Breaking News

Tolibon: Qatardagi xalqaro muloqotga taklif qilinish - siyosiy yutuq


Tolibon Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy, Kobul, Afg'oniston, 24-iyun, 2024
Tolibon Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy, Kobul, Afg'oniston, 24-iyun, 2024

Afg'onistonni uch yildan beri boshqarib kelayotgan Tolibon 30-iyunda Qatarda BMT anjumanida ishtirok etib, xalqaro hamjamiyat bilan mamlakat kelajagini muhokama qiladi.

Mana shunday tadbirdan o'rin berilayotgani Tolibon nazarida siyosiy yutuq. Kobulda rasmiylar shunday bayonotlar bermoqda.

Tolibon tuzumida ayollarga joy yo'q va amaldagi mutaassib siyosatni harakat islomiy qonunlarga asoslangan tartib, deya izohlaydi.

Biror davlat uni hukumat sifatida tan olmagam, garchi qator mamlakatlar toliblar bilan hamkorlik qiladi va turli jabhalarda sherik.

“Qo'shnilarimiz va mintaqadagi boshqalar bilan faol va ijobiy rishtalarga egamiz, qolaversa G'arb va xususan AQSh hukumati bilan ham samimiy gaplashish payidamiz", - deydi Amir Xon Muttaqiy, Tolibon Tashqi ishlar vaziri, Kobulda so'zlar ekan.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish boshlagan xalqaro muloqot Qatarda uchinchi bor tashkil etilmoqda va unda toliblardan afg'on xotin-qizlariga erkinlik berish, inson huquqlarini hurmat qilish, barcha fuqarolar manfaatlarini aks ettiruvchi hukumat tuzishga ko'nish so'raladi. 2021-yilning avgustida hokimiyatni egallaganidan beri Tolibonga shunga undaladi, ammo progress yo'q.

Guterrish Qatardagi ilk yig'inga toliblarni chaqirmagan. Ikkinchisiga esa ularning o'zi kelishdan bosh tortgan. Uchinchisiga taklif qilinganidan harakat mamnun.

Dohadagi konferensiyada 25 davlat vakillari kutilmoqda, jumladan Markaziy Osiyo respublikalaridan ham.

BMTning Afg'oiston bo'yicha idorasi rahbari Roza Otunbayeva deydiki, dunyo hamjamiyati toliblar bilan muloqoti qilishi lozim, aks holda Afg'onistonda biror ijobiy o'zgarish bo'lmaydi. Otunbayeva shu tariqa hatto Tolibonni ayollarga o'rin berishga ham ko'ndira olishiga ishonadi.

“Tolibon shunday qilishi zarurligini xalqaro jamoadan eshitishi kerak. Xotin-qizlarni har sohadan chetlashtirish bilan ular biror yutuqqa erishmaydi", - deydi rasmiy.

Otunbayeva Qatardagi anjuman oldidan yuzlab afg'on faollar, jumladan ayollar bilan uchrashgan, ularni tinglagan.

“Bir narsada hamfikrmiz: Afg'onistonning hozirgi rahbarlari xotin-qizlarning huquqlarini toptashda davom etar ekan, ularning ta'lim olishiga to'sqinlik qilar ekan, hamma erkin yashay olishini ta'minlovchi qonunlar qabul qilinmas ekan, bu hukumat tan olinmaydi", - deyiladi BMT bayonotida.

Roza Otunbayeva, BMTning Afg'oniston bo'yicha idorasi rahbari
Roza Otunbayeva, BMTning Afg'oniston bo'yicha idorasi rahbari

Otunbayeva va bir necha xalqaro diplomat Qatarda anjuman ketidan boshqa yig'inlar ham o'tkazib, afg'on faollarining takliflariga quloq tutadi.

Inson huquqlari tashkilotlari, jumladan "Xalqaro amnistiya" va "Human Rights Watch" BMTdan Tolibon bilan bir davrada o'tirishga bel bog'lagani uchun norozi. Bu guruhlar nazarida BMT aslida toliblarni huquqbuzarligi uchun jazolayotgan bo'lishi kerak.

Otunbayevaning so'zlariga ko'ra, Qatardagi muloqotda iqtisodiy vaziyatga ham e'tibor qaratiladi, qoradoriga qarshi kurash masalasi ham ko'rib chiqiladi.

Tashkilotchi va tashabbuskor Guterrish bo'lsa-da, 30-iyundagi anjumanni BMT Bosh kotibining Siyosiy masalalari bo'yicha muovini Rozmeri Dikarlo olib boradi.

Dikarlo o'tgan oy Kobulga borib, Tolibonni shaxsan taklif qilgan.

BMT rasmiylarining tushuntirishicha, muloqot muhim va Afg'onistonda konkret muvaffaqiyatga erishish uchun muayyan jarayonlarni yo'lga qo'yib olish lozim. Xalqaro hamjamiyat yakdil qadam tashlashi kerak, deydi ular.

XS
SM
MD
LG