Breaking News

Ozarbayjonda yana bir "nodemokratik saylov"


Ozarbayjonni 20 yildan boshqarib kelayotgan Ilhom Aliyev qayta saylanishi aniq
Ozarbayjonni 20 yildan boshqarib kelayotgan Ilhom Aliyev qayta saylanishi aniq

Yetti nomzodga qaramasdan Ozarbayjonda prezidentlik uchun saylovda raqobat kuzatilmadi. Mamlakatni 20 yildan beri boshqarib kelayotgan Ilhom Aliyev qayta saylandi. 62 yoshli prezident 92 foizdan oshiq ovoz olgan, deya bildirgan Markaziy saylov komissiyasi. Tog'li Qorabog'ning Armaniston nazoratidan Ozarbayjon tarkibiga qaytarilgani Aliyevning nufuzini oshirgan.

Qolgan nomzodlar har doimgidek qo'g'irchoq bo'lib berdi, deydi mahalliy kuzatuvchilar. Saylovning nega erta o'tkazilgani ham tushuntilmagan. Avtoritar tuzumlarga xos manzara.

Ikki muxolif partiya - Ozarbayjon Xalq fronti va "Musavat" nomzodlarini qo'ymagan. Ular nazarida jarayon ochiq va adolatli emas, tizimga ishonch yo'q.

"Ilhom Aliyev qudratni bir umr boy bermoqchi emas. Bunga toqat qilmasligimiz kerak. 20 yildirki, u yolg'on saylov orqali hokimiyatda", - deydi Ali Karimli, Xalq fronti rahbari.

Siyosiy faollar va huquq himoyachilari ham bugungi saylov hech narsani o'zgartirmaydi, degan fikrda.

"Ozarbayjonda demokratik saylov uchun muhit mavjud emas. Uyushish mumkin emas. Erkin fikr bilan chiqish mumkin emas. 250 dan oshiq odam siyosiy mahbus va mahkum", -deydi faol Nasimi Mammadli.

Ozarbayjonda saylov manzarasi, Boku, 2-fevral, 2024
Ozarbayjonda saylov manzarasi, Boku, 2-fevral, 2024

Muxolifatchi Seymur Hazi deydiki, Ozarbayjon erkin saylov nima ekanini bilmaydi, biror jarayon shu kungacha xalqaro me'yorlarga javob bermagan.

"Ko'plab parametrlar bo'yicha bizning saylov aslida saylov emas", - deydi Hazi.

Milliy front partiyasidan nomzod Razi Nurullayev fikricha esa saylovda qatnashmasdan turib, uni tanqid qilish asossiz.

"Saylov erkin va demokratik emas deb o'zingizni olib qocha olmaysiz. Muxolif bo'lsangiz, kurashing, mashaqqatlardan o'ting. Jarayonni o'z ko'zingiz bilan ko'ring. Tajribangizni oshiring, maydonga chiqing", - deydi Nurullayev.

Saylov kuzatuvchisi Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi tahlilicha, Aliyev biror raqibga ega emas, chunki olti nomzodning birortasi uni tanqid qila olmaydi va qilmagan.

Ozarbayjonda o'tgan ikki oyda kamida 10 jurnalist hibsga olingan. Tanqidiy materiallari bilan tanilgan bu fuqarolar moliyaviy jinoyatlarda ayblanmoqda. Ular aslida korrupsiyani yoritishga uringani va korrupsioner rasmiylar nishonida ekanini aytadi.

Bokuda prezidentga ovoz berilmoqda, 7-fevral, 2024
Bokuda prezidentga ovoz berilmoqda, 7-fevral, 2024

Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi mamlakatdagi media muhitni repressiv deya ta'riflab, taqiqlar va to'siqlardan xavotir bildirgan. Tashkilotga ko'ra, Ozarbayjonda matbuot erkinligi yo'q.

Yevropa kengashining parlament assambleyasi Ozarbayjonni o'z tarkibidan chiqarish haqida o'ylanmoqda, chunki uning ham Bokuga ishonchi qolmagan. Tashkilot Aliyev ma'muriyatini soxtakorlikda tanqid qilib, xorijdan saylov kuzatishga munosib bo'lmagan odamlarni chaqirganlikda qoralagan.

Yevropa parlamenti ham saylovni kuzatmadi. Sabab - Bokuga nisbatan ishonchsizlik.

Markaziy saylov kommissiyasiga ko'ra esa "demokratik jarayon uchun barcha sharoit yaratilgan".

Aliyev 2003-yilda prezidentlikka kelgan, otasi Haydar Aliyev vafotidan so'ng. 2008, 2013 va 2018-yilda qayta saylangan. Birortasida uning hokimiyatda adolatli ravishda qolgani qayd etilmagan.

2009 va 2016- yillardagi konstitutsion o'zgarishlar prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga cho'zgan. Bosh qomusga binoan bir kishi prezidentlikka cheksiz marta harakat qilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG