Breaking News

2025-yildan Ukraina Rossiya gazini Yevropaga uzatishni to'xtatadi


2025-yildan boshlab Ukraina va “Gazprom” kompaniyasi o’rtasidagi shartnoma yakunlanib, Rossiya tabiiy gazini Yevropaga eltuvchi asosiy yo‘llardan biri yopiladi.

Kreml gaz eksportini davom ettirishga tayyor va Yevropani Ukrainani tranzit kelishuvi muddatini uzaytirishga ko’ndirishga chaqirmoqda. Kiyev esa ortga chekinmoqchi emas.

Urushdan oldin tabiiy gaz borasida Rossiya Yevropa uchun muhim manba bo'lgan. Sanksiyalar tufayli Rossiya qit'aga 80 milliard kubometr gaz yetkazib berishni vaqtincha to'xtatgan edi.

Xalqaro Valyuta jamg'armasi tahliliga ko'ra, uzilish Yevropa iqtisodiyotiga katta zarba bo’lgan.

2021-yildan beri Yevropa tabiiy gaz borasida boshqa muqobil manbalardan ham foydalanib keladi. Osloda joylashgan “Rystad Energy” energiya tahlili kompaniyasiga ko’ra, Rossiyadan Ukraina orqali keluvchi import 11 foizdan 5 foizgacha kamaygan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari bu masalani boshqalarga qaraganda jiddiyroq qaraydi. Masalan, Germaniya va Chexiya suyultirilgan gaz terminallariga katta sarmoya kiritdi, deydi Vashingtonda joylashgan Atlantika kengashi tashkilotining Yevropa energiya xavfsizligi bo‘yicha mutaxassisi Olga Xakova.

“Chexiya kabi dengizga chiqish imkoniga ega boʻlmagan koʻplab davlatlar muqobil variantlarga sarmoya kiritdi”, - deydi Xakova “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Slovakiya va Avstriya esa Rossiyadan importni oshirdi. Rossiyaning energetik mahsulotlarini Yevropaga Turkiya orqali ham yetkazib berish mumkin.

“Rystad Energy” mutaxassisi Kristof Xalser fikricha, garchi ba'zi Yevropa davlatlari Rossiya gazini Ukraina orqali olishni afzal ko'rsa-da, bu Yevropa Ittifoqi uchun qiyin masala. Rossiya gazini olishda Ukraina quvurlariga tayanishni bas qilish uchun Yevropaning siyosiy irodasi ham, logistik qobiliyati ham yetadi, deydi Kristof Xalser.

Olga Xakovaga ko’ra esa Yevropa Ittifoqi kontinentdagi mamlakatlarga endi arzon rus gaziga yo’l yoʻq ekani haqida aniq signal yuborishi kerak. Shunda mamlakatlar muqobil variantlarga sarmoya kiritadi.

Suyultirilgan gaz

Rossiyaning Yevropaga quvur orqali eksporti kamaygan, ammo kamomadni u dengiz, avtomobil va temir yo'l orqali yetkazilayotgan suyulritilgan gaz bilan qoplamoqda. Yevropa suyultirilgan gaz importini 15 foizdan 19 foizga oshirdi.

Halser fikricha, G'arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari tufayli bu raqamlarning yanada o’sishi dargumon.

Qo'shma Shtatlarning suyultirilgan gazi Rossiya gazi o'rnini bosishi mumkin. Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen yaqinda bu haqda AQSh prezidentligiga saylangan Donald Tramp bilan telefon orqali gaplashgan.

"Suyultirilgan gaz masalasini ham gaplashdik. Biz hali ham suyultirilgan gazni asosan Rossiyadan olamiz. Nima uchun uni Amerikadan olmasligimiz kerak? Axir arzonroq va energiya narxini ham pasaytiradi”, - dedi u Budapeshtda jurnalistlarga.

Ukraina quvuri bo'shab qoladimi?

Rossiya gazini Yevropaga yetkazishni to‘xtatish Ukraina uchun qator mushkul savollar tug‘dirmoqda. Xakovaga ko’ra, shartnoma muddati tugab borar ekan, Rossiya Ukrainaning tabiiy gaz tizimlariga hujum qilishi ehtimoli oshadi. Kiyev shundoq ham mamlakat energetika infratuzilmasini qanday himoya qilish bo'yicha muntazam bosh qotirmoqda.

“Bloomberg” axborot agentligi yaqinda Yevropa kompaniyalari Ozarbayjon markasi ostidagi gazni Rossiya-Ukraina quvur tarmog‘i orqali Yevropaga samarali yetkazib berish bo‘yicha Boku bilan muzokaralar olib borayotgani haqida xabar bergan edi.

Keyingi xabarlarga ko’ra, hech qanday kelishuvga erishilmagan. Ukrainaning eng yirik neft va gaz kompaniyasi bo'lgan "Naftogaz" rahbari Oleksiy Chernishovning jurnalistlarga aytishicha, Rossiya gazini Ukraina quvurlari orqali yetkazib berishni to'xtatishdan boshqa iloj yo'q.

Londonda joylashgan “Tovarlar razvedkasi mustaqil xizmati” nomli kompaniya mutaxassisi Aura Sabadusga ko’ra, Ukraina gaz tranzitini butunlay to'xtatishi kerak.

“Agar Ukraina bu gazni 2025-yilda ham uzatilishiga ruxsat bersa, har xil boshqa yorliqlar ostida, aytaylik, “Ozarbayjon gazi” nomi ostida sotilishiga yo’l qo’ysa, boshqa davlatlar ham “Ukraina shunday qilayotgan boʻlsa, nega biz qila olmaymiz”, deyishlari mumkin”, - deydi u "Amerika Ovozi"ga.

Sabadusning ta'kidlashicha, Germaniyadagi sanoat iste'molchilari “Shimoliy oqim” quvurlari orqali tabiiy gaz yetkazib berilishini yana yo’lga qo’yish uchun bosim o’tkazishi mumkin. Rossiyadan Germaniyagacha cho'zilgan, Boltiq dengizi ostidan o’tuvchi tabiiy gaz quvurlarida 2022-yilda portlash sodir bo’lgan edi.

Ammo Halser fikricha, Ukraina bo'ylab tabiiy gaz oqimini davom ettirish bo'yicha qisqa muddatli kelishuv “Shimoliy oqim”ni qayta ochishga turtki berishi amri mahol.

“Germaniyada yaqin kelajakda Rossiya gazini olish boʻyicha siyosiy konsensus yoʻq”, - deydi u.

Halser Ukraina boʻylab gaz yetkazib berish boʻyicha uchinchi tomon bilan kelishuv barcha tomonlarga foyda keltirishini va Ukraina quvuri tizimiga tijoriy qiziqishni kuchaytirishi mumkinligini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG