Breaking News

Jurnalistlar Rossiyaga oid haqiqatni yoritish yo’lida o’z xavfsizligini qurbon qilmoqda


Rossiyalik jurnalist Alesya Maroxovskaya, Praga, Chexiya
Rossiyalik jurnalist Alesya Maroxovskaya, Praga, Chexiya

Alesya Maroxovskaya sevimli ishini davom ettirish , Rossiyada bo’layotgan haqiqatlar to’g’risida lavhalar qilish uchun o‘z uyi, vatani, oilasi, do‘stlari va xavfsizligini qurbon qildi.

Rossiya hukumati jurnalistning sharqiy Magadanda yashaydigan ota-onasining uyini tintuv qilib, Maroxovskayaga nisbatan Rossiyaning chet el agentlari to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ayblab jinoyat ishi ochdi.

Pragada “Amerika Ovozi” bilan bo’lgan suhbatda Maroxovskaya o’z qurbonliklarini rus xalqi uchunligini aytdi.

“Ular rossiyaliklarni zaharlamoqda, - dedi u, Kreml propagandasiga bo‘lgan qarashini tushuntirar ekan. – Hozirgi dunyoda axborot eng muhim narsalardan biri va men odamlarning ongini manipulyatsiya qilishga butunlay qarshiman”.

Surgunda faoliyat yuritayotgan rus nashri “IStories”ning bosh muharriri sifatida Maroxovskayaning asosiy maqsadi — propagandani yengib, oddiy rossiyaliklarga haqiqatni yetkazishdir. Biroq buni amalga oshirish jarayonida, hatto Pragada joylashgan bo‘lsa ham, Maroxovskaya va uning jamoasi huquqiy tahdidlar va kuzatuvlarga duch kelmoqda.

Maroxovskaya 2021-yilda Moskva uni “chet el agenti” deb e'lon qilganida ham Rossiyani tark etishni rejalashtirmagan edi.

Aksincha, jurnalist ushbu maqom talab qiladigan qat’iy qoidalarga amal qildi. Oylab u barcha ijtimoiy tarmoqlardagi postlariga — hatto o‘z itining suratlarini ham — “chet el agenti” degan yozuvni qo‘shib yozdi va Adliya vazirligiga moliyaviy hisobotlar taqdim etdi.

“Bu juda tahqirli edi”, - dedi Maroxovskaya.

Shunga qaramay, u Rossiya ichida faoliyatini davom ettirish uchun barcha qoidalarga rioya qildi.

“Men uchun imkon qadar uzoqroq vaqt davomida Rossiyada qolish juda muhim edi. Chunki men Rossiya ichida bo‘lmasdan rus jurnalisti bo‘lishning imkoni yo‘q deb o‘ylagan edim”, - dedi Maroxovskaya.

Ammo Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Moskva mustaqil jurnalistlarga qarshi ta'qiblarni kuchaytirdi. Ko‘p o‘tmay u va “IStories”dagi ko‘plab hamkasblari Chexiya poytaxti Pragaga qochishga majbur bo’ldi.

O'sha paytda Maroxovskaya “IStories” va uning Rossiyadagi asosiy auditoriyasi o'rtasidagi munosabatlar masofa tufayli yomonlashishidan xavotirda edi.

“Biz immigrantlarning mediasiga aylanib qolishdan qo‘rqqan edik. Maqsadimiz Rossiyadagi rossiyaliklar uchun mo‘ljallangan media bo‘lish edi, - dedi Maroxovskaya. – Ammo “IStories” o‘z faoliyatini davom ettira oldi, qo’rquv hali ham bor, lekin hozirda shu sharoitda ham ishlay olishimizga ishonaman”.

Maroxovskaya “IStories” nashrida 2020-yilda nashr tashkil etilganidan beri ishlaydi. Sentabr oyida, 29 yoshida, u nashrning bosh muharriri lavozimini uning asoschisi Roman Anindan qabul qildi va hozirda nashriyotchi sifatida faoliyat yuritmoqda.

“Novaya Gazeta” nashrining sobiq jurnalisti Anin Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini hech qachon kutmagan edi. Ammo u Moskvaning kuchayib borayotgan repressiyalari tufayli jurnalistlar mamlakatni tark etishi mumkinligini oldindan bashorat qilgan.

Anin fikriga ko‘ra, hamkorlikka asoslangan jurnalistikaga e'tibor qaratish “IStories”ning o‘ziga xosligini belgilaydi. Nashr, shuningdek, boshqa ommaviy axborot vositalari yoritayotgan kundalik yangiliklardan ko‘ra, surishtiruvlar va eksklyuziv hikoyalarni chop etishni ustuvor deb biladi.

“Jurnalistlarning asosiy vazifasi — haqiqatni topish, uni qayta nashr etish emas”, - dedi Anin.

Rossiya hukumati “IStories”ni "chet el agenti" va "nomaqbul tashkilot" deb tan olgan. Bu maqom nashr xodimlari, ma'lumot manbalari va tashkilotni moliyaviy qo‘llab-quvvatlovchilarga qarshi jiddiy qonuniy chora-tadbirlar, jumladan, jarimalar, jinoyat ishlari va hatto qamoq jazosi xavfini keltirib chiqaradi.

Vena shahridagi Xalqaro Matbuot institutining Sharqiy Yevropa bo‘yicha mutaxassisi Karol Luchkaning fikriga ko‘ra, ushbu ta'qiblar “IStories”ning ishlari qanchalik ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi.

“Surishtiruv jurnalistikasi, albatta, siyosiy qaror qabul qiluvchilarni eng ko‘p g‘azablantiradigan jurnalistika turidir”, - dedi u.

Nashrning yangi bosh muharriri sifatida Maroxovskaya, ayniqsa, muhim davrda surgundagi Rossiyaning eng nufuzli surishtiruv jurnalistikasi nashrlaridan birini boshqarish vazifasini o‘z zimmasiga olganini aytadi.

Rossiya-Ukraina urushining uch yilligi yaqinlashar ekan, surgundagi jurnalistlarga qarshi Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan tahdidlar kun sayin ortib borayotgani va Rossiyaning kelajagi hanuz noaniq ekanini hisobga olgan holda, Maroxovskaya nashr faoliyatini yanada muhim deb biladi.

Uning ustuvor vazifalaridan biri “IStories” va Rossiya ichidagi auditoriyasi o‘rtasidagi aloqani saqlab qolish, shuningdek, imkon qadar bu auditoriyani kengaytirish yo‘llarini topishdir.

“Rossiyada yashayotganingizda, siz propaganda qurshovidasiz, rus xalqi esa haqiqatni bilishi kerak”, - dedi u.

“IStories” Rossiya ichida Prezident Vladimir Putin va uning urushiga qarshi bo‘lgan odamlarga o‘z xabarlarini yetkazishda muammoga duch kelmayapti. Ammo Maroxovskaya o‘z faoliyatini Putinni ochiq qo‘llab-quvvatlamaydigan, ammo unga qarshi ham chiqmaydigan, noaniq yoki betaraf fikrda bo‘lgan auditoriyaga qaratmoqchi.

"Biz uchun betaraf odamlar qiziq. Ular bizning potentsial auditoriyamiz”, - dedi Maroxovskaya.

“Ushbu strategiyaning bir qismi odamlar bilan muloqotda ularni ajratib qo‘ymaslik, ya’ni fikrlarini chetga surmasdan, o‘zlarini hurmatli his qilishlariga imkon beradigan uslubda muloqot qilishdir", - dedi “IStories” video bo'limi rahbari Artyom.

“Biz ularga ‘siz ahmoqsiz’ yoki ‘siz urush jinoyatchisisiz’ demaymiz, - dedi Artyom. – Biz shunchaki Rossiyadagi haqiqiy hayotni qanday bo‘lsa, shundayligicha namoyish qilamiz. Biz haqiqiy odamlar bilan gaplashamiz, ularning muammolari haqida so‘z yuritamiz. Har doim oddiy odamlar uchun qiziqarli bo‘ladigan narsalarni topishga harakat qilamiz”.

Rossiya davlat ommaviy axborot vositalarida ishlagan sobiq jurnalist Artyom xavfsizlik sababli faqat isminigina yozishni so‘radi.

Video “IStories” uchun asosiy e’tibor markazidir. Sayt o‘z materiallarini “YouTube” platformasida nashr qiladi, u yerda “IStories”ning deyarli 720 000 obunachisi bor. Ko‘pgina videolari esa taxminan 1 million tomosha yig‘adi.

Avgust oyida Rossiya hukumati “YouTube” platformasiga kirishni cheklash uchun yuklanish tezligini ataylab sekinlashtirgandek bo’ldi. Bu o‘z navbatida, Rossiyada “IStories” kabi mustaqil axborot manbalariga kirishni qiyinlashtirdi. Artyom bunday choralar “IStories”ga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan xavotirda.

“YouTube” kanali va undagi videolar katta ta’sir ko‘rsatadi. 2022-yilda Rossiya askari ukrainalik tinch fuqaroni o‘ldirganini tan olgan hujjatli film 2,5 milliondan ortiq tomosha yiqqan edi. Mazkur film Rossiyada sud jarayonining markaziga aylangan.

Hujjatli filmni tayyorlagan jurnalist — hozirda “TV Rain”da ishlayotgan Yekaterina Fomina va “IStories” asoschisi Roman Anin Kreml tomonidan Rossiya armiyasi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatishda ayblangan. Ularning sud jarayoni ular yo‘qligida o‘tkazilmoqda va ular bu ayblovlarni rad etmoqda.

Rossiya hukumati surgundagi jurnalistlarga qarshi turli xil bosim va repressiya usullarini qo‘llamoqda, bu esa “transmilliy repressiya” deb ataladi. Bu jarayonning asosiy ko‘rinishlari yuridik ta’qiblar, kuzatuv, xakerlik va hatto zaharlashga urinishlar kabi holatlardan iborat.

O‘tgan yili bir necha oy davomida Maroxovskaya va uning hamkasbiga tahdidli xabarlar yo‘llangan.

“Bu yerda hayotim xavf ostida, shuningdek, oilamni ham xavfga qo’ymoqdaman”, - dedi Maroxovskaya.

Rossiyaning Pragadagi elchixonasi va Tashqi ishlar vazirligi “Amerika Ovozi”ning izoh so‘rovlariga javob bermadi.

Tahdid darajasi yuqori bo‘lgani sababli, nashrning ko‘plab xodimlari o‘z faoliyatlarini anonim ravishda olib boradi.

“Afsuski, endi bu ishimizning bir qismi, - dedi Artyom. - Biz Kremlda jinoyatchilarga qarshi kurashyapmiz, ular qoidalarga amal qilmaydi, o’zi xohlaganini qiladi, biz esa unga qarshi kurashamiz”.

“IStories” jamoasi uchun Rossiyada sodir bo‘layotgan voqealarni, ayniqsa, Putin rejimining jinoyatlarini hujjatlashtirish va haqiqatni saqlab qolish juda katta shaxsiy qurbonliklarni talab qilmoqda. Aninning fikriga ko‘ra, bu haqiqatni saqlab qolish, ayniqsa, tarixiy davrda juda muhim, chunki bu kelajak avlodlar uchun o‘tmishni to‘g‘ri anglash imkoniyatini beradi.

Maroxovskayaga o‘z yurti foydasi uchun to‘g‘ri ishni qilayotganini bilish tasalli beradi.

“Men uchun hammasi juda oddiy, - dedi u. – Men o'z mamlakatimning vatanparvariman”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG