Ukrainada shu yil mayda qabul qilingan safarbarlik toʻgʻrisidagi qonun ayrim mahkumlarga shartli ozodlik evaziga armiyada xizmat qilish imkonini beradi. Ukraina hukumati mahkumlardan 6000dan ortiq ariza tushgani, deyarli 4000 kishiga armiyada xizmat qilish ruxsati berilganini ma’lum qildi.
“Mahkumlarga davlat mudofaasida bevosita ishtirok etish huquqini beruvchi qonun kuchga kirganidan buyon 6101 nafar mahkum Qurolli kuchlar safiga qo‘shilish istagini bildirgan, ulardan 3823 nafari armiya safiga qo’shilish uchun muassasasini tark etgan”, - deydi Ukraina Adliya vaziri oʻrinbosari Olena Visotska.
27 yoshli Andriy Devis ikkinchi bor qamoq muddatini o’tayapti:
“Shu yilning dekabr oyida hibsga olishdi, jazoni shu yerda o‘tayapman. O‘g‘irlik uchun besh yarim yil berishdi”, - deydi u.
Devisning jinoyati zo'ravon jinoyatlar turiga kirmaydi. U yaxshi xulqi uchun jazoni kamerada emas, sport bilan shug’ullanish imkoni bo`lgan kazarmada o’tayapti. Shunga qaramasdan, u armiya safiga qo’shilishga qaror qildi.
“Hammasini qaytadan boshlash uchun imkoniyat. Men vatan himoyasidagi harbiy xizmatchi bo`lishim, qarindoshlarim, do’stlarim mendan faxrlanishlari mumkin edi. Bu senga yaxshi motivatsiya beradi”, - deydi Devis.
May oyida imzolangan yangi qonunga ko'ra, ma’lum toifadagi mahbuslar Ukraina qurolli kuchlaridagi xizmati uchun shartli ravishda qamoqdan ozod qilinadi.
"Bosqinning dastlabki kunlaridan Ukrainadagi ko’plab mahkumlar bizga murojaat qilib, frontda foyda keltirishlariga ishontirishdi", - deydi Ukraina Adliya vaziri oʻrinbosari Olena Visotska.
Vsotskaning aytishicha, faqat ayrim guruh mahbuslar bunday talabga javob beradi:
“Bu yerda juda ko'p cheklovlar mavjud; agar mahbus chindan xohlamasa, shubhalansa, u frontga jo’natilmaydi. Xavfsizlikka va mudofaaga qarshi jinoyatlar, alohida shafqatsizlik, zo'ravonlik yoki zo'rlash jinoyatlarini sodir etganlarga bunday imkoniyat berilmaydi”.
Shartnomaga da’vogar nomzod tibbiy ko'rikdan o’tkaziladi.
"Bizning bevosita qamoqxonalarga borib muloqot qiladigan, mahbusga doir ma’lumotlarni o’rganadigan vakillarimiz bor", - deydi Ukraina Qurolli kuchlari ofitseri Dmitriy Doroshenko.
Doroshenkoning aytishicha, ozodlikdan mahrum etilgan ayrim sobiq mahbuslar yangi qonunga muvofiq allaqachon brigadalarda xizmat qilyapti:
“Ular qo’yilgan vazifalarni hamma bilan teng bajaradi. Ular motivatsiyaga ega, qayerga borishlari, kim bilan birga ekanliklari, nima kutayotganligini yaxshi tushunishadi”.
Xizmatga kirgan mahbuslar ma'lum shartlar bajarilishiga rozilik berishi kerak, deydi Olena Vysotska.
“Qonun shartnoma muddatini cheklaydi. Bu mamlakatda harbiy holat tugashigacha amalda bo`ladi. Shuningdek, xizmat davomida dam olish, ta'til bekor qilinadi. Shartnomani buzish va xizmatdan bosh tortish 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”, - deydi u.
Visotskaning aytishicha, xizmat uchun maosh haqi mahbuslar va armiyadagi askarlar uchun bir xil miqdorda.
Bu Devis kabi armiya safiga qo’shilish istagidagi mahkumlar uchun qo’shimcha motivatsiya. Ammo Devis hozircha kutyapti, u hali xizmatga olish qarorini beruvchi harbiylar ko’rigidan o’tganicha yo`q.