Breaking News

Belarusda ruslashtirish siyosatining yangi to'lqini


Belaruslik 15 yoshli Mikalay maktabda uni o’qituvchilari Mikalay emas, balki mazkur ismning ruscha ekvivalenti - Nikolay deb chaqira boshlashganini aytadi. Buning ustiga, maktabida barcha darslar endi rus tilida olib borilyapti.

Belaruslar ruslashtirish siyosatining yangi to'lqinini boshdan kechirmoqda. Mamlakatda Moskvaning iqtisodiy, siyosiy va madaniy ta’siri oshib bormoqda.

Avval Rossiya imperiyasi, so’ng Sovet Ittifoqi ruslashtirish siyosatini jadal olib bordi. 1991-yilda SSSR parchalanganida esa mustaqillikka erishgan ko’pgina mamlakatlar qatori Belarus ham milliy uyg’ona boshlagan edi. Shu jumladan, belarus tili mamlakatning rasmiy tili deb e’lon qilingandi.

Ammo 1994-yilda Aleksandr Lukashenko hokimiyat tepasiga kelganida rus tilini belarus tili qatori rasmiy tilga aylantirdi. Bugun rasmiy ishlar rus tilida olib boriladi. Hukumat amaldorlari, jumladan Lukashenko ham deyarli ona tilida gapirmaydi. Ko’pgina ommaviy axborot vositalarida ham rus tili ustunlik qiladi.

30 yildan beri hokimiyat tepasida bo’lgan Lukashenko Kremlga mamlakat hayotining barcha jabhalariga aralashishiga yo’l qo’yib berdi.

Mamlakat Rossiyadan kreditlar olgan. Arzon energiyasiga qaram. Moskva bilan siyosiy, harbiy ittifoq tuzib, qo’shin va raketalarini joylashtirishga maydon ajratib bergan. Moskva Rossiya-Ukraina urushida Belarus tuprog’idan platsdarm sifatida foydalanmoqda.

"Belarusni egallab olishganini bilamiz. Prezident kim u yerda? Lukashenko emas, balki Putin, – deydi 2015-yilda adabiyot bo'yicha Nobel mukofoti sovrindori, hozirda Germaniyada surgunda yashayotgan Svetlana Aleksiyevich. – Xalq xo'rlandi, belaruslar endi o’zini tiklashi qiyin".

Milliy tiklanish yo’lida xizmat qilayotgan tashkilotlar yopildi, arboblar ta’qibga uchradi.

"Farzandlarimiz ona tili, tarixi va o’zligidan atayin mahrum qilinayotgani shundoq ko'rinib turibdi, ota-onalarga ruslashtirish siyosati haqida savol bermaslikni tavsiya qilishgan", - deydi Mikalayning otasi Anatoliy. Anatoliy familiyasini oshkor etmaslikni so’radi.

“Bizga bu yil oʻquv dasturlari Rossiyaniki bilan birxillashtirilganini aytishdi. Ukraina maxsus xizmatlari goʻyoki oʻsmirlarimizni oʻz safiga jalb etayotgani va ularni Belarusda qoʻporuvchilik operatsiyalarini amalga oshirishga majburlayotgani haqida targʻibot filmini namoyish etishdi”, - deydi u.

Mikalayning maktabi belarus tilida dars o’tadigan kam sonli maktablardan biri edi. Maktab veb-saytining Belarus tilidagi versiyasi ham yopildi.

Ales Bialatski - inson huquqlari himoyachisi. 2023-yilda Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan asari tufayli sudlangan, 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U sud jarayoni Belarus tilida o‘tkazilishini talab qildi. Sud rad etdi.

Lukashenko bir nutqida “buyuk fikrlarni belarus tilida ifodalab bo‘lmasligini” aytgan. “Dunyoda faqat ikki buyuk til bor: rus va ingliz tillari” degan edi bir paytlar u.

Tobora ko'proq odamlar belarus tilida so’zlashgisi kelmoqda. Bu erkinlik timsoliga aylangan. Lekin buni ochiqchasiga qilishdan qo'rqishadi

Rossiya davlat matbuotiga bergan bir intervyusida Lukashenko Vladimir Putin rus tilini Belarusda asosiy tilga aylantirgani uchun unga minnatdorchilik bildirganini ta’kidlagan.

“Nima uchun rahmat aytayapsiz? Rus tili mening ham tilim, biz bir imperiya tarkibida bo‘lganmiz , bu tilning rivojlanishida ishtirok etyapmiz” deb aytdim”, — degandi Lukashenko.

Belarus asrlar davomida Rossiya imperiyasining bir qismi bo'lib kelgan. 1917-yil bolsheviklar inqilobidan keyin 15 sovet respublikasining biriga aylandi, belarus tilining ahamiyati pasayib bordi. Belarus tili faqat qishloqlardagina asosiy so’zlashuv tili bo’lib qoldi.

1994-yilda talabalarning taxminan 40 foizi belarus tilida o'qitilgan bo’lsa, hozir bu ko’rsatkich 9 foizni tashkil etadi.

Belarus tili rus tili kabi sharqiy slavyan tillari guruhiga kiradi. Shunday bo’lsa-da, bu ikki til o’rtasida farq bor. 1517-yilda belaruslik noshir Fransisk Skarina Sharqiy Yevropada birinchilardan bo‘lib Bibliyani o‘z ona tiliga tarjima qilgan.

Mutaxassislarning aytishicha, hozirda hatto belaruscha gapirish ham Lukashenkoga qarshi chiqishdek bo’lib qolgan. Milliy o‘zlikni da’vo qilishdek ko‘riladi.

"Belarus tili tobora siyosiy qarshilik belgisi sifatida qabul qilinmoqda”, - deydi BMTning Belarus bo’yicha inson huquqlari maxsus vakili Anais Marin.

Uning ta’kidlashicha, iyerarxik tizimdan kelayotgan buyruqlar asosida yoki diskriminatsiya qilyotganlikda ayblanishdan qo’rqib, davlat boshqaruvi organlari, ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari belarus tilida emas, balki rus tilida ish yuritmoqda.

"404-til" kitobining muallifi Alina Nahornayaning aytishicha, "tobora ko'proq odamlar belarus tilida so’zlashgisi kelmoqda. Bu erkinlik timsoliga aylangan. Lekin buni ochiqchasiga qilishdan qo'rqishadi”. Nahornayaning kitobi o'z ona tilida gapirgani uchun diskriminatsiyaga uchragan belaruslar haqida.

Ukrainaliklar singari belaruslar ham Yevropaga yaqinlashishni istaydi, deydi belaruslik tahlilchi Valeriy Karbalevich. “Ammo Kreml xavfni tezda angladi va Belarusda ruslashtirish jarayonini boshladi”, - deya qoʻshimcha qiladi u.

Endi Lukashenko Putinga suverenitetimiz bilan tovon to‘layapti. Belarus xalqining milliy o’zligi, madaniyati va tili rus dunyosiga, ruslashtirish siyosatiga qarshi eng kuchli quroldir.

“Shundan so’ng rossiyaparast tashkilotlar, qo'shma ta'lim dasturlari va madaniy loyihalar "yomg'irdan keyin chiqqan qo'ziqorin”day birdaniga ko’payib ketdi - ayni vaqtda belarus tiliga repressiv munosabat fonida”, - deydi Karbalevich.

Taqiqlar nafaqat Belarusning zamonaviy adabiyotiga, balki mumtoz adabiyotiga ham tadbiq qilinmoqda. 2023-yilda prokuratura 19-asrda Rossiya imperiyasiga qarshi chiqqan Vinsent Dunin-Martsinkyevichning sheʼrlarini ekstremistik asarlar deb eʼlon qildi.

2020-yilda Belarusda hukumatga qarshi keng namoyishlar bo’lib o’tdi. Kreml Lukashenkoni qo’llab-quvvatladi.

“Endi Lukashenko Putinga suverenitetimiz bilan tovon to‘layapti, – deydi quvg‘indagi muxolifat yetakchisi Svyatlana Sixanuskaya. – Belarus xalqining milliy o’zligi, madaniyati va tili rus dunyosiga, ruslashtirish siyosatiga qarshi eng kuchli quroldir".

Hozir Belarusning to'rtta shahrida "Rossiya uyi" mavjud. Tashkilotlar rus tili madaniyatini targ’ib qilish, ta'sirini oshirish uchun seminarlar, kino klublar, ko'rgazmalar va tanlovlar tashkilllashtiradi.

"Maqsad – rus yondashuvini targ’ib etish, belaruslar rus tilini o’zinikiday ko’rishi uchun”, – dedi tahlilchi Aleksandr Fridman. – Buning uchun Kreml pulni ayamayapti, jadal harakat qilmoqda, bu ayniqsa Belarus axborot izolyatsiyasiga tushib qolgan va mamlakat ichida rus dunyosiga qarshilik ko'rsatadigan deyarli hech kim qolmagan bir vaziyatda juda samarali va xavfli bo'lishi mumkin".

Mamlakatning eng keksa “Yanka Kupala” teatrining deyarli butun truppasi siyosiy tazyiqlar tufayli Belarusni tark etgan. Uning sobiq direktori Pavel Latushkaning aytishicha, yangi rahbariyat yangi aktyorlarni jalb etolmadi. Shu sabab, ruslarni taklif qilishgan.

“Putin 2021-yilda mustaqil Ukraina mavjudligini inkor etuvchi maqola chop etgandi. Oʻshandayoq u Belarusda ham xuddi shunday maqsadlarni koʻzlayotganini yaxshi tushungandik, – dedi Latushka. – Asosiy taom Ukraina bo'lishi kerak edi, ruslashtirilgan Belarus esa “desert”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG