28-noyabr tongida Rossiya armiyasi Ukrainani 90 ta raketa, 100 dan oshiq dronlar bilan hujumga tutdi. Bu raqamlar shaxsan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan Ostonadagi sammitda ma’lum qilindi.
Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti sammitida qatnashgan Putin Ukraina urushiga doir keskin bayonotlar ham qildi. Xususan, Ukraina hujumlariga javob tayyorlayotgan rus armiyasi Kiyevdagi qo’mondonlik punktlarini nishonga olishni rejalayotgani, Rossiya Mudofaa vazirligi nishonlarni tanlanayotgani, Rossiya Ukrainada sinovdan o’tkazgan yangi raketa - “Oreshnik” vositasida qilingan yalpi hujum yadroviy quroldan yetkaziladigan zararga tenglashishi haqida.
Putinga ko’ra, Ukrainaga o’z raketalari bilan Rossiya hududlarini nishonga olishga ruxsat bergan NATO davlatlari urushda bevosita ishtirok etishni boshlagan, Ukraina qurolli kuchlari bu raketalarni mustaqil tarzda ishlata olmaydi.
Prezident Volodimir Zelenskiy Rossiyaning navbatdagi yalpi hujumi haqida gapirar ekan, Rossiya bu safargi raketa terrorida kassetali o’q-dorilardan foydalangani, bu esa qutqaruv ishlarini yanada qiyinlashtirganini aytdi.
Ukraina tomoniga ko’ra, raketalarning aksariyati urib tushirilgan, hujum asosan energetik obyektlarga qaratilgan.
Rossiyaning bu hujumi urush yangi ziddiyat cho’qqisiga ko’tarilishi ortidan kuzatilmoqda. G’arb davlatlari uzoq masofali raketalari bilan Rossiya hududini nishonga olishga ruxsat berishiga javoban, Moskva tomoni “Oreshnik” ballistik raketasini qo’llashi ziddiyatni avjga chiqardi.
Yadroviy kallaklar tashuvchi, chamasi besh ming kilometr masofaga uchuvchi bu raketa zarbasi ancha xavotirli munozaralar qo’zg’adi. Garchand, Dnepr shahridagi zavodni nishonga olgan bu raketa qanday kallaklar bilan o’qlangani hamon mavhum.
Putin Ostonadagi sammitda bu raketa xususiyatlariga alohida to’xtaldi, jumladan uning muqobilsizligi, birdaniga bir necha “Oreshnik”lar bilan zarba berish yadroviy qurol effektini yaratishi, raketani ommaviy ishlab chiqarishga qaror qilingani, uni Ukrainada sinovdan o’tkazish davom etishi haqida.
“Oreshnik” vositasidagi zarba Ukrainada jiddiy xavotir bilan qarshilandi, Ukraina va NATO o’rtasida bu hujum muhokama qilingan favqulodda kengash o’tkazildi.
26-noyabrda o’tgan bu yig’inda NATO vakillari Rossiya bu zarbasi bilan ittifoqchilarni qo’rqita olmasligi, Rossiya hududlarini nishonga olishga doir qaror o’zgarmasligi, Ukrainani qo’llab-quvvatlash davom etishini ta’kidlashdi.
Prezident Zelenskiy ayni paytda Rossiyaning yangi raketasini urib tushirish imkoniyatiga ega bo’lgan havo mudofaa tizimi zaruriyati haqida gapirmoqda.
Ukraina AQShning ATACMS, Britaniyaning “Storm Shadow” raketalari bilan Rossiya hududidagi obyektlarni nishonga olishda davom etyapti. Rossiya Mudofaa vazirligi bu raketalarning aksariyati havoda urib tushirilganini, bu hujumga javob hozirlayotganini bildirgan edi.
28-noyabr tongidagi raketa hujumi aynan javobni anglatadi. Putin bu hujum davomida Ukrainadagi 17 ta harbiy obyekt nishonga olinganini aytdi.
AQSh va Britaniya raketalari bilan Rossiya hududini nishonga olish frontdagi vaziyatda keskin o’zgarish qilayotgani yo’q. Harbiy ekspertlar bunga shubha bilan qarashmoqda. Ammo Rossiya bu vaziyatdan yadroviy tahdidni kuchaytirishda foydalanmoqda.
Ekspertlar “Oreshnik” zarbasini Rossiya yadroviy hujumga hozirlanayotganiga ishora o’laroq baholashdi. Rossiya yadroviy doktrinasini o’zgartirgani, ommaviy qirg’in qurolini qo’llash shartlari yanada soddalashgani eslatilmoqda.
Aslida uzoq masofali raketalar bilan Rossiya hududiga hujum qilish yadro qurolini qo’llash uchun yetarli. Rossiyaning yangi doktrinasi noyadroviy davlatning yadroviy davlatga tegishli raketalari orqali hujumiga qarshi yadro quroli bilan javob berishga izn beradi.
Protokol qoidalaridan kelib chiqilsa, Rossiya yadro quroliga murojaat qilishdagi barcha to’siqlarni olib tashlagandek. Bu esa yadroviy tahdidning siyosiy bosimga aylanishini yanada kuchaytirayotgani kuzatiladi.