Breaking News

AQShda jurnalistlarga tahdidlar kuchaymoqda


Nyu-Yorkda joylashgan Matbuot erkinligi jamg’armasiga ko’ra, joriy yilda AQShda oʻtgan yilga nisbatan uch barobar koʻp jurnalist hibsga olingan. Hujumga uchragan jurnalistlar soni ham o‘tgan yilga nisbatan 50 foizga oshgan.

Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi hisobotiga ko'ra, Qo'shma Shtatlardagi jurnalistlar juda ko’plab tahdidlarga, jumladan, politsiya hujumlari, onlayn ta'qiblar, zo'ravonlik va huquqiy qiyinchiliklar, muammolarga duch kelmoqda.

Bunday holatlarning aksariyati Isroil-Falastin urushiga qarshi namoyishlar chog‘ida sodir bo‘lgan. Masalan, avgustda Chikagoda Demokratik partiyaning milliy qurultoyi ketayotgan vaqtda falastinliklarni qo’llab-quvvatlab ko’chaga chiqqan namoyishchilarni yoritayogan uch fotomuxbir hibsga olingan.

“Politsiya jurnalistlarning huquqlarini buzishga haqqi bor deb hisoblaydi”, - deydi Matbuot erkinligi jamg’armasi ijrochi direktori Trevor Timm.

Ba’zi tahlilchilarga ko’ra, mamlakatda matbuotning erkinligi prezident yoki prezidentlikka nomzodlarning matbuotga qanday munosabatda bo'lishiga ham bog’liq. Masalan, Donald Tramp prezidentligi davrida matbuotni bir necha bor tanqid qilgan va bu negativ pozitsiya hozir saylovlar davrida ham davom etmoqda, deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan tahlilchilar.

Tramp o’z prezidentligi davrida jurnalistlarni muntazam ravishda “korrupsiyalashgan odamlar”, “noxolis”, “xalq dushmani” kabi nomlar bilan atagani yodga olinadi.

Matbuot erkinligi jamg’armasi tadqiqotchisi Stefani Shugars Trampning prezidentlik davrida matbuotga munosabatini o’rganib, o'sha paytda birgina “Twitter” platformasida ommaviy axborot vositalariga qarshi 2000 dan ortiq postlar qoldirganini aniqlagan. Ushbu postlarda alohida jurnalistlar yoki axborot vositalaridan tortib, umuman, matbuot haqida salbiy fikrlar bildirilgan.

Shugarsning ta’kidlashicha, ommaviy axborot vositalarini doimiy tarzda tanqid qilish Tramp faoliyatining bir qismiga aylangan. Prezident Jo Bayden va vitse-prezident Kamala Harris ham ommaviy axborot vositalariga qarshi postlarni qoldirganida, buni albatta hisobotga kiritar edik, deydi u.

Shugars AQShda jurnalistlarga nisbatan qarshi kayfiyat kuchayayotganida boshqa omillar ham borligini aytadi. Lekin uning fikricha, Tramp dushman kayfiyatni kuchaytirmoqda.

Matbuot erkinligi jamg’armasining boshqa vakili Kirsten Makkadden ham shu fikrda.

"Ritorika muhim. Bu olovga yog’ sepishdek gap", - dedi u.

Respublikachilar Milliy qo'mitasi matbuot kotibi Teylor Rojersga ko’ra esa,

Tramp “so‘z erkinligi kurashchisi”.

“Prezident Tramp davrida barcha odamlar, shu jumladan, jurnalistlar ham xavfsiz bo’lgan”, - deydi u.

“Gallup” tahlil markazi ma'lumotlariga ko'ra, jurnalistlarga nisbatan dushman kayfiyat shundoq ham AQShda ommaviy axborot vositalariga ishonch rekord darajada pasayib ketgan bir paytda kuzatilmoqda. Matbuotga qarshi hujumlar vaziyatni yanada yomonlashtirmoqda.

Makkadden yaqin tarixga ham e’tibor qaratadi. U 6-yanvar kuni Kapitoliyda bo‘lib o‘tgan qo‘zg‘olonda 18 jurnalist hujumga uchraganini tilga oladi.

Matbuot erkinligi jamg’armasi hozirgacha saylov bilan bog'liq bo'lgan bir necha qonunbuzarliklarni hujjatlashtirgan.

“Saylov natijalari aniqlanguncha bir necha kun o’tishi mumkin. Ziddiyatlarga to’la davr. Ana shunday keskin davrni yoritishi kerak bo’lgan jurnalistlarning o’zi ham ba’zida xavf ostida qoladi”, - deydi Makkaden.

Shu sabab yaqinda Vashington shahridagi Xalqaro Ayollar Media jamg'armasi mahalliy jurnalistlar uchun saylovlarni yoritishda kasb xavfsizligi bo’yicha treyning o’tkazdi. O’tgan yili tashkilot 13 shtatda 620 dan ortiq jurnalistni shu mavzuda o’qitgan. Tashkilot ijrochi direktori Eliza Lis Munoz fikricha, bu nafaqat saylovlar davrida, umuman kundalik hayotda ham muhim. Chunki Amerikada tobora bo’linish kuchayib bormoqda; bu esa xavfli, deydi u.

Tashkilotning kasb xavfsizligi bo'yicha mashg'ulotlari dastlab jangovar zonalar va xavfli hududlarda faoliyat olib borayotgan jurnalistlar uchun tashkil etilgan edi. Ammo 2016-yilgi AQSh prezidentlik saylovlaridan so‘ng, ommaviy axborot vositalariga hujumlar kuchaygan.

Treningda tartibsizliklarni yoritish va hibsga olish bilan bog'liq masalalar bo'yicha jurnalistlarning huquqlari tushuntirildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG