AQSh aholini ro'yxatga olish byurosi ma'lumotlariga ko'ra, AQShda yashovchilar orasida chet elda tug'ilganlar soni 2010-yildan 2022-yilgacha bo’lgan davrda 15 foizdan oshib, 46 millionga yetgan.
Aholining sekin o'sishiga qaramay, xorijda tug’ilgan AQSh rezidentlari yoki fuqarolari soni hozir har qachongidan ham ko’p miqdorni tashkil etmoqda.
"O'sish, ehtimol, yanada yuqoriroq bo'lishi mumkin edi, - deydi Brukings institutining katta ilmiy xodimi, demograf Uilyam Frey. - Bu o'sish avvalgi o'n yilliklardagi, xususan, 1990-2000-yillar orasidagi o’sishdan kam".
1990-yildan 2000-yilgacha AQShda xorijda tug'ilgan aholi soni 19 milliondan 31 millionga, ya'ni 12 millionga ko'paygan. Aksincha, xuddi shu guruh 2010-2022-yillar davomida atigi 6,2 millionga yoki 40 milliondan 46,2 millionga ko'paygan.
Sekinlashuvni bir nechta asosiy omillar bilan bog'lash mumkin, deydi Frey.
"Tramp ma'muriyati o'z siyosatining turli jihatlari bilan ba'zi immigratsiya darajasini pasaytirdi va keyin, albatta, pandemiya, - deydi u. - Ammo keyin, o’n yillik oxirida u yana ko'tarila boshladi”.
Immigratsiya qilganlar soni 2023-yilda yana o’sgani haqidagi dastlabki ma'lumotlarga qaramay, Frey kelajakda aholining umumiy o'sishi sekinroq bo'lishini kutmoqda.
“Ayniqsa, yosh aholi orasida. Ish kuchi istiqbollarini yaxshilash, ishchi kuchiga ko'proq odamlarni jalb qilish uchun biz immigratsiyani oshirishimiz kerak , - deydi u. - Bu juda siyosiy, ammo menimcha, unga qarashning oqilona iqtisodiy yo'li biz immigratsiyaning oqilona darajasiga ega bo'lishda davom etishimiz kerak".
Aholini ro'yxatga olish raqamlari shuni ko'rsatadiki, Qo'shma Shtatlarda yashovchi chet elda tug'ilgan odamlarning ta'lim darajasi oshib bormoqda. 2010-yilda ushbu guruhdagi odamlarning 68 foizi o'rta yoki yuqori ta’limni tamomlagan bo'lsa, 2022-yilda bu raqam 75 foizga ko'tarildi.
Immigrantlar eng ko'p bo'lgan shtatlarda - Kaliforniya (26,5%), Nyu-Jersi (23,2%), Nyu-York (22,6%) va Florida (21,1%) - chet elda tug'ilganlar aholining beshdan bir qismidan ko'prog'ini tashkil qiladi.