Jang maydonidagi og‘ir yo‘qotishlar o’rnini qoplash uchun Rossiya armiyasi xorijiy davlatlar fuqarolarini faol ravishda o’z safiga yollamoqda.
“The Financial Times” gazetasining yozishicha, yuzlab Yaman fuqarolari firibgarlik yo‘li bilan Rossiya armiyasi safiga jalb qilingan va keyinchalik ulardan Ukraina hududidagi jangovar harakatlarda foydalanilgan.
Yangi yollangan askarlar hutiylar qo‘zg‘olonchi guruhiga aloqador tuzilma orqali yuqori maoshli ish va Rossiya fuqaroligini taqdim etish va’dasi bilan jalb qilingan. Gazetaning yamanliklarning so’zlariga asoslanib yozishicha, ular Rossiyaga kelgach, va’da qilingan fuqarolik sektori ishi o‘rniga rus tilida tuzilgan shartnomani imzolashga majburlangan. Yamanliklar rus tilini bilmagani va ularga qurol bilan tahdid qilinganligi sababli, shartnomani imzolashga rozi bo‘lgan. Keyin ularni Rossiya qurolli kuchlariga qo‘shib, Ukrainadagi janglarning oldingi chizig‘iga yuborishgan.
Yamanning o‘zida ko‘p yillardan beri fuqarolar urushi davom etmoqda, vayronagarchilik va qashshoqlik hukm surmoqda. Hutiylar — mahalliy shialardan tashkil topgan va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan harbiylashgan guruh bo‘lib, Qizil dengiz bo‘ylab harakatlanayotgan kemalarga raketa va dron hujumlari bilan Isroilga zarbalar bermoqda. Bunga javoban esa Amerika harbiylari hutiylar nazoratidagi Yaman hududlarida yer osti qurol omborlarini o’qqa tutmoqda.
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning ma’lum qilishicha, zarbalar hutiylar tomonidan mintaqadagi fuqarolik va harbiy kemalarga hujum qilish uchun ishlatiladigan qurollar saqlanayotgan obyektlarga berilgan.
Pentagon rahbari operatsiyada “B-2 Spirit” ko‘rinmas bombardimonchi samolyotlari ishtirok etganini ta’kidladi.
Lloyd Ostinning ta’kidlashicha, AQShning zarbalari hutiylarning “barqarorlikni buzuvchi xatti-harakatlarini davom ettirish imkoniyatlarini zaiflashtirish”ga qaratilgan. Shuningdek, u AQSh o‘z xodimlarini himoya qilish, fuqarolar hamda mintaqaviy sheriklarga qarshi hujumlarni to‘xtatish uchun ikkilanmasdan chora ko‘rishini ma’lum qildi.
“FT”dagi maqolada Yaman fuqarolarining Rossiya armiyasiga yollanishi kambag‘al va iqtisodiy jihatdan rivojlanmagan davlatlarda odam savdosi bilan bog‘liq muammolar natijasi sifatida ko‘rilgan. Maqolada keltirilgan dalillar Rossiya va hutiylar o‘rtasidagi hamkorlik va aloqalarning kuchayib borayotganini isbotlaydi.
Bundan tashqari, yamanlik yollanma askarlarning Ukrainadagi jang maydonida paydo bo‘lishi mojaroni xalqaro miqyosda kengaytirayotganini va unga bilvosita yoki bevosita tobora ko‘proq davlatlar jalb qilinayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, bu ekspertlarning Rossiya armiyasidagi yo‘qotishlarning ortib borayotgani fonida Kreml yangi safarbarlik to‘lqinidan qochish uchun barcha mumkin bo‘lgan usullarni qo‘llayotganini tasdiqlovchi xulosalarini tasdiqlaydi.
Britaniya razvedkasining xulosasiga ko‘ra, Rossiya armiyasining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan joriy yil oktabr oyigacha bo‘lgan davrdagi umumiy yo‘qotishlar (o‘ldirilgan va yaralanganlar) qariyb 700 ming kishini tashkil etadi.
Yamanliklar Rossiya armiyasiga jalb etilayotgan yollanma askarlar ro‘yxatining faqat bir qismi xolos. Xalqaro ommaviy axborot vositalarining ekspertlar va rasmiy manbalarga asoslanib xabar berishicha, Rossiya tomonida Hindiston, Nepal, Shri-Lanka, Kuba, Suriya va boshqa davlatlarining fuqarolari ham jang qilmoqda. Shimoliy Koreya bu qatorda alohida o‘rin egallaydi. Pxenyan Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun 12 ming kishilik harbiy kontingentni yuborgan.
Rossiya Ukrainadagi urush uchun odatda rus tilini yaxshi bilmaydigan, kam tayyorgarlikka ega va dunyoning eng kambag‘al davlatlaridan kelgan yollanma askarlarni muntazam armiyaga jalb qilishga majbur bo‘lmoqda, deb hisoblaydi “New Geopolitics Research Network” direktori Mixail Samus. Uning fikricha, bu harakat jamiyatda ommabop bo‘lmasa ham, Prezident Putinning Donbass viloyatini eng qisqa vaqt ichida bosib olish vazifasini bajarish uchun amalga oshirilmoqda. Bu Rossiyaning o‘z maqsadlariga erishish uchun har qanday vositadan foydalanishga tayyorligini ko‘rsatadi.
“Bu maqsadni amalga oshirish uchun Rossiya generallariga doimiy ravishda katta miqdorda hujumchilar kerak bo‘lmoqda, ularning (harbiy ma’noda) professionalligi hech qanday ahamiyatga ega emas”, — deb ta’kidladi u “Amerika Ovozi”ning rus xizmati uchun bergan izohida.
“Bu xuddi Mudofaa vazirligi bilan tuzilgan shartnoma uchun 30 ming dollar to‘lash va urushga borishga rozi bo‘lgan shaxslarning 10 million rublgacha (kechiktirilgan bank) qarzlarini o‘chirish kabi amaliyotlarga o‘xshaydi. Hozircha armiyada ofitserlar tarkibi hali mavjud, ammo kam tayyorgarlikka ega yollanma askarlar halokatli hujumlarga tashlanmoqda. Shu sababli, 'kadrlarning oqimi' hozircha Rossiya qurolli kuchlarining umumiy ko‘rinishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin, ammo harbiy maqsadlarga erishish usullari haqiqatan ham vahshiyona”, - deydi u.
Ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, 2024-yil boshidan buyon shartnoma tuzish uchun o‘rtacha to‘lov Rossiya mintaqalarida to‘rt barobar oshgan, federal to‘lov esa Prezident Vladimir Putin farmoniga muvofiq 195 ming rubldan 400 ming rublgacha ko‘paygan. Rossiya Federatsiyasining ba’zi hududlarida shartnoma uchun to‘lov 2 million rublgacha yetgan.
Moskva hozirda jamiyatda juda salbiy qarshi olingan safarbarlikni imkon qadar kechiktirishga intilmoqda, deb davom etadi Mixail Samus:
“Aslida, shuning uchun ham armiyaga kim bo‘lsa o‘shani, jumladan, xorijliklarni va jinoyatchilarni yollashmoqda. Bundan tashqari, Shimoliy Koreya harbiylari Rossiyaga yuborilgan va ular front chizig‘iga yaqin joyda joylashtirilgan. Shimoliy Koreya o‘z kontingentini oshirishi mumkin, chunki bu Pxenyan uchun katta muammo emas. Ammo, agar ular janglarda qatnashishni boshlasa, bu Ukraina armiyasi tomonidan nishonga olinishi va yo‘q qilinishi ehtimolini keltirib chiqaradi”.
Ukrainalik harbiy ekspert fikricha, Rossiya neft sotishdan yuz milliardlab dollar daromad olayotgan bir paytda, armiyaga yangi askarlarni jalb qilish uchun mablag’dan qiynalmaydi.
Ammo AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp oldin va’da qilganidek, neft narxlarini tushirsa, bir-ikki yil ichida Rossiyada iqtisodiy tizim tanazzulga yuz tutishi mumkin. Bu holatda Kreml boshqa muammolar bilan band bo‘ladi va qo‘shimcha resurslarga ega bo‘lolmaydi, deb xulosa qildi ekspert.
"Meduza" nashri harbiy eksperti Dmitriy Kuznetsning "Amerika Ovozi" Rus xizmatiga bergan izohida aytishicha, Ukraina Qurolli kuchlari safida ham xorijliklar, jumladan, kolumbiyaliklar va braziliyaliklar mavjud.
Ekspertning fikricha, Rossiya armiyasida xorijlik yollanma askarlar uchun rus tilini bilmaslik yoki uni yomon bilish katta muammo emas. Armiyada shunday lavozimlar mavjudki, u yerda askarlarning muloqot qobiliyatiga yuqori talablar qo‘yilmaydi. Masalan, hujumchi bo‘linmalarda shaxsiy tarkibning katta qismi bo‘lgan joylar yoki orqa chiziqdagi vazifalar – haydovchilar, ta’mirlashchilar va omborchilar kabi lavozimlar. Ushbu lavozimlar uchun muloqot qilish zaruriyati minimal bo‘lib, bu yollanma askarlarning til to‘sig‘isiz ishlashiga imkon beradi.
Dmitriy Kuznets ta'kidlaganidek, hozirda Rossiya armiyasida xorijlik yollanma askarlarni jalb qilishning hajmi unchalik katta emas va bu Moskvada yangi safarbarlik e’lon qilish bo‘yicha qarorga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
"2024-yilning yozida Rossiya Qurolli kuchlari kuniga o‘rtacha 900 nafar shartnoma bo‘yicha askarlarni yollagan edi. Tabiiyki, xorijliklarni bunday katta miqdorda topish qiyin, agar bu Shimoliy Koreya bilan bo‘lgani kabi markazlashgan jarayon bo‘lmasa. Ammo hozirda Shimoliy Koreya harbiylari soni ham unchalik ko‘p emas. Ularning janglarda qanday harakat qilishini baholashga hali erta. Ularning janglarda ishtirok etayotgani haqida ishonchli ma'lumotlar ham yo‘q”, — dedi u.
Ekspert, shuningdek, Rossiyada shartnoma asosida askarlarni yollash sur’atlari haqida yaqin orada ma’lumot paydo bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
“Joriy yil yozida bu borada muammolar bo‘lmagan. G‘aznachilik uchinchi chorak uchun hisobotni e’lon qilishi kerak edi, ammo hozircha shoshmayapti”, — deb xulosa qildi Dmitriy Kuznets.
“Vajniye istorii” nashrining Rossiya federal daromadlari bo‘yicha ma’lumotlarga asoslangan hisob-kitobiga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida Rossiya armiyasiga taxminan 166 ming nafar askar yollangan. Shu bilan birga, shartnomalar tuzish uchun 30 milliard rubldan ortiq mablag‘ sarflangan.