Breaking News

Xitoy hukumati uyg'ur bizneslariga ham raxna solmoqda


Tadbirkor, uyg'urlar lideri Robiya Qodirga tegishli savdo markazi, Shinjon, 6-sentabr, 2009.
Tadbirkor, uyg'urlar lideri Robiya Qodirga tegishli savdo markazi, Shinjon, 6-sentabr, 2009.

Xitoy hukumati yaqinda hech qanday ogohlantirishlarsiz Shinjon avtonom hududida uyg’urlarning savdo va madaniyat markazini buzib tashladi. Binoni portlatish ishlari maxfiy amalga oshirilgani aytilmoqda.

800 dan ziyod bizneslarni jamlagan bu savdo markazi uyg’urlarning haq-huquqlari uchun kurashib kelayotgan, Xitoy qamoqlaridan 2005-yil AQSh hukumati ozod etib, okean ortiga olib ketgan lider Robiya Qodirga qarashli bo’lgan.

Savdo markazi Robiya Qodir 2009-yil isyonlari muallifi sifatida ayblangani ortidan yopib tashlangan edi. Markaz sohibasining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, bir necha yillar avval bu mulkning qiymati 248 million dollarga baholangan.

Robiya Qodir: AQSh kech uyg'ondi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:22:57 0:00

Mahalliy aholining aytishicha, hukumat markaz atrofidagi do’konlarni ikki kunga yopish to’g’risida buyruq bergan. Biznes egalari ikki kundan keyin qaytganida markaz binosi g’oyib bo’lgan.

Uyg’ur ziyolilari va madaniyat vakillari to’planadigan bu binoning buzib tashlanishi ozchilik qatlamining milliy o’zligini toptash sifatida ham baholanmoqda.

Jahon hamjamiyati Xitoy hukumatini uyg’urlarga qarshi genotsid jinoyatida, majburiy mehnat va qiynoq qo’llashda, asossiz lagerlarga qamashda, majburiy sterilizatsiya qilishda, uyg’ur madaniy va diniy merosini tizimli ravishda yo’q qilishga urinishda ayblab keladi.

AQSh hukumati va qator xalqaro tashkilotlar Pekinni insoniyatga qarshi jinoyat va genotsidda ayblaydi.

Bu ayblovlarni keskin inkor etayotgan Xitoy hukumati choralar terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurash ekanini iddao qiladi.

“Shinjonda qo’llangan choralar terroristik faoliyatni samarali qisqartirdi, milliy birdamlik va xavfsizlikni maksimal ta’minladi, Shinjondagi barcha etnik guruhlarning asosiy huquqlari, xususan, yashash, tibbiy xizmatlardan foydalanish va taraqqiy etish huquqlarini himoyaladi”, deyiladi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi 2020-yil bergan bayonotda.

Tanqidchilarga ko’ra esa bu bayonot aslida uyg’urlar va boshqa musulmonlarni majburiy xitoylashtirish, ozchilik qatlamlarini madaniyati, e’tiqodi, tarixi va o’zligidan ayirishga qaratilgan kampaniya mohiyatini aldovlar bilan o’zgartirib ko’rsatishdan boshqa narsa emas.

Robiya Qodirga qarashli savdo markazining buzib tashlanganini Urumchidagi manbalardan tasdiqlab olgan AQShdagi uyg’ur faoli Zumrad Dovud birinchilardan bo’lib 30-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan edi.

Uning aytishicha, xavfsizlik organlari savdo markazini o’rab olgan, surat va videoga olishni taqiqlagan, bino buzilishiga doir xabar tarqatganlar jazoga tortilishini aytgan.

Savdo markazi xalqaro miqyosda ham e’tiborga molik maskan bo’lgan. 1995-yil AQSh-Xitoy savdo aloqalarini mustahkamlashga doir missiya doirasida markazga “Microsoft” asoschilaridan Bill Geyts ham tashrif buyurgan edi.

Bir paytlar Xitoy parlamentida faoliyat yuritgan, 1990-yillarda mamlakatdagi besh millionerdan biri bo’lgan Robiya Qodir xorijga maxfiy axborot yetkazganlikda ayblanib qamalgan edi. Liderning aytishicha, Xitoy hukumati uning singlisini o’ldirib, o’zi va erini, farzandlarini qamab ham o’ch olishdan to’ymadi, oradan uzoq yillar o’tib, savdo markazini buzib tashladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG