Dam olish kunlari Isroil aviatsiyasi qo’shni Suriyaning bir necha shahridagi harbiy inshootlarni o’nlab marotaba nishonga oldi, Suriyaning harbiy salohiyatini jiddiy ravishda zaiflashtirishda davom etdi.
Damashq, Tartus, Latakiyada o’q-dori omborlari, ilmiy markazlar, havo mudofaasi tizimlari, raketalar, harbiy texnika, harbiy kemalarga zarbalar berildi.
Isroil Suriya qurollari va harbiy infratuzilmasini o’ziga tahdid deb bilarkan, ularning isyonchi guruhlar qo’liga tushishini istamasligini bildirmoqda.
Bashar Assad tuzumining qulashida katta rol o’ynagan “Hayot Tahrir ash-Shom” guruhining rahbari Abu Muhammad G’o’laniy yangi tuzumning Isroilga tahdid ekani haqidagi da’volarni bahona deb atadi, yangi mojaroga kirishish niyati yo’qligini, Suriyani qayta qurish muhim ekanini aytdi.
AQSh va yana bir necha mamlakat “Hayot Tahrir ash-Shom”ni terrorchi tashkilot deb biladi, biroq Turkiya, Rossiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi uning rahbarlari bilan aloqa o’rnatgani aytilmoqda.
“Suriya Assad diktaturasidan demokratiyaga o’tishiga, ozchilikdagi barcha guruhlarni himoya qilishiga, hamma siyosiy kuchlarni o’z ichiga oladigan mazhabsiz hukumat tashkil etishiga va terrorizm uchun platformaga aslo aylanmasligiga umid qilamiz”, - deydi o’tgan hafta mintaqaga safar qilgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.
Qo’shni Iordaniya Suriyada o’tish jarayoniga yordam berishini bildirdi.
“Barcha suriyaliklar huquqlarini istisnosiz kafolatlovchi davlat qurishga qaratilgan ushbu qayta qurish bosqichida Suriyani qo’llab-quvvatlaymiz”, - dedi bu mamlakat Tashqi ishlar vaziri Ayman Safadiy.
Isroil Suriyadagi o’zgarishlar nimaga yetaklashini oldindan bilmasligini, Isroil uchun undan hanuz tahdid taralayotganini bildirmoqda.
1967-yilgi arab-Isroil urushidan so’ng Isroil G’o’lan tepaliklarining katta qismini Suriyadan tortib olgan, 14 yildan so’ng uni butunlay anneksiya qildi. Assad tuzumi qulashi bilan yahudiy davlat Suriya ichida 1971-yilda tashkil etilgan demilitarizatsiyalashgan zonani ham egallab oldi, tepaliklarda yahudiylar yashovchi aholi punktlarini kengaytirishi haqida og’iz ochdi.
Rossiya va Turkiya Isroilning bu rejasini qoraladi.
Yakshanba kuni G’o’laniy BMTning Suriya bo’yicha maxsus vakili Geyr Pedersen bilan uchrashdi, bu hafta Yevropa Ittifoqi vakili bilan ko’rishmoqchi.
Bu o’rtada Rossiyaga qochgan Bashar Assad Suriyada tuzum qulaganidan beri ilk bayonot berdi. U Suriyadan ketishni oldindan rejalamaganini va istamaganini, biroq uning hukumatiga qarshi kuchlar Damashqqa kirishi bilan Latakiyaga ketganini, harbiylar qarshilik ko’rsatishni to’xtatganidan keyin 8-dekabr oqshomida Moskvaga evakuatsiya qilishga majbur bo’lganini aytadi.
Bungacha matbuotda Assad qochishni oldindan rejalagani, hatto yuqori lavozimli rasmiylar va yaqinlari bundan bexabar bo’lgani haqida xabar qilingan.