Breaking News

Markaziy Osiyo bilan yaqinlashayotgan Tolibon Afg'onistonni pushtunlashtirish niyatidami?


Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston xalqi nomidan Afg’oniston xalqiga insonparvarlik yordami yetkazdi, 25-aprel, 2024
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston xalqi nomidan Afg’oniston xalqiga insonparvarlik yordami yetkazdi, 25-aprel, 2024

Toliblarni terrorchilar ro’yxatidan chiqarayotgan Markaziy Osiyo davlatlarida Afg’oniston inklyuziv hukumatga muhtojligiga doir da’volardan deyarli voz kechilgani, Tolibon Afg’onistonning yagona, shaksiz qudrati sifatida qabul qilinayotgani kuzatiladi.

Markaziy Osiyo hukumatlarining Tolibon bilan munosabati so’nggi paytda jiddiy faollashgan.

O’zbekiston hukumati Afg’onistonga navbatdagi insonparvarlik yordamini yetkazishi ortidan Qozog’iston rasmiylari Tolibon bilan muzokaraga otlanishdi.

Bosh vazir o’rinbosari Serik Jumangarin rahbarlik qilgan delegatsiya Kobulda afg’on-qozoq iqtisodiy hamkorligini muhokama qilgan, ikki davlatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko’rgazmasi tashkil qilingan.

Kobulda Afg’oniston, Qozog’izston, Turkmaniston rasmiylaridan iborat uch tomonlama muzokaralar, transport koridorlari masalasi muhokama qilinishi ham kutilyapti.

Avvalroq Qozog’iston mintaqada birinchilardan bo’lib Tolibonni terrorchi tashkilotlar ro’yxatidan chiqarish haqida qaror qabul qilgan edi.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ham Qozog’iston yo’lidan borishi, Tolibon hukumatini rasman tan olish masalasi muhokamaga chiqishiga doir farazlar ham mavjud.

Bu siyosiy jarayonlar xalqaro hamjamiyat tomonidan Tolibonga qo’yilgan talablar, jumladan, inklyuziv hukumatni shakllantirish, inson haqlarini ta’minlash, ko’p millatli mamlakatda milliy etnik huquqlarni tiklashga doir shartlarda biror o’zgarish qilinmagan, vaziyat aksincha og’irlashib borayotgan bir manzarada kuzatiladi.

AQSh hukumatining dunyodagi inson huquqlariga doir yillik hisobotida Afg’onistondagi vaziyat, xususan ayollar huquqi bilan bog’liq vaziyat o’ta ayanchli ekanligi, o’nlab ayollar toliblar tomonidan zo’rlangani ta’kidlanadi.

Bu tahlilda toliblarning Afg’onistondagi milliy ozchilik, xususan o’zbeklar va tojiklarni kamsitish munosabatiga ham to’xtab o’tilgan.

Ta’kidlanishicha, o’zbek va tojik millatidan bo’lgan ikki afg’onistonlikning sog’liqni saqlash tizimiga ishga kirish arizasi rad qilingan, ularga O’zbekiston yoki Tojikistondan ish izlash tavsiya qilingan.

Departament hisobotida ijtimoiy sohadagi millatchilikka misol keltirilgan. Ammo milliy huquqlar toptalishi faqat ijtimoiy soha bilan cheklanmaydi.

Afg’onistondagi jarayonlarni yoritib kelayotgan Aamaj.news xabar berishicha, Tolibon hukumati Oliy ta’lim vazirligi Afg’onistonda ilmiy adabiyotlarni o’zbekchaga o’girishni taqiqlash haqida buyruq chiqargan.

Xabarda aytilishicha, ilmiy adabiyotlarni faqat mamlakatdagi rasmiy tillar - pushtu va forschaga tarjima qilish belgilangan.

Nashr yana bir xabarida Tolibon jangchilari o’zbek qo’mondoni, Xo’jag’orning sobiq hokimi Mavlaviy Qodirni kaltaklagani haqida yozadi. Ta’kidlanishicha, toliblar va qo’mondon Mavlaviy Qodir o’rtasidagi ziddiyat machitda yuz bergan.

Toliblar Afg’onistonni egallagunga qadar o’zbek tili ham Afg’onistondagi rasmiy tillardan biri edi.

Mamlakat Tolibon nazoratiga o’tar ekan, rasmiy Toshkent toliblarni olqishlab chiqishidan qat’i nazar, o’zbek tili mamlakatdagi rasmiy maqomini yo’qotdi.

Toshkent Tolibonning o’zbek madaniyati, tiliga nisbatan kiritayotgan taqiqlariga nisbatan sukutda va diqqatni savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga, bir necha o’n yillardan buyon muhokama qilib kelinayotgan transafg’on koridori loyihasini amalga oshirishga qaratgan.

O’zbekiston Tolibonni tan olish, taqiqdagi tashkilot ro’yxatidan chiqarish tashabbusini ochiq bildirmagan, ammo ular bilan muloqotni yoqlab chiqqan dastlabki davlatdir.

Tolibon hokimiyatga kelganidan keyin mahalliy faollarga, jumladan o’zbek ziyolilariga nisbatan quvg’in, tazyiqlar boshlandi. O’zbek tilining rasmiy maqomi bekor qilinsa ham rasmiy Toshkent vaziyatga aralashmadi.

O’zbekistondan keyin eng ko’p o’zbeklar yashaydigan mamlakat - Afg’oniston. 35 millionlik mamlakat aholisining 8 millionga yaqinini o’zbeklar tashkil qilishi aytiladi.

Toliblar qudratga kelguncha Kobulda san’at bilan shug‘ullangan afg’onistonlik o’zbekning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, o’zbek tili, madaniyati, san’ati Tolibonning keskin tajovuzi ostida qolgan bir manzarada, O’zbekiston hukumati afg’onistonlik millionlab o’zbeklardan yuz o’girdi.

Uning ta’kidlashicha, O’zbekiston hukumati Tolibonning maqsadi Afg’onistonni pushtinlashtirish ekanligini yaxshi biladi, buni kuzatib turibdi, ammo o’zining iqtisodiy-siyosiy manfaatlaridan kelib chiqib, millionlab o’zbeklar muammosiga ko’z yumishni afzal bilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG