilingan kelishuvlarga zid harakat qilishda davom etmoqda. Vaholanki, Amerika va uning ittifoqchilari o'sha hujjatlarga asoslanib, chiqib ketgan", - deydi Bolton.

Jon Kirbi, AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili, Oq uy, Vashington, 28-may, 2024
Jon Kirbi, AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili, Oq uy, Vashington, 28-may, 2024

Rossiya Tolibonni terrorchilaar ro'yxatidan chiqarishi mumkinligini bildirar ekan, Kreml uni tan olishga yaqin, degan xulosa keng.

Oq uy rasmiysi Jon Kirbi deydiki, bunday qaror xalqaro hamjamiyat uchun "dahshatli" burilish bo'ladi.

"Tolibon biror so'zida turmayapti va majburiyatlarini bajarmayapti. Xotin-qizlarga nisbatan munosabat shafqatsiz, iqtisodiyoti o'ta og'ir ahvolda, xalqiga qaray olmayapti. Biz Tolibon bunday sharoitda hukumat sifatida aslo tan ololmaymiz. Rossiya bunday qilsa, albatta salbiy oqibatlarga yetaklaydi", - deydi Kirbi, Milliy xavfsizlik kengashi vakili.

BMT Bosh kotibiyati esa tashkilot Afg'onistonning tan olinmagan rahbarlari bilan aloqada ekanini bildirib, bu muloqot orqali ularni boshqaruv tabiatini yangilashga, huquq va qonunlarni hurmat qilishga, xalqqa g'amxo'rlik qilishga undashiga urg'u beradi.

“Afg'onistonga nisbatan pozitsiyamiz o'sha-o'sha. Ayollarni ezmang, ularning hayotlarini murakkablashtirmang, xalqingizni e'zozlang", - deydi Stefan Duyarrich, BMT Bosh kotibi so'zlovchisi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG