Qo’shma Shtatlar Ukraina hukumatidan urushga safarbarlik yoshini 18 ga tushirishni talab qilishi ketidan ukrain yoshlari kelajagi yuzasidan xavotirga tushdi.
Rossiya bilan urushning uchinchi yili arafasida jang maydonida muvaffaqiyatsizlikka uchrayotgan Ukraina qurol va askar yetishmasligidan nolimoqda.
Aprel oyida Prezident Vladimir Zelenskiy harbiy xizmatga chaqiruv yoshini 27 dan 25 ga tushirdi. Davlat rahbari talafotlar Rossiya armiyasiga qaraganda kichikroq ekanini da’vo qilishda davom etishiga qaramay, frontda askar yetishmayotganini aytadi.
Urush boshida va davomida minglab odam, jumladan harbiy xizmatga yaroqli erkaklar mamlakatni tark etdi.
"Slovakiyada o’qishga hujjatlar kelishi bilan mamlakatdan tez ketishga to’g’ri keldi”, - deydi kiyevlik Roman Biletskiy.
Uning onasi o’g’li to’g’ri qaror qabul qilganini, Ukrainada kelajak haqida o’ylash hozir mumkin emasligini aytadi.
Biroq ayrim o’smirlar vatanni himoya qilishni burchi deb biladi.
Andrey Kotik musiqa maktabini bitirgach, 2022-yilda 18 yoshda qurolli kuchlar safiga qo’shildi.
"Hamma o’zi uchun hal qilishi kerak, hamma o’z tanlovini o’zi qiladi. Boshqalarning tanlovini hukm qilmayman. Yaqinda urushning uchinchi yiliga kiramiz, charchaganmiz. Hammamizga dam kerak. Ertami-kech, hamma xizmat qilishi kerak bo’ladi. Xizmatga chaqirtirilmaganlar buni anglashi kerak”, - deydi Kotik.
Ukrainada erkaklarga mamlakatni tark etish man qilingan. Kanadaning Ukrainadagi elchisi harbiylarning o’rtacha yoshi 40 atrofida ekanini aytadi, biroq Kiyev bunga doir ma’lumotni oshkor etmaydi.
Ba’zi rasmiylar va qonunchilar xorijga chiqib ketgan erkaklarni vataniga qaytishga, uni himoya qilishga da’vat etmoqda.
Rossiya Oq uyning Ukrainada harbiy safarbarlik yoshini tushirish chaqirig’ini tanqid qilmoqda, hozirgi mojaroni “so’nggi ukrainalikgacha urush”.
Ukrain rasmiylari ham bundan xursand emas.
“So’ralgan qurollar vaqtida kelmaganidan keyin, frontdagi jangchilar qurol bilan yetarlicha ta’minlanmaganidan keyin safarbarlik yoshini tushirishdan nima foyda bor?”, - deydi Zelenskiyning yordamchisi Dmitriy Litvin.