Breaking News

AQSh va G’arb Ukraina tinchlik muzokaralariga qanday yondashishi lozim?


(Chapdan) Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, Fransiya rahbari Emmanuel Makron va AQSh prezidenti etib saylangan Donald Tramp, Parij, Fransiya, 2024-yil, 7-dekabr
(Chapdan) Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, Fransiya rahbari Emmanuel Makron va AQSh prezidenti etib saylangan Donald Tramp, Parij, Fransiya, 2024-yil, 7-dekabr

Xalqaro ekspertlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo'yicha AQShning yangi ma'muriyatiga qanday tavsiyalar berish haqida o’ylamoqda.

Ukrainaning barqarorlik, suverenitet va xavfsiz kelajakka intilishi Rossiya tomonidan uzoq vaqtdan beri yovuz qarshilikka duch kelmoqda.

Moskva SSSR parchalanganidan keyinoq qo‘shni davlatning ichki siyosatiga ta’sir o‘tkazishga urinishni boshlagan. 2014-yildan esa Ukrainaga nisbatan bevosita bosim qilib, hududlarni bosib olishga o‘tdi. 2022-yil fevral oyida Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshladi.

Hozirda Ukrainaning 20 foizdan ortiq hududi Rossiya tasarrufida. Minglab ukrain harbiylari va tinch aholisi halok bo‘ldi, ko‘plab shaharlar va muhim infratuzilmalar vayron bo’ldi. Millionlab ukrainaliklar o’z uyidan ko’chib, sarson bo’ldi.

Shuningdek, urushning 3-yili borar ekan, tomonlar o’rtasida sulh tuzish uchun muzokaralarni boshlash haqida chaqiriqlar ortib bormoqda.

Michigan universitetining Vayzer markazi va Atlantika kengashi Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralarda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha AQSh va Yevropa oldidagi imkoniyatlarni muhokama qilish uchun tadbir o‘tkazdi. Muhokamada, agar tinchlikka erishilsa, Ukrainani samarali tiklash va uning uzoq muddatli barqarorligini ta'minlash bo‘yicha choralar ko‘rish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Muhokama ishtirokchilari AQShning bo‘lajak ma'muriyatiga Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha strategik tavsiyalarni taqdim etdi. Ushbu tavsiyalar yigirmadan ortiq xalqaro ekspertlardan iborat ishchi guruh tomonidan tayyorlangan.

Michigan universiteti prorektori va akademik masalalar bo‘yicha ijrochi vitse-prezidenti Lori Makkoli muhokama davomida “Ukrainaning kelajagi kelgusi yillar davomida global barqarorlikka ta’sir ko‘rsatadi”, - deya ta’kidladi.


Rossiya va Ukraina uchun muhokamalar nega muhim?

AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi va hozirda Atlantika kengashining Yevrosiyo markazi bosh direktori Jon Herbstning ta'kidlashicha, hozirgi vaziyat xalqaro xavfsizlik va farovonlik uchun juda jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu muammolar Sovuq urush tugaganidan beri eng katta va murakkab tahdid sifatida baholanmoqda.

“Ushbu tahdid to‘rt mamlakatdan — ikki yirik va ikki o‘rta davlatdan kelmoqda,— dedi u. – Xitoy — eng katta tahdid. Yana bir tahdid Rossiya bo‘lib, u hududi bo‘yicha dunyodagi eng katta davlat va cheksiz ambitsiyalarga ega. Bu AQSh bilan yadro quroli bo‘yicha paritetni saqlab qolgan yagona davlatdir. Shimoliy Koreya o‘rta darajadagi yadroviy davlat bo‘lib, doimiy provokatsiyalarga intilmoqda. Eron haqida ham xuddi shunday deyish mumkin, biroq u hozircha yadro davlati sifatida tan olinmagan. Bu mamlakatlar AQShni o‘zining asosiy raqibi deb bilib, o‘zaro hamkorlik qilmoqda. Bugungi kunda ushbu to‘rt davlat o‘rtasidagi hamkorlik 1941-yilgacha bo‘lgan Yaponiyaning, natsistlar Germaniyasining va Mussolini Italiyasining “O‘q davlatlari” ittifoqidagi hamkorlikdan ham kuchliroq”.

Herbst Ukrainani “ushbu to‘rtlik tajovuzining epitsentri”, to‘rtlikning tahdidini esa “butun dunyo uchun muammo” deya atadi.

Sobiq diplomat va tahlilchining fikriga ko‘ra, G‘arb ushbu turli maqsad va niyatlarga ega guruhning rejalaridan voz kechishini ta’minlashga qaratilgan dolzarb va hayotiy muhim rejalarga ega bo‘lishi kerak.

Herbstning so‘zlariga ko‘ra, AQShning bo‘lajak ma'muriyati uchun tavsiyalar ishlab chiqishga jalb qilingan ekspertlar guruhi uchta asosiy mavzuni ajratib ko‘rsatgan: Birinchisi – Ukrainadagi Putin tajovuzini qanday qilib to‘xtatish; ikkinchisi – Ukrainani Yevropa Ittifoqi va NATOga integratsiya qilish uchun muhim bo‘lgan islohotlarni qanday qo‘llab-quvvatlash va uchinchisi – G‘arb, AQSh va Yevropa Rossiya revanshizmiga qanday qarshi turishi haqida.

“Agar biz Ukrainada Putinni mag‘lub qilsak, dunyo duch kelayotgan har bir muammoni hal qilish osonlashadi”, - dedi u.

AQSh sobiq elchisining fikricha, ushbu asosiy aksiyomani Vashingtondagi siyosatchilar yaxshi tushunmaydi.

Tinchlik muzokaralariga yondashuvlardagi farqlar

Ukraina sobiq tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaning aytishicha, Ukraina va Rossiya o’rtasidagi muzokaralar haqida turli noto’g’ri tushunchalar mavjud.

Ulardan biri savolning o‘zida ham ifodalanadi: Ukraina Rossiya bilan tinchlik kelishuviga erishish uchun nimadan voz kechishi mumkin?

Kulebaning ta’kidlashicha, birinchidan, AQSh va G‘arb rahbarlari muammo Ukrainada emas, balki bu urushni boshlagan Rossiyada ekanini tushunishi kerak.

Ikkinchidan, hududiy yaxlitlik masalasida hech qanday yon bosish bo‘lmasligi kerak. Chunki bunday yon bosish tajovuzkorni tinchlantirmaydi, balki chegaralar yaxlitligiga asoslangan jahon tartibiga jiddiy zarar yetkazadi.

“Va nihoyat, uchinchidan — deydi Kuleba, — Ukraina “neytrallashtirilishi yoki demilitarizatsiya qilinishi” mumkin emas. Ayniqsa, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi masalasi Rossiya bilan muhokama qilinmasligi kerak. Bu masala faqat Ukraina va NATO ittifoqchilari o‘rtasida muhokama qilinishi lozim”.

“Ha, bugun Ukraina juda charchagan, ammo kurashni davom ettirmoqda. Chunki biz, ukrainaliklar, bu kurash xalqning o‘z hayotiy manfaatlarini himoya qilishdagi muhim qadam ekanligini tushunamiz. Shuningdek, hamjamiyat Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xarajatlar qanday bo‘lmasin, agar Ukraina mag‘lub bo‘lsa, bu xatoni to‘g‘rilash narxi, moliyaviy, siyosiy va iqtisodiy jihatdan, yanada kattaroq bo‘lishi mumkinligini tushunishi kerak”, - dedi u.

Ukraina sobiq vazirining fikricha, Rossiyaning ahvoli ham u qadar yaxshi emas, mamlakat o’zini g‘alaba qozonayotgandek ko‘rsatishga urinmoqda, aslida esa bu yolg’on. Rossiyada Ukrainada halok bo‘lishga tayyor bo‘lgan odamlar soni tobora kamayib bormoqda; shuningdek, mamlakat iqtisodiyoti ichki siyosat va sanksiyalar rejimining oqibatlariga duch kelmoqda.

“Faqat bitta muammo qoldi, — dedi Kuleba AQShning yangi ma'muriyatiga murojaat qilib. — Putin har qanaqasiga g‘alaba qozonishni istaydi. AQShda yangi ma'muriyat, xususan, Prezident Tramp ish boshlamaguncha eskalatsiya davom etadi va hatto keskinlashadi”.

Kuleba Trampning hokimiyatga kelishini urushni tugatish imkoniyati sifatida ko‘rayotganini va bundan minnatdor ekanini bildirib, barcha siyosiy qarorlar va yondashuvlarni aynan shu nuqtai nazardan, ya'ni urushni tugatish imkoniyatidan kelib chiqib ko‘rishni taklif qildi.

Tinchlik muzokaralarining asosiy boshlang'ich nuqtalari nima bo'lishi kerak?

AQSh sobiq davlat kotibi o‘rinbosari va “Boeing” kompaniyasining global davlat siyosati bo‘yicha katta vitse-prezidenti Stiven Biganning ta’kidlashicha, Trampning Kit Kellogni Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakil lavozimiga tayinlash qarori ikki davlat o‘rtasidagi mojaroni hal qilishni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilaganini ko’rsatadi.

Rossiya Kiyevdagi markaziy qo‘mondonlik punktlarini nishonga olmoqchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:23 0:00

“Biroq prezident duch keladigan asosiy to‘siq bor — deydi Bigan. — Rossiyaliklar muzokaralarga tayyor emas. Bu prezidentni juda murakkab tanlov oldiga qo‘yadi: Rossiyani muzokaralar stoliga o‘tirishga majburlash uchun ularga bosimni kuchaytirish yoki ularga rag‘bat taklif qilish yoki ikkisini birgalikda qo‘llashi kerak. Har qanaqa vaziyatda ham muzokaralar oson bo‘lmaydi. Bu AQSh va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar emas, balki Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar bo‘ladi”.

Stiven Bigan muzokaralarning tuzilmasini quyidagicha tasvirlab berdi:

“To’rtta muhim masala bo‘ladi. Birinchisi — hududlar. Muzokaralar boshlanganda front chiziqlari qayerdan o‘tishi masalaga qisman yechim beradi. Ikkinchisi, juda muhim bo‘lgan masala — o‘tish davri adliyasi, ya'ni Ukraina xalqiga qarshi sodir etilgan harbiy jinoyatlar uchun javobgarlik. Uchinchi masala — biz batafsil muhokama qilgan iqtisodiy tiklanish, kompensatsiyalar va Ukrainani qayta tiklash jarayoni. To‘rtinchisi, har qanday muvaffaqiyatli muzokaralarning asosiy masalasi — xavfsizlik. Urush tugagach, Ukraina o‘z xavfsizligini qanday ta'minlashi va bu yakun yangi urinishlar uchun faqat vaqtinchalik tanaffus emasligini kafolatlash masalasi. Ya'ni, Putinning Ukrainani Rossiya nazorati ostiga qaytarishga urinishlariga barham berish”.

Yevropa qanday qadam tashlashi kerak?

Ekspertlar guruhining yana bir a'zosi, Finlyandiya Xalqaro munosabatlar instituti ilmiy xodimi Minna Olander AQSh Ukrainaga yolg‘iz o‘zi yordam bera olmasligiga ishonch bildirdi va shu sababli Yevropa yanada faolroq harakat qilishi kerakligini ta’kidladi.

“Mening mamlakatim Finlyandiya Sovuq urush davrida shunga o‘xshash oraliq holatda edi, — deya eslatdi Olander. — Hozir esa biz Yevropa Ittifoqi a’zosimiz va yaqinda NATOga ham qo‘shildik. Bu Ukraina ham ko‘rishni istayotgan kelajakdir. Chunki biz, kichik davlatlar — Finlyandiya, Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Shimoliy Yevropa davlatlari uchun qoidalarga asoslangan xalqaro tartib juda muhim. Bu har bir davlatning yashash huquqini, suverenitet huquqini va tinch hayot kechirish, qo‘shnilari tomonidan hujumga uchramasdan o‘z chegaralarini himoya qilish huquqini tan oladi. Shu sababli, “Ukrainaga NATO a’zoligini taqiqlash kerak” degan takliflarni biz qabul qilmaymiz. Ukraina ham biz kabi Yevropa Ittifoqi yoki NATOni tanlashda suveren huquqqa ega bo‘lishi kerak”.

Olander Boltiqbo‘yi va Shimoliy Yevropa davlatlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlagan birinchi davlatlardan bo‘lganini eslatib o‘tdi. Xususan, Daniya va Niderlandiya “F-16” qiruvchi samolyotlarini Ukrainaga topshirishga olib kelgan koalitsiyani boshqarganini ta’kidladi.

Olander Yevropa davlatlarini Shimoliy Yevropa mamlakatlari misoliga ergashishga chaqirdi. Ular “Ukraina bilan birgalikda mudofaa sanoati korxonalarini yaratishga investitsiya qilish, Ukrainani o‘z mudofaa salohiyatini va mudofaa sanoatini rivojlantirishga qodir qilish uchun sezilarli mablag‘ sarflash niyatida. Bu esa Ukrainani xavfsizlik va mudofaa sohasida o‘zini o‘zi ta'minlaydigan davlatga aylanishiga ko‘mak beradi”, - deb ta’kidladi u.

Ukraina demokratik davlat ekanligini tan olish vaqti keldimi?

Milliy Demokratiya jamg‘armasining Yevropa bo‘yicha katta direktori Asya Ivancheva Yevropa davlatlarini urushga qaramasdan Ukraina demokratiyani rivojlantirish bo‘yicha erishgan yutuqlarga e’tibor qaratishga chaqirdi.

Zelenskiyning g’alaba rejasi munozaralar ostida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:38 0:00

“Menimcha, Ukraina muvaffaqiyatli demokratik o‘tish jarayonini boshdan kechirayotgani Kremlni tahdidni yo‘q qilish va Ukrainaga hujum qilish qaroriga olib keldi, — dedi ekspert. — Ukrainaliklar erkin xalq sifatida erkin geosiyosiy tanlov qilib, o’zini erkin Yevropa oilasiga tegishli deb qaror qildi. Ukrainadagi korrupsiya haqida ko‘p gapiriladi, ammo bu borada ham sezilarli yutuqlarga e’tibor qaratish lozim. Kiyev maxsus antikorrupsiya sudi hamda yuqori darajadagi mansabdor shaxslar jinoyatlariga qarshi chora ko‘ruvchi organlarni o‘z ichiga olgan funksional antikorrupsiya tizimini yaratdi. Ukraina qator xizmatlarni raqamlashtirdi, bu korrupsiya imkoniyatlarini sezilarli darajada chekladi. Mamlakat fuqarolar, shu jumladan, sud qarorlari haqidagi ma’lumotlarni izlash uchun ochiq ma’lumotlar bo‘yicha ta’sirli tizim yaratdi. Ukrainaning sud tizimi katta bosim ostida, chunki 2000 dan ortiq vakant lavozimlar mavjud. Yangi talablarga ko‘ra, jarayon murakkablashdi va sudyalar qayta tekshiruvdan o‘tmoqda”.

Nima uchun Ukrainaning NATOga a'zoligi asosiy masala?

“Atlantika kengashining faxriy a’zosi va AQShning Polshadagi sobiq elchisi Daniel Frid fikricha, Ukraina nafaqat Yevropa Ittifoqiga, balki NATOga a’zo bo‘lishga ham tayyor.

“Biz Ukraina va NATO masalasini diqqat bilan ko‘rib chiqdik, uning ijobiy va salbiy tomonlarini muhokama qildik hamda alternativalarni ko‘rib chiqdik, lekin alternativalar biz o’ylagandan ko’ra yomonroq ko‘rinadi, — dedi u. — Agar biz Ukraina xavfsizligi uchun NATO a’zoligii tanlamasak, bu Putinga qo’l keladi va biz yana kattaroq urushni ko‘ramiz. 30 yil oldin biz Polshaning NATOga qo‘shilishi haqida gapirganda, bu qiyin bo‘ladi deb o‘ylagandik. Aslida bu ancha oson bo‘ldi. Chunki Leh Valensa o‘sha paytda Bill Klintonni ogohlantirgan urush bugun Ukrainada bo‘layotgan urushdir”.

Vatslav Gavel va Leh Valensa Bill Klintonga shunday degan edi: “Agar siz temir parda qoldiqlarini yo‘q qilmasangiz va bizni NATOga olib kelmasangiz, ruslar qaytib keladi va siz hammasini boy berasiz”.

Dunyodagi rossiyaparast siyosatchilarni nima qilish kerak?

Dmitriy Kuleba fikricha, kimningdir fikrini o‘zgartirish qiyin bo‘lishi mumkin, lekin ularni qayta o‘ylab ko‘rishga majburlashga harakat qilish mumkin.

“Ularning pozitsiyasi shunchaki paydo bo‘lgani yo‘q, bu muayyan fikrlash natijasidir, — deya tushuntirdi u. — Masalan, bir siyosatchi Ukrainani qo‘llab-quvvatlamaydi, chunki u o‘z mamlakati muammolarida AQShni ayblaydi, AQSh esa Kiyevni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu qarashlar noto‘g‘ri. Yana bir holat — Afrika. U anti-kolonial tarixiy qarashlar va “Rossiya hech qachon bizga yomonlik qilmagan, lekin G‘arb qilgan”, - degan tushunchalar bilan harakat qiladi, aslida esa, Xitoyning g‘azabidan qo‘rqadi. Bu yerda AQSh o‘zini Afrikaga yordamni davom ettiruvchi davlat sifatida ko‘rsatishi kerak”.

“Osiyoda vaziyat yanada murakkab. Janubi-Sharqiy Osiyodagi bir davlatning tashqi ishlar vaziri bilan suhbatimda u mendan “Agar G‘arb Ukrainaga qurol yubormaganida, urush allaqachon tugagan bo‘lardi”, deb meni ishontirishga urindi. Bu mening eng noqulay diplomatik suhbatlarimdan biri bo‘ldi. Men unga Rossiyaga qarshi pozitsiyani qo‘llamaslik Rossiyaning Ukrainani yanada osonroq bosib olishi va urushni davom ettirishiga yordam berishini tushuntirdim. Men davlatlardan BMT Bosh Assambleyasidagi qaror loyihasiga ovoz berish kabi minimal qo‘llab-quvvatlashni so‘rab, ularning qaror uchun ovoz berishi muhim bo‘lsa-da, bu harakat ko‘proq “rahm-shafqat” sifatida baholanashini aytdim”, - deydi Kuleba.

Muzokaralar va Qrimning maqomi

Stiven Bigan bu masalada qat'iy fikrlarini aytdi.

“Ukrainaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari mavjud va ular shu holatda qoladi, garchi Ukraina hozirda ushbu chegaralar ichidagi barcha hududlarni nazorat qilmasa ham, — dedi u. — Bu hududlarga Qrim ham kiradi, u Ukrainaning bir qismi hisoblanadi. Hududiy masalalar, shubhasiz, muzokaralarda ustuvor mavzu bo‘ladi. Aytgancha, bu hududiy masalalar Ukraina Rossiyaning Kursk hududidagi katta qismini egallab olganini ham o‘z ichiga oladi. Bosib olingan hududlarning ayrim qismlarini almashish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tishi mumkin”.

“AQSh o‘tgan asrda bir necha bor shunga o‘xshash dilemmaalarga duch kelgan, masalan, 1932-yilda Yaponiyaning Manjuriyani anneksiya qilishi va 1939-yilda Sovet Ittifoqining Litva, Latviya va Estoniyani anneksiya qilishi. Har ikki holatda ham Qo‘shma Shtatlar va dunyoning aksariyat mamlakatlari har qanday bosib olingan hududni tan olishdan bosh tortgan. Agar bu masala muzokaralarda hal qilinmasa ham, kelajakda hal qilinishi kerak bo‘lgan masala sifatida ochiq qoladi”, - deya davom ettirdi u.

Bigan 1955-yilda Germaniya kansleri Konrad Adenauer o‘z mamlakatini NATOga qo‘shish bo‘yicha juda qiyin qaror qabul qilganini eslatdi. Ammo 35 yil o‘tib, Germaniya demokratik hukumat va NATO a’zoligi ostida birlashdi.

Shu sababli, “Ukraina hukumati uchun o‘z hududlarining ayrim qismlarini Rossiyaning de-fakto (amaliy, ammo huquqiy jihatdan tan olinmagan) nazoratida bo‘lishini qabul qilish qiyin qaror bo‘ladi. Hududlar rasmiy ravishda Ukraina tarkibida qolsa-da, amalda Rossiya u yerlarda o‘z nazoratini saqlab qolishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Tichlik muzokaralari va axborot urushi

Daniel Frid “Amerika Ovozi”, “Ozod Yevropa radiosi/Ozodlik radiosi" samaradorligini eslatib, biz ularni moliyalashtirishni davom ettirishimiz va raqamli davr talablari uchun yangilashimiz kerak”, - dedi.

Minna Olander Finlyandiyada media savodxonligini o‘z ichiga olgan ta’lim tizimi haqida gapirdi.

“Odamlar o‘z tasavvurlarini faqat bitta manbaga emas, balki turli manbalarga asoslashlari kerakligini anglashi muhim. Turli xil manbalardan olingan ma’lumotlarni tahlil qilib, ularning o‘rtacha nuqtasini topish orqali voqealar haqida obyektiv va aniqroq tushunchaga ega bo‘lish mumkin, - deb tushuntirdi u. – Masalan, Yevropa Ittifoqi aniqlangan dezinformatsiya kampaniyalari bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yuritishni boshladi”.

Yadro qurolini qo’llash tahdidi muzokaralarga qanday ta’sir qiladi?

Stiven Bigan Kremlning yadroviy qurol ishlatish tahdidini mas’uliyatsizlik va jinoyatkorlik sifatida baholadi.

Uning fikricha, G‘arb uchun “eng yaxshi yondashuv xotirjamlikni saqlash va Ukraina xalqiga xalqaro huquq tomonidan tan olingan chegaralar doirasida erkin va suveren kelajakni ta'minlaydigan siyosatni qat'iy ravishda davom ettirishdir”.

Dmitriy Kulebaning aytishicha, Rossiya yadroviy qurol haqidagi tahdidlarni G‘arb davlatlarini qo‘rqitish vositasi sifatida ishlatmoqda. Rossiya bu bilan G‘arbni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan tiyilishga majburlashga harakat qilmoqda.

Rossiya yadroviy qurol bilan tahdid qilish orqali G‘arb davlatlarini Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan tiyilish uchun qo‘rqitishga urinmoqda. Bu yondashuv, “deeskalatsiya logikasi” deb ataladi, ya’ni qo‘shimcha harakatlardan qochib, vaziyatni yanada kuchaytirishning oldini olishga intilishdir.

Kulebaga ko’ra, bu yondashuv noto‘g‘ri, chunki Ukrainaga yordam berish bo‘yicha muhim qarorlarni qabul qilish kechiktirilmoqda yoki to‘liq amalga oshirilmayapti. Bu esa vaziyatni yanada murakkablashtirgan va Ukrainani qiyin ahvolga solib qo‘ygan. Agar G‘arb davlatlari avvalroq va qat’iyroq harakat qilganida, bugungi holat ancha yaxshi bo‘lishi mumkin edi.

“Putin bu strategiya bilan ustalik bilan o‘ynab, o‘z manfaatlarini ilgarilatishga harakat qilmoqda”, - dedi u.

Kuleba AQShning 1950-60-yillardagi yondashuvini eslatib, o‘sha paytlarda yadroviy qurolga nisbatan qarorlar qo‘rquv yoki tahdidlarga asoslanmaganligini ta'kidladi.


“O’shanda AQSh tahdidlarni real deb tan olgan bo‘lsa-da, qo‘rquv tufayli faoliyatini to‘xtatmadi va shu yondashuv mamlakatga muvaffaqiiyat keltirdi. Ukraina ham g‘alaba qozonishi uchun qo‘rquvga berilmaslik va qat'iyat bilan harakat qilish zarur. Bu g‘alaba qozonishga yordam beradigan yagona mantiqiy yondashuvdir”, — dedi Dmitriy Kuleba o‘z so‘zlarini yakunlar ekan.

“Xulosa shuki — Ukrainaga Rossiya prizmasi orqali qarashni to‘xtatish kerak,— dedi Kuleba va Yelsinning Klintondan Kiyevga bosim o‘tkazishni so‘raganini eslatdi. — Afsuski, siz bizga ishomagansiz, hatto Jorj Bush davrida ham. U Ukrainani mustaqillik e’lon qilmaslikka chaqirish uchun Ukraina mustaqilligi e’lon qilinishidan uch hafta oldin Kiyevga kelgan edi”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG