Prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy safar bilan Moskvada. U 8-may kuni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitida, 9-may kuni esa G’alaba kuni paradida qatnashmoqda.
Bu kun O’zbekistonda Xotira va qadrlash kuni. Ikkinchi jahon urushi yakunlangani nishonlanadi, qurbonlar xotirlanadi.
Rossiya Ukrainani bosqin qilib turgan manzarada o`tkazilayotgan harbiy parad fashizm ustidan g’alaba timsolini yo’qotgan. Chunki bu tantana dunyo uchinchi jahon urushi xavfi bilan to’qnash bir paytga to’g’ri kelmoqda.
Bu xavf bevosita Moskva ishtiroki bilan yuzaga chiqdi. Uchinchi yilki, Ukrainada ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik ziddiyatga avjga chiqqan.
Putin Ukrainadagi maxsus harbiy amaliyot sifatida e’lon qilgan bu mojaroda hozirgacha har ikki tomondan yuz minglab qurbonlar berilgani, bu ikkinchi jahon urishidan keyingi eng yirik ziddiyat ekanligi ta’kidlanadi.
Qurbonlar soyasida o`tayotgan bu g´alaba paradi shu bois ham o’z ma’nosini yo’qotgan, tantanaga sherik davlatlar soni kamaygan.
Mirziyoyev paradda ishtirok etayotgan sakkiz davlat rahbarlaridan biri.
Aksariyat Markaziy Osiyo liderlaridan iborat ishtirokchilar safida Gvineya-Bisau, Laos, Kuba prezidentlari ham bor.
O´zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitida kuzatuvchi maqomida.
Biroq hamkorlikni rivojlantirish, umumiy bozor tashabbusini surayotgan itttifoqdagi vaziyat tarang.
Armaniston Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlarni tark etish niyatida.
Ammo Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Yevrosiyo ittifoqining Moskvadagi yig`inida ishtirok etmoqda. Uning g’alaba paradida ishtirok etish-etmasligi mavhum.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning Moskvadagi g’alabaga paradiga faqat “Rossiyaga do’st davlat rahbarlari” taklif qilingani haqidagi bayonoti inobatga olinsa, Armaniston bu ro`yxatdan chiqarilgan.
Aksariyat dunyo Rossiyaning agressiv siyosatidan uzoqlashayotgan bir manzarada Markaziy Osiyo liderlari eng sodiq ittifoqchilar sanaladi.
Rossiyada markaziy osiyolik muhojirlarga nisbatan tahdid va tazyiqlar kuchaygan. Shunga qaramasdan rahbarlarning yaqinligi - mintaqada hukumatlar va jamoatchilik o`rtasidagi ulkan jarlikdan darak.
Ayniqsa, Rossiyadagi muhojirlar soni millionlab ekani, Tojikiston va Qirg’iziston kabi davlatlar tahdidlar mavjudligi uchun o’z fuqarolariga vaqtincha Rossiyaga bormay turush tavsiyasi bilan chiqishgani inobatga olinsa.
Tojikiston fuqarolari ayblangan Moskvadagi terakt ortidan Markaziy Osiyo fuqarolariga nisbatan bosim susaymagan.
Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqi yig’ilishida qatnashayotgan prezidentlar bu muammoni qanchalik ko`tarishgani haqida hozircha ma`lumotlar yo`q.
Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ham Moskvada. Ular paradda Prezident Vladimir Putinga hamroh.
Markaziy Osiyo liderlari Rossiya ittifoqchisi maqomini bajarishda davom etarkan, Moskvaning Ukrainadan keyingi zarbasi aynan shu ittifoqchilardan biriga qaratilishiga doir farazlar anchadan buyon mavjud.
Bu boradagi xavotirlar ayniqsa Qozog’istonda kuchli. Ukrainada Rossiyaga qarshi jang qilayotgan o`zbek faollaridan biri Ravshan Ro’zmetov fikricha, Markaziy Osiyo prezidentlari Putinga sodiqlik namoyon etib, faqat vaqtdan yutqazishlari mumkin.
“Rossiyaning Ukrainadan keyingi nishonni sobiq ittifoq davlatlaridan biriga qaratishi aniq. Bu Rossiya bilan qo’shni davlat bo`lishi ehtimoli yuqori. Agar Kreml yuritayotgan tashviqotga qaralsa, Qozog’iston nishonga olinayotganini ko’rish mumkin. Markaziy Osiyo davlatlari bu tahdidga qarshi kuchni faqat o’zlaridan topishlari mumkin, buning uchun vaziyatga real qarab, vaqtni boy bermaslik kerak”, - deydi Ro’zmetov.
Mintaqa Ukraina urushiga nisbatan rasman betaraf. Ammo bilvosita, xususan harbiy sanoat uchun lozim ashyolar, AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan taqiqlangan mahsulotlar yetkazilishida Rossiyaga ko`maklashayotganiga doir ma’lumotlar bor.