Breaking News

Bayden hindular sharafiga milliy yodgorlik tashkil qildi


Baydenning tub aholi haqidagi e'tirofi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:37 0:00

AQSh Prezidenti Jo Bayden Oq uyda o‘tkazgan so‘nggi Hindu qabilalar sammitida mamlakatning qora tarixiga nazar tashlab, 19-20-asrlarda federal internat maktablarida minglab tub amerikalik bolalar va ularning oilalari boshidan kechirgan azoblarga bag‘ishlangan milliy yodgorlik barpo etilishini e’lon qildi.

AQShning 574 ta federal darajada tan olingan qabilalariga mansub millionlab amerikaliklar o‘z tarixidagi og‘ir kunlarni yaxshi eslaydi.

Joriy yil boshida Prezident Jo Bayden davlat internat maktablarida minglab tub amerikalik bolalarga nisbatan ko’rsatilgan munosabatni mamlakat tarixidagi qora dog‘ deb atadi. U Pensilvaniya shtatidagi Karlayl hindular maktabi hududida yodgorlik tashkil etish haqida farmon imzoladi.

"Federal hukumat bolalarni oilalari va qabilalaridan majburiy ravishda ajratib olishni talab qilgan bu jarayonni federal hindu internat maktablari davri deb atashadi. 1800-yillarning boshidan 1970-yillargacha davom etgan 150 yillik bu muddat Amerika tarixidagi eng dahshatli sahifalardan biri. Biz bundan uyalishimiz kerak", - dedi Bayden.

Bugungi kunda AQSh Ichki masalalar vazirligi 1,9 million tub amerikalik va Alyaska tub aholisiga xizmat ko‘rsatadi. Ularning ko‘pchiligi mamlakat g‘arbiy yerlarida joylashgan suveren hududlarda yashaydi.

Yevropa mustamlakachiligi oldidan qit’ada gurkirab o’sgan tub aholi soni bugun ancha kam. Tarixchilarning aytishicha, tub amerikaliklarga AQSh fuqaroligini olish huquqi faqat 1924-yilda berilgan.

"Aynan bizning avlodimiz tub xalqlar uchun to‘liq ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi. Biz har doim odamlarni shunga undaymiz: bu bizning ota-onalarimiz va o‘sha avloddagi insonlarning ovoz berish huquqi uchun qilgan kurashlari natijasi", - deydi tub aholi vakillaridan biri.

Bugungi tub aholi vakillari mamlakatda eng yuqori qashshoqlik darajasiga ega guruh sifatida ajralib turadi. Yoshlar orasida oq tanli tengdoshlariga nisbatan maktabni tashlab ketish ko‘rsatkichi yuqori, deyiladi ikki partiyaviy tadqiqot guruhi o‘tkazgan tadqiqotda.

Dushanba kuni Prezident Bayden mamlakat tub xalqlarining turmush darajasini yaxshilash va ularga ko‘proq vakolat berishga qaratilgan sa’y-harakatlarini batafsil bayon qildi. U o‘tmishni yodga olish kelajak yo‘lini aniqlashda muhim ekanini ta’kidladi.

"Karlayl hindu maktabini milliy yodgorlikka aylantirish orqali biz buyuk millatlar qanday ish qilishi kerakligini ko‘rsatamiz. Biz tarixni o‘chirib tashlamaymiz. Uni tan olamiz, undan saboq chiqaramiz va hech qachon takrorlamaslik uchun uni yodda saqlaymiz", - dedi prezident.

Hukumat darajasida xizmat qilgan birinchi tub amerikalik, Ichki masalalar vaziri Deb Xolan Bayden ishini olqishladi.

"Prezident Bayden mening hayotim davomida hindu yerlari uchun eng yaxshi prezident bo‘ldi. U tub aholini ko‘ra oladigan va Hindu hududlaridagi uzoq vaqt e’tiborsiz qoldirilgan yoki mablag‘ yetkazilmagan masalalarni hal qilish uchun astoydil ishlagan prezidentdir", - dedi u.

Yangi saylangan Donald Tramp Shimoliy Dakota gubernatori Dag Burgumni Ichki masalalar vaziri lavozimiga tayinlashini e’lon qildi. Ushbu vazirlik Hindu ishlari byurosi bilan bir qatorda mamlakatning keng yer resurslarini boshqaradi. Tramp yer siyosatini energiya siyosati bilan bog‘lash niyatida Burgumni "Oq uy energiya maslahatchisi" lavozimiga ham tayinlamoqchi.

"Biz energiya va yer bilan bog‘liq ishlarda ajoyib ishlarni amalga oshiramiz", - dedi Tramp.

Prezident sifatida Tramp Kanada va Texas o‘rtasida neft quvuri o‘tkazishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish orqali tub aholi faollarini g‘azablantirgan edi. Bayden prezidentligining birinchi kunidayoq Trampning bu qarorini bekor qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG