Tolibon Axborot va madaniyat vazirligi jurnalistlardan yangi ro'yxatdan o'tib, qayerda ishlashi va shaxsiyatini tasdiqlatishni talab qilmoqda.
“O'tgan haftadan beri shunday tartibga o'tdik va buni viloyatlarda ham joriy etayapmiz", - deydi Abdul Vohid Rayan, media monitoring bo'yicha rasmiy.
Muxbirlarga beriladigan yangi hujjatda maxsus kod bor. U orqali vazirlikning ma'lumot manbaiga ulanib, shaxsning ism-sharifi, ish joyi va boshqa detallarini aniqlash mumkin.
Bu hujjat uchun pul to'lanmaydi, deya bildiradi Tolibon. U orqali hukumat jurnalistlarni himoya ham qiladi, chunki favqullodda holatlarda qo'llash uchun ham mo'ljallangan.
Xotin-qizlarning hozirda media sohada ishlashi cheklangan, ammo rasmiylar deydiki, ayollar ham bemalol yangi hujjat uchun murojaat qilishi mumkin, agar biror axborot vositasida ishlalyotgan bo'lsa.
Biroq media xodimlar orasida ayollar kamayib ketgan. "Amerika Ovozi" bilan so'zlashgan muxbirlar bu hujjat muammolarga yechim emasligini aytadi. Ular nazarida Tolibon informatsion tizimni mutlaq jilovlab bo'lgan va professional jurnalistikani o'ldirgan.
Bu soha vakillarini himoya qiluvchi ikki nohukumat tashkilot yangi tartibni qoralamoqda.
“Tolibonga bu nega kerak? Maqsad nima?” deya so'raydi Abdul Qadim Vayar, Afg'on jurnalistlari xavfsizligi qo'mitasi raisi.
“Jurnalistlar qo'lida allaqachon yetarlicha hujjat bor. Yangisi nima beradi?” deydi Sumaya Valizada, Afg'on jurnalistlar markazi faoli.
"Mediani nazorat qilish uchun yana bir vosita”, - deya sharhlaydi Be Li Yi, Nyu-Yorkdan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi vakili.
"Mustaqil jurnalistika shundoq ham tugatildi. Bu hujjatlar yordamida toliblar muxbirlarning har bir qadamini kuzatishni xohlaydi".
Tolibon esa bu talablar oldingi hukumat davrida ham bo'lgan, deya siyosatini oqlashga urinmoqda.
Kobulni egallaganiga ikki yil to'layotgan harakat hozirgacha mediaga yumshoq munosabatda bo'lganini da'vo qiladi.
Jurnalistlar esa buning aksini aytadi. Islomni targ'ib qilishdan boshqa hamma narsa media man etilgan, deydi ular. Tolibon jurnalistlarni qamash, qiynash, ularga bosim o'tkazish, har qadamda ma'lumot olishni cheklashni normal holat deb biladi.
Tolibonga ko'ra, real muhit bunday emas. Axborot oqimi va jurnalistlar faoliyati cheklanmagan, deydi rasmiylar.
Afg'onistonga borayotgan chet ellik media xodimlar uchun qanday tartib joriy etilgani ham mavhum.
Xorijiy OAV Afg'onistonda deyarli qolmagan. O'nlab muxbirlarning mamlakatga kirishi taqiqlangan.
Minglab mahalliy jurnalistlar ham vatanini tark etgan. Axborot vositalarining aksariyati yopilgan.