Breaking News

Pokiston Eron bilan quvurni bitiradi - AQSh sanksiyasi?


Erondan Pokistonga tabiiy gaz quvuri, Chabohar, 11-mart, 2023
Erondan Pokistonga tabiiy gaz quvuri, Chabohar, 11-mart, 2023

Pokiston hukumati Erondan unga tabiiy gaz tashiydigan quvurni imkon qadar tezroq bitirish payida va buning uchun AQShdan ruxsat so'ramasligini bildirmoqda. Vashingtonning Tehronga nisbatan sanksiyalari bu loyihaga ta'sir qilmaydi, deydi Islomobod rasmiylari, chunki quvurning bitirilishi kerak bo'lgan qismi tamoman Pokiston hududida.

AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomati Donald Lu bu hafta Kongressga hisobot berar ekan, Islomobod bu borada hali so'z ochmaganini aytdi. Biroq, deydi u, Bayden ma'muriyati jarayondan ko'z uzmayapti.

Lu deydiki, Pokiston hukumati Amerika bilan bu masalada albatta maslahatlashishi kerak.

Mamlakatni boshqarib kelayotgan harbiylar quvurning hozircha 80 kilometrini qurishni buyurgan. Eron bilan mazkur hamkorlik 7 milliard dollarlik loyiha bo'lib, uning amaliyotini kechiktirish jarima to'lashni talab qiladi.

Quvur Tehron va Islomobod orasida 1990-yillardan beri muhokamada.

Kelishuv 2009-yilda imzolangan. Unga ko'ra, Eron Pokistonga kuniga 750 milliondan 1 milliard kubometrgacha gaz yetkazib berishi lozim. Yonilg'i Eron janubidagi Pars inshootidan kelishi kerak.

Pokiston tomonda qurilish 2013-yilda boshlangan. Eronda esa 2010-yilda.

Chabohar, 11-mart, 2013: Eronning o'sha paytdagi prezidenti Mahmud Ahmadinajod va Pokistonning o'sha damdagi rahbari Asif Ali Zardariy 7 milliard dollarlik tabiiy gaz quvuri bunyod etilishi boshlanganini tantana qilmoqda
Chabohar, 11-mart, 2013: Eronning o'sha paytdagi prezidenti Mahmud Ahmadinajod va Pokistonning o'sha damdagi rahbari Asif Ali Zardariy 7 milliard dollarlik tabiiy gaz quvuri bunyod etilishi boshlanganini tantana qilmoqda

2011-yilda Eron o'z hududida 900 kilometrlik tizimni bitirganini e'lon qilgan.

Islomobod sustligining sababini AQSh sanksiyalariga bog'lab, jazolanishi mumkinligidan xavotir bildirgan edi. Amerika Eronni yashirin yadroviy maqsadlarda gumon qilib, uning moliyaviy sektoriga qator cheklovlar qo'ygan.

Tehron Islomodni kelishuvni buzayotganlikda ayblab, xalqaro sudga berishi mumkinligi va 18 milliard dollargacha zararni qoplashga majburlashga bel bog'laganini bayon qilgan. Pokiston bu ogohlantirishlarga bosh egib, loyihani yakunlash harakatida.

Energetika importi o'tgan yili Islomobodga 17 milliard dollardan oshiqqa tushgan. Tabiiy gazga talabi kuchli mamlakat zarur mahsulotning uchdan bir qismini chetdan sotib oladi.

Erondan import qilish uchun Pokiston Vashingtondan ruxsat oladi.

Mutaxassislar deydiki, Islomobod qanchalik inkor etmasin, bu masalada AQSh bilan muloqot va murosa qilishdan boshqa yo'li yo'q. Iqtisodiy jihatdan o'tgan yillar ichida yanayam orqaga ketgan davlat Amerikadan yordam oladi.

Mamlakat Xalqaro valyuta fondidan 24-marta qarzdan voz kechishni yoki uni to'lashni kechiktirish uchun izn berishni iltimos qilish arafasida.

Ekspert Naim Yahyo Mir deydiki, Pokiston Eronga gaz uchun dollar emas, boshqa valyutada to'lash bilan ham sanksiyalarni chetlab o'tishi mumkin.

"Ular shundoq ham barter qilishadi. Tomonlar bu borada til topishgan", - deydi Mir.

Mir nazarida aslida Pokiston ishni boshidan shaffof va tezroq olib borishi mumkin edi. Vashingtondan ham balki u bilan murosa qilgan bo'lar edi, deydi mutaxassis.

"Muammo bu yerda Amerikada emas, Pokistonda tizim buzuqligida, uning qat'iyatsizligida".

Aholi talabiga qarab, qadam tashlasa, Pokiston quvurni kengaytirishi kerak bo'ladi. Buning uchun esa ulkan mablag' topishi kerak.

Davlat departamenti rasmiysi Donald Lu Kongress a'zolariga bu haqda ma'lumot berar ekan, Islomobod Eron bilan gaz quvuri loyihasini bitirishi uchun zarur moliyaga ega emas, dedi. Uning aytishicha, xalqaro donorlar yordamlashmaydi, chunk davlat chuqur qarzda.

Vashington, Lu tushuntirishicha, Pokiston xalqi manfaatlari yo'lida madad ko'rsatishga urinadi, muqobil takliflar va tavsiyalar beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG