Breaking News

Dunyo xavfsizlik xizmatlari Markaziy Osiyoga diqqatni kuchaytirgan


Tojikiston-Afg'oniston chegarasidagi qishloq, 30-mart, 2024
Tojikiston-Afg'oniston chegarasidagi qishloq, 30-mart, 2024

Markaziy Osiyo - ISHIDga jangarilar yetkazayotgan mintaqa, deb qaralar ekan, xalqaro maydonda xavotir kuchaygan.

Tadqiqotchilar deydiki, Markaziy Osiyoda iqtisodiy qiyinchiliklar, diniy repressiya va avtoritar rejimlar yoshlarni radikallashtirish va jangari sifatida yollash uchun qulay muhit yaratadi.

150 nafarga yaqin odam o`lgan Moskvadagi “Krokus” konsert zalidagi yirik terror hujumi markaziy osiyoliklar qilgan yagona xuruj emas. Sal oldin Eronda ham 100 ga yaqin kishi hayotiga zomin bo`lgan shunday terror kuzatilgan edi.

Har ikkisi Tojikiston fuqarolari tomonidan amalga oshirilgani qayd etilgan.

90 foizdan oshiq aholisi musulmonlardan iborat Tojikiston Markaziy Osiyodagi eng ezilgan jamiyatlardan biri. 30 yildirki, mamlakatni bir kishi, sobiq kommunist Imomali Rahmon boshqarib keladi.

Bu vaqt davomida Tojikiston fuqarolik urushiga, davlat to’ntarishiga urinishlar, noroziliklar, g’alayonlarni boshdan kechirdi. Ammo rejim ham, mamlakat rahbari ham o’zgarmadi.

Ayni paytda Tojikiston mintaqaning eng qashshoq davlatlaridan, aholisining katta qismi mehnat muhojirligida, asosan Rossiyada.

ISHIDga, jumladan ISHID-Xuroson safiga yollanayotganlar aksariyati ham mehnat muhojirligidagi tojikistonliklar hisobiga to’g’ri keladi.

Moskvadagi terrorda ayblanib hibsga olingan 12 kishining hammasi, bir nafar qirg’izistonlikdan tashqari, Tojikiston fuqarolari.

Bundan avval Germaniyada ISHIDga aloqadorlik, mamlakatda xurujlar rejalashtirganlikda ayblanib, bir guruh tojikistonlik hibsga olingan, ayrimlari ustidan mahkama bo’lib o`tgan edi.

Yaqinda esa AQShda, boshpana so`rab mamlakatga kirgan sakkiz nafar tojikisonlik ISHIDga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olindi.

AQSh maxsus xizmatlari bu guruhni davomli kuzatuv ortidan hibsga oldi. Suddan so`ng tojikistonliklar vataniga deportatsiya qilinishi aytildi.

Rasmiylarning ta'kidlashicha, Tojikiston, O´zbekiston va Qirg’iziston fuqarolari Amerikaga noqonuniy kirgan taqdirda boshpana so’rash huquqidan mahrum qilinadi.

So’nggi paytda Meksika orqali noqonuniy kirishga urinayotgan Markaziy Osiyo fuqarolari soni jiddiy ko’paydi.

Avvalroq shunday yo`l bilan AQShga kirgan o`zbekistonliklarga ISHID a’zolari ko`maklashgani, Meksika orqali mamlakatga kirib kelayotgan markaziy osiyoliklar ustidan nazorat keskin kuchaytirilgani xabar qilingan edi.

AQSh matbuoti mamlakatda terror xavfi keskin oshganligi haqida xabar berar ekan, Markaziy Osiyo ISHID jangarilar yollayotgan asosiy mintaqaga aylanganiga diqqat qaratadi.

Maqolada ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyo, xususan Tojikistondagi qashshoqlik va yakkahokimlik, shuningdek, e’tiqod erkinligi bo’g’ilishi ISHID safini jihodchilar bilan to`ldirishga qulay imkoniyat beradi, hatto yollanayotganlar radikal g’oyalarni qo’llamagan taqdirda ham.

Radikal guruhlarga qo’shilayotganlar faqat Tojikiston bilan cheklanmaydi.

Qirg’iziston huquq tartibot idoralari ISHID g’oyasini targ’ib qilish, yangi a’zolar jalb qilish bilan shug’ullangan guruh hibs qilingani haqida ma’lum qildi.

Mamlakatni turli hududlarida hibsga olingan 15 kishi tomonidan “tarqatilgan foto va videomateriallarda terrorchilik faoliyatiga ommaviy da’vat, konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga urinish belgilari mavjud”ligi ta’kidlanadi.

Qirg’izistonliklar hibsi bilan bog’liq vaziyatda gap ISHID haqidagi yoki ISHID-Xuroson guruhi haqidami, aniq emas. Hibsdagi guruh yetakchilaridan biri ISHIDning afg’onistonlik a’zosi tomonidan yollangani ta’kidlanadi.

“Qirg’izistonlik mutaxassislar Moskvadagi teraktdan keyin bu guruhga e`tibor qaratishni boshlashdi, jumladan o`zim ham, chunki bu nisbatan yangi guruh, ma`lumotlar ko’p emas”, deydi mintaqaviy ekspert Alisher Ilhomov.

ISHID-Xuroson “Islomiy davlat”ning mintaqadagi qanoti hisoblanadi, Afg’onistonda qo`nim topgan va “Tolibon” bilan ziddiyatda, ammo faoliyati aynan toliblar hokimiyatga qaytganidan keyin jonlandi.

Rossiya va Erondagi xurujlar shu guruh tomonidan amalga oshirilgan deb gumon qilinadi.

Guruh internetda ancha faol, o’zbek-tojik tillarida ham axborot tashviqoti yuritadi, tarkibida tojiklar va o`zbeklar ko’pligi aytiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG