Lola Tagayeva o‘zining qattiqqo’l rahbar ekanligidan uyalmaydi. Chunki Ona vataning urush holatida bo‘lgan bir paytda, quvg'inda bo’la turib yangiliklar nashrini boshqarish oson emas, deydi u.
“Nazarimda, men bilan ishlash juda qiyin”, - deydi Tagayeva g‘urur bilan. U o‘z jurnalistlaridan “kelajakni ko’ra olishni” va hech kimda yo’q ma’lumotlarni topishni talab qiladi.
“Biz doim ikki qadam oldinda bo’lishimiz kerak”, - deydi u.
Aynan shu yondashuv u asos solgan “Vyorstka” nashrining qisqa vaqt ichida tanilishiga sabab bo’ldi.
Jurnalist 2022-yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan ko‘p o‘tmay, surgunda yangiliklar veb-sayti “Vyorstka”ni tashkil etdi. Hozirda ushbu nashr har oy millionlab odamlarga ma’lumot yetkazadi va Rossiyaning mustaqil ommaviy axborot vositalari maydonida muhim o‘rin egallaydi.
Sibirning Novosibirsk shahrida tug‘ilgan Tagayeva 2019-yil Rossiyani tark etib, Praga shahriga ko‘chib o’tgan. Bu qarorni u qizining xavfsizligi uchun qabul qilgan edi.
“Men hech qachon ko‘chishni xohlamaganman, lekin qizim tug‘ilgach, uning erkin muhitda voyaga yetishini istadim”, - dedi Tagaeva.
Tagayeva Rossiyaning yetakchi mustaqil nashrlari, jumladan, “Novaya gazeta” va “ TV Rain” telekanalida ishlagan. U yillar davomida ishining Rossiyada ijobiy o‘zgarishlarga olib kelishiga umid qilgan, lekin mamlakatning tobora avtoritar rejimga aylanib borayotganini kuzatib, umidsizlikka tushgan edi. Bu esa uning ishiga bo’lgan ishonchiga salbiy ta’sir qilgan.
“Yangiliklar har kuni xuddi apokalipsisdan kelayotgandek og’ir edi”, - deydi Tagayeva.
U jurnalistikada taxminan uch yil tanaffus qildi. Ammo Rossiya 2022-yil fevralida Ukrainaga to‘liq miqyosli bosqin boshlaganida, ko‘plab yangi xabarlar yoritilishi zarurligini va Kreml mustaqil ommaviy axborot vositalariga qarshi yanada qattiqroq bosimni boshlashini tushindi.
“Men qandaydir mas'uliyatni his qila boshladim”, - deydi u. Va shundan so‘ng u “Vyorstka”ni tashkil etdi.
“Vyorstka” so‘zi rus tilida "maket" yoki gazeta bosh sahifasining tuzilishini anglatadi. Nashr 2022-yilning aprel oyida ish boshlagan va hozirda har oy millionlab obunachilarni qamrab olgan, ularning taxminan 70 foizi Rossiyaning ichkarisida joylashgan, deydi Tagayeva.
“Vyorstka”ning muvaffaqiyati, hech bo‘lmaganda, qisman uning tashkil etilgan davriga bog‘liq. Bu davrda Rossiyalik jurnalistlar urush sharoitida o‘z faoliyatini qayta tashkil etish yo‘llarini izlayotgan edi va ommaviy axborot vositalariga bosim ularni surgunga ketishga majbur qilgan, deydi Karol Luchka, Vena shahridagi Xalqaro Matbuot Institutining Sharqiy Yevropa bo‘yicha mutaxassisi.
“Vyorstka” xodimlari katta tajribaga ega bo‘lmagan holda ham Rossiyaning yirik mustaqil ommaviy axborot vositalari oqimiga qo‘shilishga muvaffaq bo‘ldi”, - deydi Luchka “Amerika Ovozi”ga.
Tagayeva “Vyorstka”ning erta muvaffaqiyatining asosiy omili sifatida axborotni tarqatishga bo‘lgan qat’iy e’tiborini ko‘rsatadi. Uning aytishicha, nashr rasmiy ravishda tashkil etilishidan oldin muhim xodimlar jamoaga jalb qilingan.
“Bizda pul yo‘q edi. Xodimlar ham yo‘q edi. Lekin men allaqachon marketing direktori bilan ishlayotgan edim”, - deydi Tagayeva.
Aksar Rossiya yangilik nashrlari kabi, Telegram ijtimoiy tarmog‘i “Vyorstka”ning asosiy platformasi hisoblanadi.
“Men yaxshi tarqatilmagan ommaviy axborot vositalariga ishonmayman, chunki bu shaxsiy blog emas”, -dedi Tagayeva. – “Agar men siz yozgan narsalarni tarqata olmasam, uning bizga keragi yo’q”.
Ehtimol, tarqatishdan ham muhimroq narsa — bu Tagayeva o‘z e’tiborini yetarlicha yoritilmagan masalalarni o‘rganishga qaratganidir.
Kundalik yangiliklar o‘rniga, “Vyorstka” chuqur yoritilgan maqolalar va surishtiruvlarga e’tibor qaratadi — bular o‘quvchilar boshqa joydan osonlikcha topa olmaydigan ma’lumotlar.
Ushbu nashr Rossiyaning ukrainalik bolalarni o‘g‘irlashi haqida xabar bergan birinchi ommaviy axborot vositalaridan biri bo‘ldi.
Ukraina hukumati Rossiya tomonidan 20,000 ga yaqin ukrainalik bola olib ketilganini taxmin qilmoqda. Xalqaro Jinoyat Sudi (XJS) Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va bolalar huquqlari bo‘yicha komissar Mariya Lvova-Belovaga nisbatan ushbu harakatlar bilan bog‘liq urush jinoyatlari uchun hibsga olish orderini berdi. Moskva esa ushbu bolalarni urush hududidan himoya qilganini ta'kidlab, XJSni tan olmasligini bildirgan.
Bunday xabarlarni bera olish imkoniyati jurnalist Anna Rıjkovani “Vyorstka”da ishlashga ishontirdi.
“Biz qilayotgan ishning ahamiyatli ekanligiga hech qanday shubham yo‘q”, - deydi Rıjkova “Amerika Ovozi”ga. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy e'tibor “e’tibor bermaslikning iloji bo‘lmagan” hikoyalarga qaratilgan.
Rijkova Rossiyadagi turli nashrlarda muxbir bo‘lib ishlagan va urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay Gruziyaga ko’chib ketgan. “Vyorstka” tashkil etilganidan beri u shu yerda faoliyat yuritmoqda. 2023-yilda esa Pragaga ko‘chib o‘tgan.
Rıjkova Tagayevaning talablari yuqori ekanligini tan oladi. Biroq, u “Vyorstka”ning murakkab media muhitida muvaffaqiyatga erishishining sababi ham aynan shunda ekanligini ta’kidlaydi.
“Bu xuddi bir kasallikka o‘xshaydi. Dastlab, ish sur’ati unchalik qulay tuyilmasligi mumkin, lekin keyinchalik bunga moslashib ketasiz”, - deydi Rıjkova. – “Vaqt otib Lolaning talablarini biz o‘zimizdan ham talab qilishni boshlaganmiz”.
Tagayevaning fikricha, agar nashrlar faoliyatida o’ziga qulay va qoniqarli holatga tushib qolsa, rivojlanishga intilmay qo’yadi. “Qay holatda bo’lishingizdan qat’i nazar, har doim rivojlanishga imkoniyat bor”, - deydi u.
Bir necha yil ichida uning nashri xodimlar sonini uch kishidan taxminan 50 kishiga yetkazdi — ularning ayrimlari hali ham Rossiya ichida anonim tarzda xabar berishda davom etmoqda.
Urushning uch yilligi yaqinlashar ekan, Tagayeva Rossiyadagi repressiv siyosat va bosimlar kelajakda yosh jurnalistlarning ishlashiga va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan tashvishda.
“Bu, menimcha, biz uchun eng xavfli masala bo‘ladi”, - deydi Tagaeva.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Moskva Kremlning rasmiy xabarlariga bo‘ysunmagan jurnalistlarga nisbatan qattiq qonunlar va jazo choralarini joriy etdi. “Hali ham mamlakat ichida qolayotgan jurnalistlar “yoki jim yurishi kerak, yoki qamoqqa tushadi”, - deydi Tagayeva.
Garchi Tagaeva vatanini o‘z faoliyati tufayli tark etmagan bo‘lsa-da, aynan shu ish uni yaqin orada qaytish imkoniyatidan mahrum qilmoqda. U va “Vyorstka” Rossiya hukumati tomonidan "xorijiy agentlar" deb tamg‘alangan. Tagayeva nashrning boshqa mustaqil rus ommaviy axborot vositalari kabi “nojo‘ya tashkilot” deb e’lon qilinishini kutmoqda. Bunday tamg‘a “Vyorstka”ning Rossiyadagi faoliyatini taqiqlaydi va uning xodimlari hamda manbalarini jarimalar, jinoiy ayblovlar va qamoq jazosi xavfi ostida qoldiradi.
Tagayeva qiyinchiliklarga qaramay, jurnalistik faoliyatini davom ettirishga qat’iy qaror qilgan. Nashrni boshqarish jarayonida orttirgan tajribasi unga ta’sir o‘tkazishning ahamiyatini va qanday qilib haqiqiy o‘zgarishlarga erishish mumkinligini yangicha talqin qilishga o’rgatgan.
“Biz dunyoni o‘zgartirmayapmiz, lekin odamlarga haqiqatni ko‘rishiga yordam berayapmiz”, - deydi u. – “Shuning o’zi biz uchun yetarli”.