Breaking News

Turkiya G'arbdan uzoqlashib, Rossiya va Xitoyga yaqinlashyaptimi?


Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an

22-24-oktabr kunlari Rossiya 2024-yilgi BRIKS sammitiga mezbonlik qilishi oldidan Turkiyaning bu guruhga qo‘shilish arizasi ko‘rib chiqilmoqda.

Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy platformasi sifatida 2009-yilda tuzilgan bu tashkilot AQSh va uning Gʻarb ittifoqchilari hukmronlik qilayotgan dunyo tartibiga qarshi turadigan guruh sifatida ko’riladi. 2010-yilda unga Janubiy Afrika ham qo’shilgach, a’zo mamlakatlarning ingliz tilidagi nomlari bosh harfi asosida unga BRIKS (BRICS) nomi berildi.

Tahlilchilar Turkiyaning aʼzolikka daʼvosi Gʻarb ittifoqchilariga qarshi chiqishdan koʻra koʻproq har ikki tomon bilan aloqani ushlab turishga qaratilganini aytsa-da, baʼzilar Anqara Gʻarbdan uzoqlashayotganidan xavotir bildirmoqda.

“Turkiyaning BRIKS a’zolik arizasi mamlakatning Transatlantika hamjamiyatidan uzoqlashganiga yana bir misol”, - dedi Brukings institutining AQSh va Yevropa boʻyicha markaziga tashrif buyurgan Asli Aydintashbash “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Anqaraning bu harakati Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti (NATO) aʼzosi va Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlishga nomzod davlatning birinchi marta Rossiya va Xitoy hukmronlik qiladigan guruhga qoʻshilish uchun ariza berganini anglatadi.

NATO sobiq Sovet Ittifoqiga qarshi jamoaviy xavfsizlik uchun AQSh tomonidan tuzilgan 32 davlatning siyosiy va harbiy ittifoqidir. Ushbu organ, shuningdek, a'zo-davlatlar bilan maslahatlashish, hamkorlik qilish, nizolarni hal qilish va inqirozlarni boshqarish uchun vosita bo'lib xizmat qiladi.

BRIKS, asosan G'arb, rivojlangan davlatlarning siyosiy va iqtisodiy hukmronligiga qarshi chiqishni maqsad qilgan. Tanqidchilarning aytishicha, u ko'p narsaga erishish uchun kurashmoqda va muxolifatning ovozini o'chirishga intilayotgan avtoritar va korrupsion hukumatlarni birlashtirmoqda.

2024-yil yanvar oyida Misr, Efiopiya, Eron va Birlashgan Arab Amirliklari ham rasman guruhga qo'shildi.

2020-yilda Tramp ma’muriyati Rossiyadan “S-400” raketa tizimini 2,5 milliard dollarga sotib olgani uchun Turkiyaga sanksiyalar kiritdi. AQShga ko’ra, Rossiya tizimi NATO ittifoqi va AQShning “F-35” qiruvchi samolyotlari uchun xavf tug‘diradi.

Raketa kelishuviga qaramay, Turkiya Ukraina masalasida BRIKS a'zolari va sammit mezbonlari bilan kelishmovchiliklarga ega.

BRIKS a’zolarining aksariyati Moskvaning bosqiniga nisbatan neytral yoki Rossiyaga moyil pozitsiyani egallagan bo‘lsa-da, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘tgan hafta Ukrainaning hududiy yaxlitligini “shubhasiz” qo‘llab-quvvatlashini va Rossiya anneksiya qilingan Qrimni Kiyevga qaytarishi kerakligini aytdi. Bu esa Moskvaning e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Aydintashbashga ko’ra, “Turkiya ayni damda G‘arbga qarshi kayfiyatni boshdan kechirmoqda va bu G'azodagi voqealar tufayli yanada yomonlashdi".

Fuqarolari asosan musulmonlardan iborat boʻlgan Turkiya AQSh ittifoqchisi Isroilning Gʻazodagi XAMASga qarshi kurashini ochiq tanqid qilib kelgan. Mojaro XAMASning 1200 kishini o'ldirgan va 250 kishini garovga olgan Isroilga hujumidan keyin kuchayib ketdi. Isroilning G'azoga qarshi urushi 42 000 dan ortiq falastinlikni o'ldirdi. Hudud Sog'liqni saqlash vazirligiga ko'ra, Isroil jangchilar va tinch aholi o'rtasida farq ko’rmaydi.

Tahlilchilarning fikricha, Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qoʻshilish boʻyicha muzokaralari toʻxtab qolgani ham uning BRIKS bilan yaqinroq munosabatlar oʻrnatish istagini kuchaytirgan. Anqaraning 2005-yilda boshlangan Yevropa Ittifoqiga a'zolik harakati Turkiya muxolifatiga qarshi hukumat bosimi kuchaygani yuzaidan paydo bo’lgan xavotirlar tufayli to’xtatib qo’yildi.

Anqarada joylashgan Rossiya Energetika va Rossiya-Turkiya munosabatlari sharhlovchisi Muhdan Saglam “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Turkiyaning BRIKSga kirishi uning turli qiyofaga egaligini koʻrsatishning bir yoʻli – biri Sharq, ikkinchisi Gʻarbga qaragan.

"Erdog'an bundan Turkiyada alternativa borligini ko'rsatish uchun foydalanmoqda, - deb tushuntiradi Saglam. - Ammo BRIKS muqobil emas va Gʻarb hukumati buni biladi. Bu juda muhim, chunki birorta ham NATO a'zosi boshqa tashkilotga a'zo bo'lish uchun ariza topshirmagan. Bunday holda, siyosiy ta'sir iqtisodiy yoki mudofaa oqibatlaridan muhimroq bo'lishi mumkin".

Ammo Saglamning aytishicha, BRIKS a’zoligi Xitoy kabi biznes hamkorlar bilan kelishuvlarni osonlashtirish uchun ham vositadir.

BRIKSga a'zo davlatlar dunyo aholisining qariyb 45 foizini va jahon iqtisodiyotining 28 foizini tashkil qiladi. BRIKS mamlakatlari jahon xom neftining uchdan biridan ko'prog'ini ishlab chiqaradi. Agar Saudiya Arabistoni bu guruhga qo'shilsa, BRIKS davlatlari global xom neftning 43 foizini ishlab chiqaradi.

Ammo tahlilchilarning ta'kidlashicha, Turkiyaning Xitoy bilan savdosi 2023-yilda 48 milliard dollardan oshgan bo'lsa-da, ularning aksariyati Xitoydan qilingan import bilan bog’liq. Anqara o'zining asosiy hamkori - Yevropa Ittifoqi bilan yanada muvozanatli savdoga ega.

Iyun oyida Turkiya Moliya vaziri Mehmet Shimshek Londondagi Chatham House tahlil markazidagi nutqida BRIKSni Yevropa Ittifoqi kabi rasmiy iqtisodiy blokga nisbatan “muloqot platformasi” deb atadi.

“Yevropa Ittifoqi savdo sarmoyalari, turizm oqimi boʻyicha bizning asosiy hamkorimiz boʻlib qolmoqda. Shuning uchun biz YIga eʼtiborimizni qaratamiz, ammo bu muqobil variantlarni koʻrib chiqmasligimizni anglatmaydi, agar ular mavjud boʻlsa”, - dedi u forumda.

Brukings instituti xodimi Aydintashbash Turkiyaning BRIKSga qo'shilish tashabbusini rad etmaslik kerakligini aytdi.

“BRIKSga a’zolik amaliy jihatdan ko’p narsani anglatmasligi mumkin va Turkiya hali ham NATO a’zoligini saqlab qolish istagida. Ammo u asta-sekin G'arbdan uzoqlashmoqda va Turkiyaning mintaqaviy o'sishi va geografik joylashuvini hisobga olsak, bu AQSh va NATO bo'yicha boshqa ittifoqchilardan ko'proq strategik fikrlashni talab qiladi. Bu biz xohlagan natijami? ” - deydi u.

Xitoy va Eron prezidentlari oktabr oyida Rossiyada boʻlib oʻtadigan sammitda ishtirok etishlarini allaqachon tasdiqlashgan. Garchi Rossiya va Xitoy davlat matbuoti Turkiya prezidenti sammitda qatnashishini aytgan bo‘lsa-da, Erdog‘anning idorasi buni hali rasman tasdiqlagani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG