Breaking News

Markaziy Osiyo ISHID nishonidami?


Xuroson qishlog'i, Xatlon, Tojikiston
Xuroson qishlog'i, Xatlon, Tojikiston

Moskva sudi “Krokus” konsert zalidagi terror xurujida ayblanayotgan Tojikiston fuqarolarining hibs muddatini 22-avgustgacha uzaytirdi.

145 kishi halok bo’lgan terror xurujida ayblanib, 12 kishi hibsga olingan. Qirg’izistonda tug’ilgan Rossiya fuqarosi istisno qilinsa, hibsdagilarning hammasi Tojikiston fuqarolari.

Moskvadagi terror uchun mas’uliyatni “ISHID-Xuroson” guruhi bo’yniga olgani ta’kidlangan edi.

Terrorga doir dastlabki ma’lumotlar jamoatchilikda ko’plab savollar uyg’otdi. Xususan, ijrochilarning ekstremistik aqidalardan uzoqligi, jangovar tayyorgarlikdan uzoq ijrochilar qanday qilib bu dahshatli xurujni amalga oshirishganiga doir munozaralar hamon davom etyapti.

Bundan qat’i nazar, dunyoni larzaga solgan bu terror xuruji Tojikiston, jumladan Markaziy Osiyo fuqarolariga nisbatan ham hadikni kuchaydi, ayrim davlatlar, xususan Turkiya Tojikiston bilan vizali tizimni qayta tikladi.

Xalqaro matbuot Markaziy Osiyo, xususan Tojikiston terrorchi guruhlar o’ziga jangari yollayotgan mamlakatga aylanayotganiga diqqat qaratmoqda.

Prezident Emomali Rahmon Moskvada Vladimir Putin bilan o’tgan uchrashuvda terror xuruji Tojikiston nufuziga jiddiy zarba berganligini aytdi.

Ammo Rahmon terakt ortidan jamoatchilik orasida yuzaga chiqqan asosiy savol – nima sababdan ekstremistik guruhlarga qo’shilayotgan tojikistonliklar soni oshayotgani sababini izohsiz qoldirdi.

Moskvadagi terror hujumi bo’yicha tergov-surishtiruv davom etyapti, xuruj qanday motivlarga asoslangani rasman aniq emas.

Ammo ekspertlar nafaqat Moskva, balki Markaziy Osiyo davlatlari ham teraktdan siyosiy bosim sifatida foydalanishi, cheklov va bosimlar bu mamlakatlardagi diniy vaziyatni yanada keskinlashtirishidan xavotirda.

Terakt ortidan mehnat muhojirlariga nisbatan ommaviy tazyiqlar boshlangan Rossiyadan yuzlab migrantlar deportatsiya qilindi, kirish taqiqlandi. O’zbekistonliklardan biri ijtimoiy tarmoqda “Krokus”dagi xurujni oqlaganligi vaji bilan javobgarlikka ham tortilgan.

Terror xuruji yuzasidan Moskva bilan yaqin hamkorlikka kirishgan Tojikistonda o’nlab odamlar, ijrochilarning qarindoshlari ham hibs qilindi, tergovga tortildi.

Ayni paytda Tojikistondagi siyosiy mahbuslar, Prezident Rahmonga muxolifligi uchun qamoqqa tashlangan faollarning aksariyati diniy ekstremizmda, terrorizmda ayblangan.

Terakt ortidan bunday mahbuslar soni yanada oshishi, dindorlarga ta’qib yanada kuchayishi mumkin.

Tojikiston hukumati kuni kecha haj ziyoratidan qaytayotgan musulmonlarni tantanali kutib olishni, shuningdek, xorijliklarga tegishli milliy liboslar kiyishni taqiqladi.

Markaziy Osiyo bo’yicha ekspert Alisher Hamidovga ko’ra, mintaqa, xususan Tojikistonda “ISHID-Xuroson” guruhi jiddiy faollashgani haqida gapirishga asoslar hali yetarli emas.

“Mintaqa asosan avtoritar boshqaruvlarga asoslangan, Qirg’iziston ham hozir shu tomonga burildi. Bunday sharoitda diniy erkinlik haqida gapirish qiyin. Bundan tashqari iqtisodiy muammolar ham dolzarb. Tojikiston, Qirg’iziston, O’zbekistoning aholisi asosan mehnat muhojirligidan pul topishga majbur. Markaziy Osiyoda 30 yildirki shunday siyosat, mintaqa davlatlari diniy guruhlarga qarshi kurashib keldi, qancha oqimlar qamoqqa tashlandi, qiynoqlarga tutildi. Diniy e’tiqodga doir vaziyat hamisha tarang bo’lgan, mintaqa turli teraktlar, yangi diniy oqimlar shakllanishini, ularning yo’q qilinishini ham kuzatdik. Hukumatlarda, xususan, Tojikistonda ham bu borada aniq tajriba bor, buni amalda qo’llab kelishmoqda. Ammo bosimga, kuchga asoslangan bu tajriba rakidallashish muammosining yechimi emas”, - deydi ekspert.

Markaziy Osiyo radikal guruhlar ko’z tikayotgan mintaqaga aylanayotgani haqidagi xabarlar manzarasida BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov O’zbekistonga safar qilgani xabar qilinmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Voronkov bilan radikalizm va zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashdagi hamkorlik masalasini muhokama qilgan.

“Yoshlarni ekstremizm va terrorizm gʻoyalarining buzgʻunchi taʼsiridan himoya qilish, kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni kengaytirish va BMT institutlarida yosh mutaxassislar uchun stajirovkalar tashkil etishga qaratilgan qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Bu uchrashuvda Afg’oniston masalasiga, mamlakatga xalqaro hamjamiyat diqqatini jalb qilish, gumanitar yordam yetkazishga diqqat qaratilgan.

Moskvadagi terror xuruji ortida turgani ta’kidlanayotgan “ISHID-Xuroson” guruhi ham Afg’onistonda qo’nim topgani, tojik va o’zbek tillarida tashviqot yurita boshlagani, o’z safiga tobora ko’proq mintaqa fuqarolarini jalb qilishda davom etayotgani ta’kidlanadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG