2021-yil avgustda AQSh kuchlari Afgʻonistonni tark etgandan so’ng Tolibon tomonidan qoʻlga kiritilgan AQSh qurollari xorijiy mamlakatlarda ko’rinish bera boshlagan.
O'tgan oy ismini oshkor qilmaslik sharti bilan “Newsweek” jurnaliga gapirgan isroillik qo'mondonga ko’ra, AQShning Afg'onistonda qolgan ba’zi kichik qurollari G'azo sektoridagi Falastin guruhlar qo’lida aniqlangan.
Afg'onistondagi Amerika qurollari qo'shni Pokiston va boshqa hududlarda ham sotilgan.
Ommaviy axborot vositalaridagi xabarlarga ko’ra, toliblar bu qurollarning noqonuniy savdosidan foyda ko‘rmoqda. Ba’zi tahlilchilarga ko‘ra, Tolibon Afg’onistonda qurol qora bozorini nazorat qiladi.
Tolibon Amerika qurollari sotilayotgani haqidagi da’volarni rad etdi.
Afg‘oniston Islom Amirligi matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid 10-iyul kuni “Tvitter”dagi sahifasida yozishicha, “AQShdagi ayrim doiralarning “Islom amirligi Afg‘onistonda Amerika qo‘shinlari qoldirgan qurol va jihozlarni boshqa manbalarga sotgan”i haqidagi da’vo asossiz.
"Haqiqat shundaki, xorijiy kuchlar (Afg'onistondan) chiqarib yuborilgandan so'ng va Islom Amirligi to'liq nazoratni qo’lga olgandan so'ng, jihozlar va transport vositalari omborlarda saqlanmoqda va hech kimga hatto bitta qurolni ham olish yoki sotishga ruxsat berilmaydi".
2022-yil avgust oyida AQSh Mudofaa vazirligi chiqargan bayonotga ko’ra, AQSh Afg’onistonni tark etishi ortidan 7,12 milliard dollarlik qurol-aslaha Tolibon qo’liga o’tgan. Bunga harbiy samolyotlar, quruqlikdagi transport vositalari, o’q otar qurollar va boshqa harbiy texnikalar kiradi.
2021-yil noyabr oyida “The New York Times” nashri Afg‘oniston janubida Tolibonning bosh bazasi bo‘lgan Qandahor viloyatida qurol sotuvchilar bilan aloqa o’rnatgan. Dilerlar Amerika qurollarini ochiqchasiga sotayotgani aniqlangan.
Qandahordagi qurol savdogarlarining aytishicha, Tolibon o'z jangarilariga sobiq afg'on hukumat kuchlari bazalarini bosib olgach, qo'lga kiritilgan ba’zi o'qotar qurollarni sotishga ruxsat bergan. Boshqa qurollar musodara qilinib, Tolibon qo‘mondonlariga topshirilgan.
“The New York Times” bilan suhbatlashgan dilerlar AQSh qurollari Pokistonga kontrabanda yo'li bilan olib o'tilayotganini aytgan. Bu harbiy texnikalar Pokiston hukumati kuchlariga qarshi jangarilar qo‘liga o‘tgan.
Xabarlarga ko‘ra, AQSh qurollari Hindistonning eng shimoliy qismi bo‘lgan Kashmirga ham yetib borgan.
Yanvar oyida Hindiston nazoratidagi Kashmir hukumatining “NBC News” telekanaliga ma'lum qilishicha, “Jaishi Muhammad” va “Lashkari Toyiba” jangari guruhlari qo’lida AQSh qurollari, jumladan, M4 va M16 miltiqlari topilgan.
Har ikki guruh jangarilari Afg‘onistonda Tolibon safida jang qilgan yoki ular bilan birga tayyorgarlikdan o‘tgan.