Breaking News

Tolibonning ommaviy axborot vositalariga bosimi jurnalistlar hayotiga xavf solmoqda


"TOLO TV" jurnalistlari o'zaro suhbatlashmoqda, Kobul, Afg'oniton, 2022-yil, 8-fevral.
"TOLO TV" jurnalistlari o'zaro suhbatlashmoqda, Kobul, Afg'oniton, 2022-yil, 8-fevral.

Erkin matbuot tarafdorlari Afg’onistonda Tolibon hukumatini asossiz ayblovlar bilan qamoqqa olingan mahalliy muxbirni ozod qilishga chaqirmoqda.

Jurnalist Habib Rahmon Tasir G’azna viloyatida Tolibon razvedka agentligi tomonidan hibsga olingan.

Afg’oniston Jurnalistlar markazi (AFJC) ma’lumotiga ko’ra, u hozirda viloyat qamoqxonasida saqlanmoqda.

“Biz uning zudlik bilan ozod etilishini talab qilamiz”, - deyilgan markaz bayonotida.

Afg’oniston axboroti va madaniyati vazirligi qoshidagi OAV tartibiga javobgar komissiya rasmiylari Tasirning hisbsga olinishi yuzasidan berilgan savollarga hech qanday izoh yoki javob bermadi.

Tolibon esa mamlakat tashqarisida faoliyat yuritayotgan afg’on jurnalistlarini ta’qib qilishda davom etayotgani aytiladi.

Afg’onistondagi ikki jurnalistning “Amerika Ovozi”ga bergan xabariga ko’ra, Tolibon rasmiylari ular tomonidan taqiqlangan tashkilotlarlarga kontentlar taqdim etayotgan shaxslarni muntazam kuzatib boradi.

“Men hibsga olingan va taqiqlangan kanallarda ishlamaslikka kafolat berganidan so'ng qo'yib yuborilgan bir qancha shaxslarni bilaman", - dedi xavfsizlik nuqtai nazaridan ismini oshkor qilmaslikni so'ragan jurnalistlardan biri.

Seshanba kuni Afgʻoniston davlat teleradiokompaniyasi ikkita xususiy telekanal – “Nur TV” va “Barya TV”ni ommaviy axborot vositalari qoidalarini buzganlikda ayblab, faoliyati toʻxtatilganini eʼlon qildi.

Bu masalalar Tolibon sudiga ko’rib chiqish uchun jo’natilgan.

Axborot vazirligi va uning qoshidagi tartib komissiyasi telekanalar faoliyatining to’xtatilishi sabablarini tushuntirib bera olmadi. Ma’lumotlarga ko’ra, faoliyati to’xtatilgan telekanallar rahbarlari mamlakatdan tashqarida yashaydi.

AFJC direktori Ahmad Qurayshning aytishicha, “Nur TV”ning yopilishiga sabab – Tolibonlarning cheklovlariga qarshi ravishda ayol kishining televideniyega ochiq yuz bilan chiqqanidir.

Tolibon talabiga ko’ra, televideniyega chiqqan ayol jurnalistlar va mehmonlar yuzlarini yopishlari lozim va faqat ko’zlari ochiq holda qolishi kerak .

Shuningdek, Tolibonning mahalliy rasmiylari ayrim hududlardagi radiostansiyalarda ayollar ovozi radiolavhalarda ishlatilishini ham taqiqlagan. Bu cheklovlarga omma jinsiy tengsizlik va zolimlik deb qaramoqda.

Tolibon rasmiylari esa bu siyosatni islomiy va an'anaviy qadriyatlarga mos deb himoya qilmoqda.

Tolibon hokimiyatga qaytganidan beri Afg'onistonning bir vaqtlar gullab-yashnagan erkin matbuoti deyarli butunlay tanazzulga yuz tutdi. O‘nlab nashrlar faoliyati to’xtab, minglab ommaviy axborot vositalari xodimlari va fuqarolik jamiyati faollari mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi.

Ba'zi afg'on jurnalistlari xorijda surgundagi media startaplarini yo'lga qo'ygan bo'lsa-da, Afg'oniston va qo'shni mamlakatlarda qolgan jurnalistlar o’zlariga va xavfsizliklariga nisbatan doimiy tahdidlarga duch kelmoqda.

3-aprel kuni Pokistonning Islomobod shahrida ro‘y bergan otishmada avvallari “Ozodlik” radiosida ishlagan taniqli afg‘on jurnalisti Ahmad Hanayesh og‘ir jarohat oldi.

Hanayeshga hujum uyushtirganlarning maqsadi va kimligi noma'lumligicha qolmoqda.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining xabariga ko‘ra, hozirda kamida 150 nafar afg‘onjurnalisti Pokistonda bo’lib, uchinchi davlatga ko‘chirilishini kutmoqda.

Matbuot erkinligi guruhlari Pokistonni jurnalistlar, ayniqsa, hukumat va harbiylar haqida tanqidiy maqolalar yozadiganlar uchun juda xavfli deb hisoblaydi. 1992 -yildan beri mamlakatda o'z ishi sababli 64 jurnalistning o’ldirilgani haqida jinoiy ish ochilgan, lekin ko’p hollarda hech kim javobgarlikka tortilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG