AQSh federal agentligining xabar berishicha, Afg'onistonda Tolibon hukmronligi ostida diniy erkinlik "doimiy va sezilarli" darajada pasaygan.
AQShning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi (USCIRF) o‘zining yangi hisobotida “Tolibon” hukumatini “o’z talqinidagi islomga to‘g‘ri kelmaydigan har qanday qarash yoki xatti-harakatni qatag‘on qilishda va sezilarli darajada bo‘g‘ishda davom etgan”likda aybladi.
Tolibon 2021-yil avgustida AQSh boshchiligidagi xalqaro kuchlar chiqib ketganidan soʻng hokimiyatni qoʻlga olgan edi. U hukumatga kelishi bilan keskin talqindagi shar’iy tartib-qoidalarni joriy qildi. Bu shaxsiy erkinliklarga chek qoʻyishga olib keldi; afgʻon ayollari jamiyat hayotining aksariyat jabhalarida ishtirok etishdan cheklandi.
USCIRFning ta'kidlashicha, rahbarlar o’z qarashlariga mos bo’lmagan diniy ulamolarning ovozini o'chirib qo'ygan, diniy ozchiliklarning diniy marosimlarni bajarishiga to'sqinlik qilgan va afg'on ayollari va qizlarining harakatlanishi va ta'lim olishlarini cheklashda davom etgan.
"De-fakto Tolibon hukmronligi ostida Afg'onistonda shariat buzilgan deb hisoblangan buzuqliklarni jazolash uchun jismoniy va o'lim jazolaridan foydalanish qayta boshlandi. Jazolar orasida ommaviy qatl qilish, qamchilash va kaltaklash, toshbo'ron qilish, majburlab soch oldirish hamda ommaviy xo'rlash kabi harakatlar kiradi”, deyiladi hisobotda.
Tolibon Afg‘onistonda ommaviy axborot vositalari faoliyatini taqiqlagani uchun “Amerika Ovozi” so‘rovlariga javob bermadi. U AQSh agentligi xulosalariga ham hozircha izoh bergani yo’q.
AQSh hisoboti Tolibon tomonidan boshqariladigan Oliy sud Afg‘oniston poytaxti Kobulda “noqonuniy munosabatlar”da ayblangan erkak va ayol omma oldida qamchilanganini e’lon qilgan kuni chiqdi. Xabarlarga ko’ra, mahkum ayol 32 darra, erkak esa 39 darra kaltaklangan.
Tolibon hokimiyatni egallab olganidan so‘ng Afg‘onistonda 600 ga yaqin shaxs, jumladan, ayollar ommaviy ravishda qamchilandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu jismoniy jazolarni xalqaro huquqqa zid bo’lgani bois zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.
Iyun oyida fundamentalist rasmiylar 63 dan ortiq odamni, jumladan, 14 ayolni gomoseksuallik, zino va boshqa “axloqsiz jinoyatlar”da ayblab, gavjum Afg‘oniston shimolidagi sport stadionida qamchilagan edi.
Tolibon, shuningdek, qasos deb nomlanuvchi shar’iy huquq asosida qotillikda ayblangan kamida besh nafar afg‘onni omma oldida qatl qildi.
Amerika Qo'shma Shtatlari va butun dunyo Tolibon hukumatini Afg'onistonning rasmiy hukumati sifatida tan olishdan bosh tortdi, chunki inson huquqlari bilan bog'liq boshqa muammolar qatorida ayollarning ta'lim olish va ish bilan ta'minlanishiga cheklovlar qo'yilgan.
Afg’onistonda hozir 12 va undan katta yoshdagi qizlarning o'rta maktabga borishiga ruxsat berilmaydi; bu esa mamlakatni dunyodagi bu cheklovga ega yagona davlatga aylantirdi. Ayol talabalar universitetlarda o'qishiga ham taqiq qo’yildi. Aksariyat afg‘on ayollariga davlat va xususiy sektorda, jumladan, BMTda ishlash taqiqlangan.
USCIRF oʻzining 2024-yilgi yillik hisobotida Vashingtonga Tolibon boshqarayotgan Afgʻonistonni diniy erkinliklarni “qattiq poymol etayotgani” uchun xalqaro diniy erkinlik toʻgʻrisidagi qonunga muvofiq “alohida xavotirga molik mamlakat” sifatida belgilashni tavsiya qildi. Shuningdek, u diniy erkinlikni qo'pol ravishda buzgan Tolibon amaldorlariga qarshi maqsadli sanksiyalarni davom ettirishga chaqirdi.
Tolibon BMT va boshqa tashkilotlar hamda davlatlar tomonidan qo’yilgan ayblovlarni qat'iy rad etib keladi.
Tolibon hukumati Afg‘onistonda ayollar huquqlari islomiy tamoyillar asosida himoya qilinishini va Tolibonning “sud tizimi Qur’on va shariat yoki islom qonunlari asosida odamlarga adolatni ta’minlashini” ta’kidlaydi.