Breaking News

AQShda yangi Kongress ish boshladi


AQShda yangi saylangan 119-Kongress 3-yanvar kuni ish boshladi. Noyabr oyidagi saylov natijasiga ko’ra, nafaqat Oq uy, balki Kongressning har ikki palatasi ham respublikachilar nazoratida bo’ladi. Bu esa Donald Trampning kelasi kamida ikki yilga prezidentligini osonlashtiradi.

Xalqaro hayot - 3-yanvar, 2025-yil - G’azo bolalari oziq-ovqat kamomadidan nobud bo’lishi mumkin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:53 0:00

“Prezident Tramp Vashingtonga va Oq uyga qaytib keladi. Senat va Vakillar palatasi respublikachilar nazoratida bo’ladi. Ishlar bu yerda endi tamoman boshqacha bo’ladi”, - deydi Vakillar palatasining spikeri Mayk Jonson.

Jonson o’tgan oy raqib demokratlar bilan hukumatni moliyalashtirishga kelishishi ketidan ba’zilar uning spikerlik lavozimidagi kunlari sanoqli ekanini taxmin qilgan edi.

“Janob Jonson partiyadosh hamkasblaridan ko’p dakka yedi. Lavozimida qolishi uchun uni qo’l bilan sanoqli odamlargina qo’llab-quvvatlayapti”, - deydi Vashingtondagi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Kevin Kosar.

Ammo Jonson spikerlik lavozimini saqlab qolish uchun zarur 218 ta ovozni qo’lga kiritdi. Unga qarshi bo’lgan ayrim qonunchilarga Donald Tramp qo’ng’iroq qilib, Jonsonni qo’llab-quvvatashga ko’ndirgan.

Tramp o’z ijtimoiy sahifasida Jonsonni "mehnatkash, xudojo’y odam” deb maqtadi.

Spikerlik lavozimida Jonsondan oldin ishlagan Kevin Makkarti ham ikki yil oldin partiyadoshlari tomonidan ishonchsizlikka uchragan edi. Uni spikerlikka saylash uchun respublikachi qonunchilar 15 marotaba ovoz berishiga to’g’ri kelgan.

Quyi palatadagi demokratlar milliarder Ilon Maskning Trampga ta’siridan tashvishda. Uning ijtimoiy sahifadagi izohi sabab hukumatni moliyalashga qaratlgan qonun loyihasini tasdiqlash kechiktirildi.

“Mask har xil yolg’onlar va noto’g’ri ma’lumotlarni o’z sahifalarida tarqatyapti. Qonun loyihasiga doir ma’lumotlarni ham”, - deydi demokrat qonunchi Pramila Jayapal.

Senatda 18 yil respublikachilar sardori bo’lgan Mitch Makkonel lavozimini Janubiy Dakotadan saylangan Jon Tyunga bo’shatmoqda.

"Biz nafaqat Bayden-Harris-Shumer siyosati tufayli yuzaga kelgan tartibsizlikni tuzatishga, balki Prezident Trampning ustuvor vazifalarini amalga oshirishga Amerika xalqidan mandat oldik”, - deydi Tyun.

Odatda yangi prezidentlikning va Kongressning ilk 100 kunida katta maqsadlar belgilanadi.

“Tramp tariflarni qattiq oshiradi. Chegaraga, immigratsiya va xususan Meksika va musulmon mamlakatlardan kelayotgan muhojirlarga urg’u beradi. Shundan keyin iqtisodiyot yoki uning gapi bilan aytganda “bozor-uchar”ga doir qonunchilikni qabul qilish uchun savdolashishga kirishadi”, - deydi Jorj Vashington universitetidan Keysi Burgat.

2024-yil saylovi natijasini, xususan Donald Trampning saylovdagi g’alabasini tasdiqlash ham yangi Kongress zimmasida. Bu 6-yanvar kuni kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG