Breaking News

Assad hokimiyatining qulashida o`zbek jangarilarining ishtiroki bormi?


Suriyalik isyonchilar
Suriyalik isyonchilar

Suriyadagi urushga doir ijtimoiy tarmoqda tarqagan lavhalardan birida o`zbek blogeri Damashqdagi masjidda isyonchilar yetakchisi Al-Jo’laniyning kutib olinishini bevosita yoritib bordi.

Boshqa bir lavhada esa Suriyaning ozod etilishida o’zbek jangarilari qo’shayotgan hissa muhokama qilinadi. Suriyadagi urush jamoatchilik diqqatini yana o`zbek jangarilari mavzusiga qaratmoqda.

Islom dunyosining aksariyat qismida, jumladan, o´zbek jamoatchiligi orasida ham Suriyada Bashar Assad hokimiyati qulashi olqishlandi.

Rasmiy Toshkent bu urushga, Assad hokimiyatining qulashiga hozircha biror munosabat bildirgani yo`q, ammo Suriyadagi janglar o’zbek hukumati xavotirlarini jiddiy oshirayotgani kuzatiladi.

O’zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi jamoatchilikka ogohlantirish bilan chiqdi. Ichki ishlar vazirligining "Telegram" kanalida Suriyadagi janglarda qatnashayotgan o’zbekistonliklar jihod targ’iboti va ekstremizmda ayblandi hamda ular tarqatayotgan ma'lumotlarni boshqalar bo'lishmaslik haqida ogohlantirildi.

Suriya urushiga doir ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan ma’lumotlar bu janglarda o’zbekistonlik jangarilar ishtirok etayotganini ko’rsatadi.

Ayniqsa, O’zbekistonda ekstremist tashkilot sifatida e’lon qilingan, tarkibi asosan o’zbeklardan iborat “Tavhid va Jihod” katibasi jiddiy faollik ko`rsatgani aytiladi.

Guruh Xalab, Hims, Latakiya shaharlari, Suriyadagi boshqa muhim strategik obyektlarni ozod qilishda qatnashgani iddao qilinmoqda.

Suriyadagi o’zbek blogerlari “Tavhid va Jihod” guruhining Sayfullo ismli yetakchisi bilan Suriyadagi janglar, xususan, o’zbek jangarilari qanday vazifalarni bajarayotganiga doir suhbat uyushtirgan. Unda qayd qilinishicha, guruh jangarilari strategik ahamiyatga ega muhim obyektlar bo’yicha ishlagan.

Bu ma’lumotlar manzarasida DXX “Suriyadagi janglarda qatnashayotgan, ijtimoiy tarmoqlarda “Abu Vohid” taxallusi ostida “jihodchilik targ’iboti” bilan shug’ullanayotgan” farg’onalik Nuriddin Xudoyorovga nisbatan jinoyat ishi ochdi, uni qidiruvga berdi.

Bir necha kun avval Ichki ishlar vazirligi “Suriya hukumatiga qarshi qurolli hujumlarda qatnashayotgan” boshqa bir o’zbekistonlik qidiruvda ekanligini e’lon qilgan edi.

Jizzax shahrida tug’ilgan Davlat Tillaberdiyev 2019- yilda Turkiyadan Suriyaga chiqib ketgani, “Tavhid va Jihod katibasi” guruhi tarkibida hukumatga qarshi qurolli hujumlarda qatnashib kelayotgani qayd qilinadi.

Suriya va Iroqdagi avvalgi urushlar o`zbek jamoatchiligida xavotirli xotiralar qoldirgan, ayniqsa, ISHID kuchaygan davrlarda.

Bu urushda yuzlab o`zbeklar ISHID bayrog’i ostida jihodga otlangan; bu mintaqada o’zbeklardan iborat yangi jangari guruhlar tashkil qilingan edi.

“Tavhid va Jihod” katibasiga asos solinishi ham shu davrlarga to’g’ri keladi, ammo ISHID yakson qilinib, Suriya va Iroqdagi urush nisbatan bosilar ekan, bu guruhning keyingi taqdiri, faoliyatiga doir ma’lumotlar mavhumlashdi.

Suriyadagi navbatdagi urush “Tavhid va Jhod katibasi” faol ekanligi, yetakchisi, tarkibi hamon asosan o’zbeklardan iborat ekanligidan darak beradi.

“Tavhid va Jihod” yoki kelib chiqishi o`zbekistonliklar, o’zbeklarga bog’liq “Imom Buxoriy” guruhining ham siyosiy maqsadlari bevosita O´zbekiston, hukumatga muxoliflik bilan bog’liq deyish qiyin. Ularning faoliyatida asosan global islomiy qadriyatlar, jihod g’oyalari ustun turadi.

AQSh tomonidan terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga kiritilgan, Suriya va Iroqdagi avvalgi urush davrida ancha faol bo`lgan “Imom Buxoriy” katibasi Suriyadagi navbatdagi urushda qanchalik ishtirok etayotgani haqida ma’lumotlar kam.

“Imom Buxoriy”, shuningdek “Tavhid va Jihod” katibasi ham ayni paytda Suriyadagi janglarga yetakchilik qilayotgan, Assad hokimiyatiga asosiy da’vogar “Hayat Tahrir ash-Shom” ittifoqchisi sifatida ko‘riladi.

Bu guruhlarning o`zbek hukumati, mamlakatdagi siyosatga munosabati noma’lum, ammo har ikkisi ham O’zbekistonda taqiqlangan terrorchi, ekstremist tashkilotlar hisoblanadi.

O´zbekistonda diniy va dunyoviy muxolif kuchlar mavjud emas.

Diniy siyosiy maqsadlarga ega, hokimiyatga da’vogarligini ochiq bildirib kelgan radikal tashkilot O´zbekiston islomiy harakati faoliyatini to’xtatgan, Afg’onistondagi janglarda toliblar tomonidan yakson qilinishi ortidan qayta tiklanmadi.

O’zbekiston Islomiy harakatidan omon chiqqan janggarilar “ISHID-Xuroson” guruhiga qo’shilgani, Afg’oniston shimolida joylashganiga doir ma`lumotlar bor.

Ammo ularning, shuningdek ayni paytda Suriyadagi urushda qatnashayotgan o`zbek jangarilari soni noma`lum.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG