Breaking News

Eron Yaqin Sharqda o’ziga chox qazimoqdami?


Chorshanba kuni AQSh va Britaniyaning Yamanning bir necha viloyatiga hujumlarida AQSh Markaziy qo’mondonligiga ko’ra xusiylarning otishga tayyor 14 ta raketasi yo’q qilingan. Xudayda, Taiz, Damar, al-Bayda va Saada viloyatlari o’qqa tutilgan.

Xalqaro hayot - 18-yanvar, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:46 0:00

Shu kuni yamanlik xusiylar Qizil dengizda AQShga qarashli “Genko Pikardi” yuk kemasini raketa bilan nishonga olib, unga zarar yetkazgan.

Xusiylar harbiy vakili Yahyo Sarea nafaqat Qizil dengiz, balki Arab dengizida ham Yamanga qarshi tahdidlar bartaraf etilishi haqida ma’lum qildi.

Qo’shma Shtatlar xusiylarning Qizil dengizda tijoriy kemalarga hujumlarini to’xtatishga harakat qilarkan, 17-yanvar kuni xusiylarning “Ansar Alloh” tashkilotini terrorchi guruhlar ro’yxatiga qaytadan qo’shdi. Yamanga gumanitar yordamni yetkazishni osonlashtirish maqsadida AQSh xusiylarni qora ro’yxatdan 2021-yil 16-fevralida chiqargan edi.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbiga ko’ra, Amerikaning mintaqadagi manfaatlarini himoya qilish maqsadida Prezident Jo Bayden hududga qo’shimcha resurslarni safarbar etishni buyurdi.

AQSh va Britaniya Yamanda xusiylarning radar tizimlari, raketa va dron ishlab chiqaruvchi korxonalari hamda ularni uchirish maydonchalarini nishonga olmoqda.

AQShdagi ayrim tahlilchilar Bayden ma’muriyati xusiylarga qattiqroq zarba berishi kerak, deydi.

“Xusiylar Eronning neokolonial loyihasi bo’lib, mafkuraviy dushmani bo’lmish yahudiy davlatiga qarshi kurashish maqsadida Tehron Yaqin Sharqning arab mintaqalarida o’z proksilarini yetishtirishga intilmoqda”, - deydi Vashingtonda asoslangan Demokratiyalarni himoya qilish jamg’armasidan Behnam Ben Taleblu.

Eron G’azo, Livan, Suriya, Iroq va Yamanda ittifoqdosh guruhlarni qurol va pul bilan ta’minlaydi, harbiy tayyorgarlikdan o’tkazadi.

Bir necha kun burun AQSh harbiylari Somali yonida Yamanga yo’l olayotgan qayiqni to’xtatib, Eronda ishlangan ilg’or qurollar uchun komponentlarni musodara qildi.

Eron xusiylarni raketalar bilan ta’minlayotganini inkor etib keladi. Tehron dushman deb bilgan AQSh, Britaniya va Isroil Eronni mintaqa tinchligi uchun tahdid deb biladi. Eronning so’nggi kunlardagi harakatlari musulmon dunyosida ham unga dushman orttirishi mumkin.

Hafta boshida Eron Iroq va Pokistonga raketa va dronlar bilan zarba berdi. Tehron Iroqning Irbil shahrida Isroilning Mossad josuslik tashkilotining agentlari yo’q qilinganini, Pokiston janubi-g’arbidagi Balujiston viloyatida esa “Jayshal Adl” sunniy jangari guruhi nishonga olinganini bildirdi.

Iroq va Pokiston hukumatlari Eron hujumlarini qoraladi. Islomobodga ko’ra, Eron hujumida ikki bola o’lgan.

Iroqliklar norozilik namoyishlari bilan cheklandi, Pokiston esa bugun Eron janubi-sharqidagi Sistan-Balujiston viloyatiga havodan hujum qilib, “Balujiston ozodlik armiyasi” va “Balujiston ozodlik fronti” deb nomlanuvchi jangari guruhlar joylashuvini nishonga olganini ma’lum qildi.

Eron Pokiston hujumida 10 kishi, jumladan to’rt bola va ayollar o’lganini bildirdi, Islomoboddan tushuntirish talab qildi.

Eron va Pokiston nishonga olgani aytilayotgan uchchala guruh ushbu ikki mamlakat doirasida kengroq muxtoriyatga intilayotgan balujlardan iborat, ammo Erondagi guruh Pokistondagilariga aloqadormi, yo’q, ma’lum emas.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Eron va Pokiston vazirlari bilan gaplashganini, hech bir davlat vaziyatning keskinlashishini istamayotganini aytdi.

"Turkiya ham eskalatsiya tarafdori emas, tinchlik darhol tiklanishi kerak deb hisoblaymiz. Har ikki taraf vaziyatni nazoratga olganini aytmoqda”, - dedi u.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi taranglikni bartaraf etish uchun Pokiston va Eron o’rtasida vositachi bo’lishga tayyor ekanini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG