Donald Trampning immigratsiya masalalari bo‘yicha o‘tish davri jamoasiga norasmiy maslahatchi bo‘lgan Kanzas rasmiysi ommaviy deportatsiya natijasida maktablar va cherkovlar kabi nozik joylarda migrantlarning hibsga olinishi ehtimollarini inkor etmoqda.
Ammo Kanzas Bosh prokurori Kris Kobakning fikricha, Tramp AQShda noqonuniy yashayotgan muhojirlarning bu yerda tug‘ilgan farzandlarining fuqarolik maqomini qayta ko‘rib chiqishga sabab bo‘ladigan huquqiy choralar ko‘radi. Shuningdek, u Tramp mahalliy va shtat darajasidagi huquqni muhofaza qilish organlarini migrantlarni hibsga olish va saqlash bo‘yicha harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi degan fikrda.
Kobak so‘nggi yigirma yil davomida noqonuniy immigratsiyani cheklashga qaratilgan respublikachilar harakatining eng mashhur huquqshunoslaridan biri. U, shuningdek, Trampning uzoq yillik tarafdori bo‘lib, federal immigratsiya organlarining Tramp va'da qilgan AQSh tarixidagi eng yirik deportatsiya amaliyotini amalga oshirish uchun shtat va mahalliy hokimiyatlarning hamkorligiga ehtiyoji bo‘lgan holatda muhim ittifoqchi bo‘lishi mumkin.
U “Associated Press” bilan intervyuda Trampning jamoasi bilan, jumladan, chegaralar bo‘yicha rasmiy lavozimga nomzod Tom Homan va Oq uy shtabi yangi rahbarining siyosat bo’yicha o’rinbosari Stiven Miller bilan muntazam aloqada ekanini aytdi.
Quyida intervyuning ayrim qismlari keltirilgan:
Millionlab muhojirlarni deportatsiya qilish mumkinmi?
Trampning ommaviy deportatsiya rejasi tanqidchilari uning millionlab muhojirlarni AQShdan chiqarib yuborish va'dalarini real amalga oshirish mantiqiy jihatdan imkonsiz ekanini ta'kidlamoqda. Ammo Kobak va boshqa Tramp tarafdorlari bu harakatning muvaffaqiyati uchun faqatgina muhojirlarning bir qismini deport qilish kifoya bo‘ladi, deb hisoblaydi.
“Katta ko‘lamli majburiy chora-tadbirlar amalga oshirilgandan so‘ng, ko‘plab odamlar o‘z ixtiyori bilan chiqib ketishni boshlaydi”, - dedi Kobak.
“Agar majburiy chora-tadbirlar, ya'ni deportatsiyani kuch bilan amalga oshirish boshlansa, ko‘plab muhojirlar hibsga olinmaslik uchun o‘z ixtiyori bilan AQShni tark etadi. Ularning soni qancha bo’lishini bilmayman, deport qilinganlar va o’zi chiqib ketganlar soni qo’shilsa, bu katta raqamga aylanadi”, - dedi u.
Nozik joylarda hibsga olishlar haqida nima deyish mumkin?
Muhojirlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar Tramp ma'muriyati maktablar, shifoxonalar va ibodatxona kabi nozik joylarda muhojirlarni hibsga olishdan saqlanishga qaratilgan uzoq yillik siyosatni bekor qilishi mumkinligidan xavotirda.
KOBAK: "Men bunday narsani eshitmaganman... Avvalo, menimcha, o‘quvchilarning hibsga olinishini ko‘rishingiz ehtimoldan yiroq. Diqqat markazida asosan kattalar bo‘ladi, ya'ni olib chiqib ketish choralari ularga qaratiladi."
KOBAK: “Ba'zi joylar hibsga olish operatsiyalari uchun boshqalarga qaraganda qulayroq yoki xavfsizroq bo‘lishi mumkin. Xuddi mahallalarda yuqori tezlikda quvishdan ko‘ra magistrallarda bunday operatsiyalar xavfsizroq bo‘lishi kabi muhojirlarni hibsga olish jarayonida ham jamoatchilik uchun xavfni minimallashtirish kerak.
AQShda tug’ilgan muhojirlarga nisbatan fuqarolikni tugatishga harakatlar bormi?
Fuqarolik huquqi bo‘yicha, AQShda tug‘ilgan har qanday shaxs, ota-onasining huquqiy maqomidan qat'i nazar, fuqarolik huquqiga ega ekanini anglatadi. Tramp bu tamoyilni bekor qilishga va'da bergan, ammo boshqalar AQSh Konstitutsiyasiga 14-tuzatish bu huquqni kafolatlaydi, deb hisoblaydi.
KOBAK: “Tramp ma'muriyati nima qilsa ham, bu masala albatta sudda ko‘rib chiqiladi, chunki bu juda dolzarb masalalardan biridir. Men Tramp ma'muriyatining ikkinchi muddati davomida bu masalani ko‘rib chiqish niyatida qat’iy ekanligiga ishonaman”.
Davlat va mahalliy hokimiyat organlari qanday yordam berishi mumkin?
Tramp ma'muriyatiga AQShda noqonuniy yashayotgan millionlab muhojirlarni deportatsiya qilish bo‘yicha harakatlarida shtat va mahalliy amaldorlarning yordami kerak bo‘ladi.
Federal immigratsiya qonunchiligidagi qoidaga ko‘ra, AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) shtat va huquqni muhofaza qilish idoralari bilan kelishuvlar tuzib, ularning xodimlarini muhojirlarni hibsga olish bo‘yicha vakolatli qilish va o‘qitish imkoniyatiga ega.
KOBAK: “Shtat va mahalliy huquqni muhofaza qilish organlari federal hukumat bilan hamkorlik qilib, muhojirlarni hibsga olish bo‘yicha kuchlarni birlashtirishi mumkin. Bu federal hukumatga yordam berishning eng samarali va muhim yo‘lidir, shuningdek, kundalik nazoratni ta’minlaydi.
Menimcha, bunday keng ko‘lamli deportatsiya dasturini bu yordamsiz amalga oshirishning imkoni yo‘q”.
Immigrantlar qayerda hibsga olinadi?
Prezident Jo Bayden ma'muriyati AQShda noqonuniy yashayotgan muhojirlarni hibsda saqlash uchun Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) tashkilotida mavjud bo‘lgan o‘rinlar sonini kamaytirdi. Biroq, hujjatlar avgust oyida ushbu tashkilot Arizona, Kaliforniya, Nyu-Meksiko, Oregon va Vashington shtatlarida yangi hibsxonalar qurish imkoniyatlari bo’yicha harakat boshlaganini ko’rsatmoqda.
Tramp ma'muriyati muhojirlarni saqlash uchun okrug qamoqxonalaridan foydalanishni rejalashtirishi mumkin. Bu yangi shartnomalar orqali amalga oshiriladi. Kobak, o‘z tajribasini eslatib, ba’zi Texas okruglarida qamoqxonalarning mahalliy jinoyatchilarni saqlash uchun yetarli darajada bo‘sh joyga ega ekanligini ta’kidladi. Bu qamoqxonalardan muhojirlarni saqlash uchun foydalanish mumkin bo‘ladi, bu esa deportatsiya dasturini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.
KOBAK: “Tramp ma'muriyati va immigratsiya sohasidagi odamlar bu muammodan yaxshi xabardor va men ular bilan bu borada suhbatlashganman. Texasning ba’zi okruglarida juda katta qamoqxona binolari bor, ular boshqa okruglar va federal hukumat bilan shartnoma tuzishi mumkin”.