Breaking News

AQShdagi rossiyalik stipendiatlar o'z yurtiga qaytishdan xavfsiramoqda


Rossiyalik Fulbrayt (Fulbright) stipendiyasi sohiblari qiyin tanlov oldida turibdi: uyga qaytib, ehtimoliy ta'qiblarga duch kelish yoki Qo'shma Shtatlarda qolish yo'llarini izlash kerakmi?

Rostov-Don shahridan Violetta Soboleva - Nyu-York shahar universitetining magistratura talabasi. Uch yil oldin u Fulbrayt talabalar almashinuv dasturi bo‘yicha to‘liq stipendiya bilan AQShga kelgan. U Rossiyaga qaytib, chet tili sifatida ingliz tili bo‘yicha innovatsion darslik yaratishni orzu qilardi. Biroq bugungi kunda bu rejalar o'tmishda qoldi.

“O'z vatanimni sevganim uchungina hozirgi Rossiyaga qaytib, qamoqqa tushishni, hayotimni xavf ostiga qo'yishni istamayman, – deydi Soboleva. – Men shu yerda qolib, Rossiyadagi eski fotosuratlarim va videolarimni ko'rib turishni, o’zimga yoqadigan rus qo'shiqlarini tinglashni afzal ko’raman. Vir kun kelib yurtimdagi vaziyat o’zgarishidan umid qilaman”.

Ikkinchi jahon urushidan keyin xalqaro hamkorlik va hamjihatlik ruhida yo’lga qo’yilgan Fulbrayt dasturi Rossiyada uzoq tarixga ega. Sovuq urush davrida ham Fulbrayt Sovet Ittifoqi va AQSh o'rtasida akademik almashinuvlarni tashkil qilgan.

Ammo 2022-yil fevral oyida Rossiya Ukrainaga to’liq bostirib kirganidan so'ng Kreml ichki repressiyani kuchaytirdi. Fulbrayt dasturini boshqaruvchi Xalqaro ta'lim instituti kabi ko'plab xalqaro nodavlat tashkilotlar “nojo'ya tashkilotlar” deb e'lon qilindi. Ular bilan bog'liq har qanday shaxs jarimaga tortilishi yoki olti yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Bundan tashqari, "fulbraytchilar" xorijiy hukumatdan stipendiya olganligi sababli "chet el agentlari" deb hisoblanishi mumkin.

Rossiyadan kelgan ko'plab dastur ishtirokchilari vatanga qaytanidan so’ng ta'qibga uchrashdan xavfsiraydi. Ular orasida shu yilning may oyida Indiana universitetida magistratura bosqichini tamomlagan saratovlik Evgeniy Mixeyev ham bor.

“Fulbraytga aloqador bo'lish va Rossiyaga qaytish hozirda xavfli, – deydi u. – Jinoiy javobgarlikka tortilamanmi yoki yo'qmi, deb ikkilanib yurishni xohlamayman. Menimcha, hozir Rossiya siyosiy tizimiga nimanidir isbotlashga urinishdan ko'ra, boshqa yurtda o'zim uchun foydaliroq ish qilganim yaxshi”.

Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin Amerika almashuv dasturlari bitiruvchilarini “beshinchi kolonnaning asosiy elementi” deb ataydi. Ammo J-1 Amerika vizasining shartlariga ko‘ra, Fulbrayt stipendiyasi sohiblari o‘qishni tugatgandan so‘ng ikki yilga o‘z vataniga qaytishlari kerak.

Violettaning aytishicha, kamida 150 nafar Rossiya talabalari u bilan bir xil vaziyatga tushib qolishgan.

“Barcha rus stipendiatlar bilan aloqamiz yo’q, – deydi Soboleva. – Chunki Fulbrayt ma’lumotlar oshkor bo’lmasligi uchun o’zining rasmiy sahifasidan rossiyalik talabalar haqidagi ma’lumotlarni olib tashlagan, ammo boshqa 150 dan ortiq mamlakat talabalari haqidagi ma’lumotlar saytda mavjud. Ular bizga yashirin tarzda yurtga qaytish xavfli ekanligini, siyosiy boshpana so’rash to’g’ri yo’l bo’lishini aytishadi, biroq rasmiy tarzda hech qanday choralar ko’rilgani yo’q”.

Dasturga homiylik qiluvchi AQSh Davlat departamenti “Amerika Ovozi”ga bergan izohida, agar Fulbraytning rus ishtirokchilari o'z yurtiga qaytishni xohlamasa, ulardan qaytish talab qilinmasligini aytdi.

“Almashinuv dasturi ishtirokchilarining salomatligi, xavfsizligi va kelajakdagi ravnaqi bizning ustuvor vazifamizdir. Biz ular bilan ishlashda davom etamiz, ularning kelajakdagi imkoniyatlarini muhokama qilishga tayyormiz. Fulbraytning rossiyalik ishtirokchisi istamasa, Rossiyaga qaytishi shart emas. Dasturni tamomlagan ishtirokchilarga AQShda huquqiy maqomda yashashni davom ettirishi uchun yordam variantlari taklif qilindi”, — deya tushuntirdi departamentning Taʼlim va madaniyat masalalari byurosi xodimi Devon Batsin.

Davlat departamenti rossiyalik fulbraytchilar uchun to'rtta variantni taklif qilmoqda: uchinchi davlatga alohida shaxs sifatida borish; J-1 vizasi uchun yangi homiy topishga harakat qilish; aspiranturada stajirovka o‘tash uchun ariza berish; yoki dasturni tugatgandan so'ng AQShda qonuniy qolish uchun maqomni o'zgartirishga harakat qilish, masalan, aspiranturaga kirish orqali ta'limni davom ettirish.

Ishtirokchilarning ta'kidlashicha, taklif qilingan variantlar u darajada real emas. Ba'zilar uchun keyingi kuzda magistraturaga hujjat topshirish juda kech, ko'pchilikda esa yangi mamlakatda hayot boshlash uchun resurslar yoki aloqalar yetishmaydi.

“Ular bizga Rossiyaga borish shart emas, siz boshqa istalgan davlatga borishingiz mumkin demoqda. Juda ko’p mamlakarlarga bemalol chiqa oladigan amerikaliklar uchun bu gapni aytish juda oson, – deydi Mixeyev. – Biz ruslar uchun endi borish mumkin bo'lgan mamlakatlar soni ko’p emas: ehtimol Yevropadagi uch-to’rtta shahar, Qozog'iston va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari”.

Qayd etish kerakki, Davlat departamenti barcha rossiyalik Fulbrayt talabalarini vatanga qaytish talabidan ozod etolmaydi. Rossiyaga borib ikki yil yashash talabini bekor qilishni so’rab, bitiruvchilarning har biri alohida ariza topshirishi mumkin.

Bu taxminan 1200 dollar turadi va ariza kamida 17-18 oy ko’rib chiqiladi. Biroq ariza ma'qullangan taqdirda ham u Fulbrayt stipendiyasining amaldagi viza muddati tugaganidan keyin AQShda qonuniy qolish huquqini bermaydi.

Kolumbiya universitetida tahsil olayotgan fulbraytchi Kirill Shabalinning aytishicha, Amerika rasmiylarining muammoni hal qilishga qaratilgan harakatlari hozircha yetarli emas.

“Ular mustaqil tarzda ariza berishni maslahat bermoqda, – deb tushuntiradi Shabalin. – Amerika huquqiy tizimining barcha nozik tomonlarini tushungan holda, biz ikki yillik talabni bekor qilish uchun o'zimiz ariza berishga to’liq bilimimiz yo'q. Buning ustiga, faqat o’zimizgagina yetadigan kam stipendiyamizdan immigratsion advokat yollashga hech qanday imkon yo’q”.

Urushga qarshi namoyishlarda yoki boshqa siyosiy faollikda qatnashgan ba'zi fulbraytchilar siyosiy boshpana so'rashga majbur bo'ldilar. Bu jarayon uzoq yillar davom etadi va ular bu jarayon davomida AQShni tark eta olmaydilar.

Britaniyada Fulbraytning o'xshashi bo'lgan Chivening (Chevening) dasturining rus stipendiatlari esa qaytib ketish talabidan ozod qilindi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG