AQSh fuqaroligini olish uchun o’tkaziladigan ingliz tili imtihoni yangilanmoqda va ba'zi faollarga ko’ra, bu o'zgarishlar ingliz tilini bilish darajasi past bo'lgan muhojirlarga qiyinchilik tug’dirishi mumkin.
Fuqarolik imtihoni AQShda fuqarolikni olish yo'lidagi so'nggi qadamlardan biridir.
Sobiq respublikachi prezident Donald Tramp ma’muriyati 2020-yilda testni o‘zgartirib, uni topshirishni qiyinroq qilib qo’ygan edi. Demokrat Prezident Jo Bayden Oq uyga kirgach, fuqarolik olish yo'lidagi to'siqlarni bartaraf etishga qaratilgan farmonni imzoladi va fuqarolik testi oxirgi marta 2008-yilda yangilangan avvalgi versiyasiga qaytarildi.
AQSh rasmiylariga ko’ra, dekabr oyida sinov yana o’zgaradi. Chunki har 15 yilda uni yangilanishi belgilangan. Yangi versiya keyingi yil oxirida kuchga kirishi kutilyapti.
AQSh Fuqarolik va Immigratsiya Xizmatlari yangi testga ingliz tilini bilish darajasini baholash uchun nutq bo'limini qo'shishni taklif qilmoqda. Immigratsiya xodimi oddiy holatlar aks etgan suratlarni ko'rsatadi; masalan, kundalik turmush, ob-havo yoki oziq-ovqat haqida. Arizachi suratda tasvirlangan narsalarni ingliz tilida so’zlab berishi kerak.
"Men uchun rasmlarga qarash va ularni tushuntirish qiyin", - deydi 10 yil oldin Efiopiyadan ko'chib kelgan Heven Mehreta. U may oyida fuqarolik imtihonidan o'tib, iyun oyida Minnesota shtatida AQSh fuqaroligini oldi.
32 yoshli Mehretaning aytishicha, u AQShga ko‘chib o‘tgandan keyin ingliz tilini o‘rgangan va talaffuzida hanuz muammolar bor. U fotosuratlarga asoslangan yangi nutq bo‘limi qo‘shilsa, o‘ziga o‘xshaganlar uchun test qiyinlashishidan xavotirda.
Besh yil oldin Isroildan ko'chib kelgan va o'tgan yili AQSh fuqaroligini olgan Shay Avnining aytishicha, yangi so'zlashuv bo'limi arizachilardagi hayajonni ham oshirishi mumkin.
"Federal hukumatdan kimningdir yonida o'tirib, ular bilan gaplashish qo’rqinchli tuyulishi mumkin. Ba'zi odamlarda shunday qo'rquv bor. Agar bu sizning birinchi tilingiz bo'lmasa, bu yanada qiyin bo'lishi mumkin. Bu sizning fuqaro bo'lish-bo'lmasligingizni aniqlaydigan sinov. Demak, yo'qotadigan narsa ko'p", - deydi u.
Taklif etilayotgan yana bir o'zgarish AQSh tarixi va hukumati haqidagi fuqarolik bo'limini hozirgi og'zaki qisqa savol-javob formati o'rniga ko'p tanlovli testga aylantirish.
Massachusets shtatidagi fuqarolik boʻyicha darslik muallifi Bill Bliss oʻz blogida imtihon qanchalik qiyinlashishiga misol keltiradi.
Hozirgi fuqarolik savolida suhbatdosh arizachidan 20-asrda AQSh tomonidan olib borilgan urushni nomlashni so'raydi. Savolga to'g'ri javob berish uchun beshta maqbul javobdan birini aytish kifoya - Birinchi Jahon urushi, Ikkinchi Jahon urushi, Koreya urushi, Vetnam urushi yoki Fors ko'rfazi urushi.
Ammo taklif qilinayotgan yangi ko'p tanlovli formatda arizachi ushbu savolga quyidagi variantlardan faqat bittasini tanlashi kerak:
A. Fuqarolar urushi
B. Meksika-Amerika urushi
C. Koreya urushi
D. Ispaniya-Amerika urushi
Arizachi bitta to'g'ri javobni tanlashi uchun o’tgan asrda AQSh tomonidan olib borilgan barcha beshta urushni bilishi kerak; bu esa "tilni bilishning sezilarli darajada yuqori darajasi va test topshirish qobiliyatini" talab qiladi, deydi Bliss.
Hozirda suhbatdan o‘tish uchun 10 fuqarolik savolidan oltitasiga to‘g‘ri javob berish kerak. Ushbu 10 ta savol 100 ta fuqarolik savollari to’plamidan tanlab olinadi. Suhbatda qaysi savollar tushishi aytilmaydi, lekin test topshirishdan oldin 100 ta savolni koʻrib chiqish va oʻrganish mumkin.
Massachusets shtatidagi Jons kutubxonasining ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘rganish markazi koordinatori Lin Vayntraubning aytishicha, fuqarolik bo‘limi uchun tavsiya etilgan format tilni puxta o’zlashtirmagan odamlar uchun fuqarolik imtihonini qiyinlashtirishi mumkin. Bu guruhga qochqinlar, keksa immigrantlar va nogironligi bor shaxslar kiradi.
"Bizda qochqin bo'lgan ko'plab talabalarimiz bor va ular urushdan vayron bo'lgan mamlakatlardan kelishgan. Ularda maktabni tugatish yoki hatto maktabga borish imkoni ham bo'lmagan bo’lishi mumkin", - deydi San-Diegodagi Jamoat kollejining fuqarolik imtihonlari bo’yicha koordinatori Meshel Perrott.
Federal qonunga ko'ra, fuqarolik olishni istagan arizachilar ingliz tilini tushunishlari, jumladan, oddiy so'zlarni gapirish, o'qish va yozish qobiliyatiga ega ekanligini hamda AQSh tarixi va hukumati haqidagi bilimlarini namoyish etishlari kerak.
Irvindagi Kaliforniya universitetining siyosatshunoslik professori Sara Gudmanning so'zlariga ko'ra, boshqa G'arb mamlakatlari, jumladan, Germaniya, Kanada va Buyuk Britaniya bilan solishtirganda, hozir AQShda fuqarolik imtihonlari nisbatan ancha oson.
AQShda testdan o’tish uchun arizachilar 10 ta savoldan oltitasiga to‘g‘ri javob berishi kerak. So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, imtihon topshirganlarning qariyb 96 foizi test sinovlaridan o‘tadi.
Germaniyada esa nemis tili imtihonidan o’tish o‘tish uchun 33 ta savoldan 17 tasiga to‘g‘ri javob berish kerak, deydi Gudman.
Kanada va Buyuk Britaniya testlari yanada qiyinroq. Britaniyada savollar to’plami oldindan e’lon qilinmaydi, deydi Gudman.
Immigratsiya tadqiqotlari markazi vakili Elizabet Jeykobsning so'zlariga ko'ra, qiyinroq sinovdan o'tish yangi fuqarolarning Amerika jamiyatiga va iqtisodiyotiga yetarli darajada ingliz tilini bilish qobiliyati bilan kirib kelishini ta’minlaydi va shuningdek, fuqarolik bilimi va faolligi bilan sog'lom demokratiyani targ'ib qiladi.
"Biz uchun birinchi navbatda fuqarolik imtihonidan o'tish muhimmi? Men bu savolga javobni bilmayman", - deydi Minnesota Xalqaro institutining immigratsiya xizmati direktori Korlin Smit.
Unga ko’ra, AQShda tug'ilgan va tug'ma fuqaro bo'lgan ko’plab amerikaliklar bu imtihonda beriladigan savollar javobini bilmaydi.
2022-moliya yilida bir milliondan ortiq odam AQSh fuqaroligini olgan. Bu 1907-yildan beri qayd etilgan eng yuqori ko'rsatkichlardan biri.