21-noyabr Ukrainaning “Qadr-qimmat va Erkinlik kunida” Rossiya Ukrainadagi Dnepr shahriga yangi turdagi ballistik raketa bilan zarba berdi.
Hujum ketidan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya qit'alararo ballistik raketa qo’llaganini da’vo qilgan. Ammo Prezident Vladimir Putin o’z bayonotida uning davlati “Oreshnik” nomli yangi o’rta masofali raketadan foydalanganini tasdiqladi.
Bundan tashqari, Rossiya qo‘shinlari o'sha kuni Dneprga qarata gipertovushli “Kinjal” va yana yettita qanotli raketa ham uchirgan. Ukraina Harbiy-havo kuchlari o‘zining “Telegram” kanalida bergan xabarga ko‘ra, raketalarning bir qismi yo‘q qilingan.
Zelenskiy hujumlarni “aqldan ozgan qo’shnimiz mamlakatimizdan sinov maydoni sifatida foydalanmoqda”, deya qoraladi.
Aslida, ularda Ukrainada yadro qurolini qo‘llashga nisbatan hech qanday axloqiy cheklovlar yo‘q. Shunga qaramay, ular bu qurolni qo‘llashga jur’at etishmadi.
So‘nggi kunlarda Rossiyaning harbiy faolligi oshdi. Bu Ukrainaga G‘arb tomonidan yetkazib berilgan uzoq masofali ATACMS va “Storm Shadow” raketalari yordamida Rossiyaning Bryansk va Kursk viloyatlariga zarbalar berilgani bilan bog’liq.
Putin Rossiyaning yadro doktrinasini o‘zgartirib, yadro qurolini qo‘llash shartlarini kengaytirdi.
Yadro mojarosi tahdidi qanchalik real va Ukrainaning g‘arbiy ittifoqchilari qanday yo’l tutishi kerak?
Rossiya yadroviy kuchlarining jangovar tayyorgarligini monitoring qilib borish AQSh razvedkasi uchun ustuvor vazifa, deydi yadro quroli bo‘yicha tahlilchi, Bill Klinton ma’muriyatida ilmiy maslahatchi bo’lgan Metyu Bann.
“Bilishimizcha, ular jangovar tayyor holatida. AQSh uchun Rossiya o’z yadro qurolini qo’llashni istagan bir paytda, bunga ishonmaslik ahmoqlik bo‘lardi”, — deydi Bann.
Qanday holatda Rossiya yadro qurolini qo’llaydi?
Bannning so‘zlariga ko‘ra, AQSh razvedkasi Rossiyaning yadro qurolini qo‘llash xavfini jiddiy ravishda oxirgi marta 2022-yil oxirida, Ukraina qurolli kuchlarining Xarkov va Xerson viloyatlaridagi muvaffaqiyatli qarshi hujumlaridan keyin ko‘rib chiqqan.
Uning fikriga ko’ra, agar Ukraina Qrimga jiddiy tahdid tug‘diradigan nuqtaga muvaffaqiyatli yetib borsa (bu ehtimol 50/50 ni tashkil etadi), Rossiya yadro qurolini qo‘llashni tanlashi mumkin.
Vashingtondagi Qurollarni nazorat qilish va tarqatmaslik markazining siyosat bo‘yicha direktori Jon Erat fikricha, Rossiyaning yadro qurolini qo‘llashi ehtimoli past. Chunki so‘nggi ikki yil ichida Rossiya tomonidan belgilangan ko‘plab "qizil chiziqlar" kesib o‘tildi.
"So‘nggi ikki yil ichida biz yadro qurolini qo‘llash bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita tahdidlarning paydo bo‘lishiga guvoh bo‘ldik. Gap Ukrainaga tanklar, “Bredli” jangovar texnikalari, qo‘shimcha “Patriot” tizimlari va F-16 qiruvchi samolyotlarini yuborish haqida ketmoqda. Bu safar esa yadro qurolini qo‘llash siyosatining qog‘ozda o‘zgarishi sodir bo‘ldi. Bu qo‘shimcha qadam bo‘lib, avval bunday bo‘lmagan, ammo u Rossiyaning shunga o‘xshash qadamlariga bergan avvalgi javoblariga mos keladi", – deydi Erat.
U Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushda mavjud barcha turdagi qurollarni hech qanday "qizil chiziqlar" yoki shartlarsiz qo‘llayotganiga e’tibor qaratadi.
"Aslida, ularda Ukrainada yadro qurolini qo‘llashga nisbatan hech qanday axloqiy cheklovlar yo‘q. Shunga qaramay, ular bu qurolni qo‘llashga jur’at etishmadi. Shundan ma’lumki, bu qurol ularga foyda keltirmaydi", – deydi Erat.
Maqsad – G’arbning Ukrainaga yordamini to’xtatish
So‘nggi ikki yil ichida Rossiya bir necha bor yadro qurolidan foydalanish bilan tahdid qilgan. Bu tahdidlardan maqsad G‘arb va Ukrainani qo‘rqitish, deydi ekspertlar.
"Rossiyaning siyosati mamlakatlarni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga majbur qilishga, Ukrainaning urushda g‘alaba qozona olmasligini isbotlashga va Rossiyaga otashkesim shartlarini belgilashga imkon berishga qaratilgan", — deb tushuntiradi ekspert.
Vashingtondagi Demokratiyani himoya qilish fondining xavfsizlik bo‘yicha eksperti Jon Xardi G‘arb Ukrainani zarur bo‘lgan barcha vositalar bilan qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishi kerakligiga qat’iy ishonadi.
“Menimcha, biz Ukrainani Rossiyadagi boshqa nishonlarga zarba berishda ko‘proq raketalar yetkazib berish orqali qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Buning uchun turli choralarni ko‘rishimiz mumkin, masalan, JASSM raketalarini taqdim etish yoki ATACMS raketalarini Ukrainaga eksport qilishni ko‘paytirish", — deydi u.
Shu bilan birga, Metyu Bannning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda yadro urushi xavfi 1962-yildagi Karib inqirozidan beri eng yuqori darajada bo‘lib turibdi, o‘shanda SSSR Kubaga yadro raketalarini joylashtirgan edi. Bannning ta’kidlashicha, bu vaziyatda diplomatiyasiz muammoni hal qilishning iloji yo‘q.
Jon Eratning aytishicha, o‘z vaqtida AQSh va SSSR yadro raketalari sonini 80% ga qisqartirishga muvaffaq bo‘lishgan.
“Sovuq urush davrida AQSh va Sovet Ittifoqi uchinchi jahon urushining oldini olish uchun taxminan 70 mingdan 80 minggacha yadro quroli zarur deb hisoblagan. Vaqt o‘tishi bilan bu raqam juda yuqori ekanligini anglab, ularning soni qisqartirildi. Hozirda dunyoda taxminan 15 mingta bunday qurol qoldi”, — deydi ekspert.
U xalqaro vaziyatdagi keskinlikni inobatga olgan holda, hozirgi vaqtda yadro qurollarini yanada qisqartirish haqida gapirish o’rinsiz ekanini ta’kidlaydi.
Aksincha, yadro qurollarining yangidan ko‘payishi xavfi mavjud, chunki 2026-yilda AQSh va Rossiya o‘rtasidagi Strategik hujumkor qurollarni qisqartirish va cheklash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi shartnoma — SNV-3 muddati tugaydi. Bu yadro qurollarini qisqartirish bo‘yicha amal qilayotgan so‘nggi shartnomadir.