Nargiza Muxtorova eridan xabar ololmaganda nimadir notoʻgʻri ekanligini darhol sezdi.
Jurnalist va iqtisodchi Farid Mehralizoda har doim Ozarbayjon poytaxti Bokudagi ofisiga yetib kelganini sms orqali xabar berardi. Ammo 30-may kuni u xabar yubormadi.
Uning qayerdaligi haqidagi qoʻrquv bir necha soat davom etdi. Nihoyat u uyga, qoʻliga kishan taqilgan holda va taxminan sakkiz nafar politsiyachi hamrohligida yetib keldi, deb hikoya qiladi Muxtorova “Amerika Ovozi”ga.
"Men sokinlikni saqlashga harakat qildim, uning tashvishini yana-da oshirmaslik uchun. Bu qancha kun davom etishi va keyin nima boʻlishi haqida oʻyladim", – deydi u.
Eri hibsga olingan paytda Muxtorova besh oylik homilador edi.
"Oradan qariyb olti oy oʻtdi, u hali ham uyga qaytmagan. Qizimizning tugʻilishini koʻra olmadi. Qizimiz bir oylik boʻldi, otasi hali ham uni koʻrmadi", – deydi Muxtorova.
Mehralizoda “Amerika Ovozi”ning hamkor nashri “Ozodlik” radiosida faoliyat yuritadi. Uning ishi Ozarbayjonda matbuot erkinligining holatini yana bir bor koʻrsatib berdi.
"Ozarbayjon uzoq vaqtdan buyon inson huquqlarini buzish va ayniqsa matbuot erkinligini cheklash boʻyicha dunyodagi eng yomon mamlakatlardan biri hisoblanadi", – deydi Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasining (CPJ) Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi koordinatori Gulnoza Said.
Nyu-Yorkda joylashgan CPJ maʼlumotiga koʻra, oʻtgan yilning oʻzida Ozarbayjon hukumati kamida 14 nafar jurnalistni hibsga olgan. Koʻplab jurnalistlar moliyaviy firibgarlikda ayblanmoqda, biroq axborot vositalarini nazorat qiluvchi tashkilotlar bu ayblovlarni soxta deb hisoblamoqda.
"Ozarbayjon hukumati eng yorqin va oʻtkir jurnalistlarni ommaviy hibsga olish orqali ularni oʻz faoliyatidan toʻxtatishga qaratilgan misli koʻrilmagan kampaniya boshladi", – deydi Gulnoza Said.
1-iyun kuni Boku sudi Mehralizodani mustaqil nashr boʻlgan "Abzas Media"ga nisbatan qoʻzgʻatilgan ishda "xorijiy valyutani noqonuniy olib kirishda til biriktirish" ayblovi boʻyicha dastlabki qamoq jazosiga hukm qildi. Mehralizoda va “Abzas Media” uning hech qachon ushbu nashrda ishlamaganini taʼkidlamoqda.
Mehralizoda faqat ekspert sifatida oʻz fikrlarini bergan boʻlsa-da, mustaqil axborot vositasida ishlaydigan bir necha jurnalistlar soʻnggi bir yil ichida ommaviy ravishda hibsga olingan.
“Abzas Media” Ozarbayjondagi oxirgi mustaqil ommaviy axborot vositalaridan biri hisoblanadi. U korrupsiya, jumladan, mamlakat hukumatining Aliyevlar oilasi bilan bogʻliq boʻlgan ayblovlari haqida xabar berishi bilan tanilgan.
Avgust oyida, Mehralizoda hibsga olinganidan bir necha oy oʻtgach, hukumat yangi ayblovlarni qoʻydi: "noqonuniy tadbirkorlik, pul yuvish, soliq toʻlashdan boʻyin tovlash va hujjatlarni qalbakilashtirish". Agar barcha ayblovlar boʻyicha aybdor deb topilsa, u 12 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
“Ozodlik” radiosi Mehralizodaning ozod qilinishini talab qilmoqda.
"Biz uning soxta ayblovlar bilan qamoqda saqlanishidan chuqur xavotirdamiz", – dedi “Ozodlik” radiosi prezidenti Stiven Kapus oktabr oyidagi bayonotida.
Mehralizoda hozirda “Ozodlik” radiosining oʻz ishiga bogʻliq ravishda qamoqda saqlanayotgan toʻrt jurnalistidan biridir. Boshqalari Belarusda Ihar Losik va Andrey Kuznechik, Rossiya tomonidan bosib olingan Qrimda Vladislav Yesipenko. “Ozodlik” radiosi barcha jurnalistlarga qoʻyilgan ayblovlarni soxta deb rad etmoqda.
“Ozodlik” radiosi va “Amerika Ovozi”ni oʻz ichiga olgan nashrlarni nazorat qiluvchi AQShning Global media agentligi ham Mehralizodaga qoʻyilgan ayblovlarni rad etdi.
"Jurnalistika jinoyat emas, biroq Faridning holatida koʻrganimizdek, dunyo boʻylab jurnalistlar haqiqatni yoritgani uchun taʼqib qilinishda davom etmoqda", – dedi USAGM rahbari Amanda Bennet.
"Bu shafqatsizlik qoralashga loyiq. Faridning uyga qaytishi va jurnalistlarga nisbatan adolatsiz taʼqiblar tugashi vaqti keldi".
Ozarbayjon hukumati yillar davomida “Ozodlik” radiosining Ozarbayjon xizmatini nishonga olib keladi; jumladan, uning ofisini yopib qoʻygan, veb-saytini bloklagan va jurnalistlarini kuzatish uchun "Pegasus" josuslik dasturidan foydalangan.
"Bizning odamlarmiz, xuddi Farid kabi, oʻz ishlarini katta xavf ostida bajarishadi", – deydi “Ozodlik” radiosining Ozarbayjon xizmati direktori Ilkin Mammadov.
Bu hafta boshida, Ozarbayjonning Vashingtondagi elchixonasi maslahatchisi Vugar Gurbanov “Amerika Ovozi”ga yuborgan elektron maktubida "Ozarbayjonda jurnalistik anʼanalar kuchli" ekanligini taʼkidladi.
"Jurnalistika noqonuniy faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatnoma emas", – deb qoʻshimcha qildi Gurbanov.
Elchixona Mehralizodaning ishi boʻyicha maxsus savollarga javob bermadi.
Mehralizoda hibsga olinganiga qariyb olti oy boʻldi. Muxtorovaning aytishicha, erining ahvoli yaxshi. U vaqtini kitob oʻqish, krossvord ishlash va oilasiz kunlarini qandaydir tarzda oʻtkazish bilan shug’ullanmoqda.
Er-xotin haftasiga bir marta uchrashishga ruxsat olishadi.
"Har dushanba uchrashuvni intiqlik bilan kutamiz, – deydi Muxtorova. - U hayotning quvonchlari va qiyinchiliklarini boʻlishadigan har tomonlama mening sherigim".
Shunga qaramay, "Faridning yangi tugʻilgan qizimizni koʻrmagani ikkalamizning ham yuragimizni ezadi", - deydi u.
"U otalikni sabrsizlik bilan kutayotgan edi. Bu dastlabki onlarni oʻtkazib yuborish unga juda ogʻir", - deydi u.
Mammadovning aytishicha, Mehralizoda Ozarbayjondagi iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik masalalarni yoritish boʻyicha taniqli jurnalist hisoblanadi. U murakkab iqtisodiy siyosatlarning kundalik hayotga taʼsirini oʻquvchilarga sodda qilib tushuntirish borasida mohir.
"Uni oʻziga xos isteʼdodli jurnalistga aylantiradigan narsa – bu hikoya qilish sanʼatini puxta egallaganidir", – deydi Mammadov va Mehralizoda oʻz faoliyati uchun nishonga olinganini qoʻshimcha qiladi.
"Bu jurnalistga nisbatan qasosning ochiqcha koʻrinishidir”, – deydi Mammadov.
Muxtorova bu fikrga qoʻshiladi.
"U har safar koʻzdan chetda qolgan narsalarni ochganida hayajon bilan toʻlardi, – deydi u. – Farid odamlar uchun haqiqatni ochib berishga ishtiyoq bilan yondashardi".
Mehralizoda sudgacha boʻlgan qamoqda kamida dekabr oyi oʻrtalarigacha qolishi kutilmoqda. Ozarbayjonda hibsga olingan koʻplab jurnalistlar kabi, uning kelajagi ham mavhum.